ChAQALOQLAR PARVARISHI

yosh onadan katta e’tibor talab etadi

Oilada farzand dunyoga kelgach, uning parvarishi va tarbiyasida ota-ona muhim o‘rinni egallaydi. Go‘dak voyaga yetguniga qadar oiladagi kattalardan sabr-toqat, metin iroda va mehr-muhabbat talab etiladi. Bolani o‘z vaqtida emizish va uni to‘g‘ri parvarish qilishda onaga ko‘proq mas’uliyat yuklanadi. Bola hayotining birinchi yili davomida ota-onaning butun diqqat-e’tibori uning kun tartibini tashkil etishga, hamda gigiyena malakalari, harakat, ko‘rish, eshitish layoqati va nutqini rivojlantirib borishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Go‘dakni ovqatlantirish, uxlatish, sayrga olib chiqish qat’iy tartibga solinishi kerak.

Bolani tozalikka o‘rgatish

Chaqaloqni har kuni yuvintirish, uning tagini iliq suv bilan yuvib turish bolani tozalikka o‘rgatadi. Go‘dak vannada quvnab, suvni zavq bilan shapillatadigan bo‘ladi. Bola o‘tiradigan bo‘lgach esa (6-7 oyligidan boshlab) unga vannada qalqib yuradigan ochiq rangli o‘yinchoqlar berib qo‘yish mumkin. Mittivoyning kiyim-kechaklarini tez-tez almashtirib turish, kiyimlari va yo‘rgaklarining ozoda bo‘lishiga ona katta e’tibor qaratishi zarur. Uni tagi ho‘lligicha yotqizib uxlatish mutlaqo yaramaydi. Shuningdek, bu pallada bolaning harakat faolligining rivojlantirishda unga yordam berish juda muhim sanaladi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolani qorni bilan yotqizish uning tezda emaklab ketishiga zamin yaratadi. Qorni bilan yotish odatda bolaning o‘ziga ham yoqadi. Chunki, unga bu holatda atrofdagilarni kuzatish osonroq bo‘ladi. Shu holatda yotqizilganida bolaning qorni tagida qattiqroq narsa bo‘lishi lozim. Shuningdek, bu vaqtda uni qarovsiz qoldirib ham bo‘lmaydi. Bola emaklasa uni turli yo‘llar bilan rag‘batlantira borish kerak.

U emaklay boshlaganida sal nariroqqa o‘yinchoq qo‘yib go‘dakning o‘sha o‘yinchoqqacha mustaqil emaklab borishi va uni olishiga imkon berish kerak. Ko‘pchilik ota-onalar bola harakatlarini rivojlantirishda uni emaklashdan ko‘ra o‘tirishga o‘rgatish muhimroq deb hisoblaydi. Bu esa noto‘g‘ri.

Emaklashdan ko‘ra o‘tirishga ertaroq o‘rgangan bola nisbatan zaifroq bo‘ladi. Qorni bilan yotqizib qo‘yilsa u yig‘lashi yoki atrofdagilarga loqayd bo‘lib, boshini past tutgancha harakatsiz yotaverishi mumkin. Bolani o‘tirishga o‘rgata borib, uning hamma tomoniga yostiq qo‘yish kerak emas. Chunki, bunda u passiv holatda, harakat qilmay o‘tirishga majbur bo‘ladi. Bu uning ham jismonan, ham ruhiy jihatdan rivojlanishi uchun zararli hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Bir donasi ham xavfli

Atrof-muhit bilan muloqotga kirishish (ko‘rish va eshitish layoqati, tovush reaksiyalariga javob berish va nutq shakllarini rivojlantirish)ni bolaning uch oyligidan boshlash kerak. Bu davrda u endi atrofdagilarni kuzatadigan, tanish narsalarni farqlaydigan va biladigan, ularga qiziqib qarab, qo‘liga olishga intiladigan bo‘ladi. Shuning uchun go‘dakka shakli, rangi va katta-kichikligi har xil o‘yinchoqlar berib turish kerak. Uch oylik bola ovoz kelayotgan tomonga qaraydigan bo‘ladi. U yaqinlarining ovozlarini taniydi. 5-6 oylik bo‘lganida esa ota-onasini ko‘rishi bilan iljayadi. Kuladi va chaqqon harakatlar qiladi. Atrofidagilarning gap-so‘ziga munosabat ko‘rsata boshlaydi.

Kattalar bola bilan gaplashganda nutq aniq, intonatsiyaga boy va jumlalar qisqa, eng muhim so‘zlarni ajratib gapirish kerak. 7 oylik bola so‘zlarni tushuna boshlaydi. Bunda uni o‘ziga aytilgan tanish narsani topishga o‘rgata borish kerak. 6-7 oyligidan bolani bo‘g‘inlarga taqlid qildira borish, so‘zlarni qanday talaffuz qilishni bolaning ko‘ziga ko‘rsata turib aytish lozim. Bu bolaning diqqatini kuchaytiradi va u gapirayotgan odamga qarab turib, lablarini qimirlatadi.

Chaqaloq qaysi narsaga ko‘proq diqqatini qaratsa, dastlab faqat shuni takrorlashni o‘rgatish kerak. Ochiq rangli yoki ovoz chiqaradigan o‘yinchoqlar, xonadagi ba’zi narsalarning nomini, bola ko‘rib turgan yoki o‘zi bajarayotgan har xil harakatlarni, atrofdagi odamlarning ismlarini tez-tez tilga olib turish lozim.

Turli narsalarni bolaga atayin ko‘rsatib, nomini harakatlarini aytib berish va ularni dastlab katta odam yordami bilan, keyin esa uning iltimosiga ko‘ra mustaqil bajarishga o‘rgata borish (misol uchun, “koptokni olib ber”, “qo‘g‘irchoq qani?”, “uni ko‘rsat” va hokazo) foydali. Bir yoshdan oshgach go‘dak bilan gaplashganda u tushunadigan va talaffuz qila oladigan so‘zlarni ishlatish maqsadga muvofiqdir. Uning tiliga taqlid qilib, chuchuk gapirish, so‘zlarni bolalarcha buzib aytish yaramaydi. Bolaning so‘zlarini noto‘g‘ri talaffuz qilishi uning nutqi rivojlangan sayin asta-sekin yo‘qoladi. Go‘dak to‘g‘ri nutq, yaxshi qo‘shiq, ohangdor musiqani eshitib turishi juda zarur.

Bolani yaxshisi uyqudan so‘ng (agar u turganida tagi quruq bo‘lsa) yoki ovqatlanganidan 15-20 daqiqa o‘tib tuvakka o‘tqazgan ma’qul. Go‘dakni tuvakda uzoq o‘tqazib qo‘yish ham noto‘g‘ri. Chunki, bunda normal fiziologik reaksiyalar susayib qoladi. Yaxshisi bolani tuvakdan olib, birozdan keyin yana o‘tqazish kerak. U tagini ho‘llab qo‘yganidan keyin qayta tuvakka o‘tqazish yaramaydi. Chaqaloqni kechasi uyqudan uyg‘otib tuvakka o‘tqazish ham mumkin emas.

Yana o‘qing:  SARATONNI DAVOLAYDIGAN VAKSINA YARATILDI

Bu haqida malakali psixolog Zebiniso Ahmedova shunday deydi:

Bolani tuvakka tug‘ilganidan boshlab o‘rgatish kerak. Ya’ni, uning tagini tozalayotganda bola bilan gaplashish, ona mehr bilan har bir so‘zni chaqaloqqa tushunarli qilib aytishi lozim. Har safar uning tagi tozalanayotganda bolakayning miyasida ozodolik haqida ijobiy tushuncha paydo bo‘ladi. Farzandingiz aqlini taniy boshlaganida unga tozalik haqida shunday gaplarni aytish mumkin, ya’ni, “bolajonim katta bo‘lib qolding, tuvakka o‘tirishni xohlaganingda menga aytgin, xo‘pmi” qabi so‘zlar bilan muloqot qilish kerak.

Doimo bir vaqtda bolani tagligini o‘zgartirish ham psixologik jihatdan uning o‘sha vaqtni kutishiga ko‘nikma hosil qiladi. Tozalikka qancha ko‘p e’tibor berilsa bola ham shunga o‘rganadi. Shuningdek, bolani tuvakka mustaqil o‘tkazish shifokor tomonidan belgilanadi. Ya’ni, chaqaloqqa olti oylikdan boshlab, qo‘liga o‘yinchoqlar berib qo‘yib, uni urishmay tuvakka o‘tkazish kerak.

Bolaga bu vazifani o‘rgatishda qattiqqo‘llik bilan emas, mehr bilan munosabatda bo‘lish maqsadga muvofiq. Go‘dakka ertak qahramoni sifatida qo‘g‘irchoq hamma joyni iflos qilgani va bu yomon ekanligini uqtirish kerak. Ertak yakunida “Qo‘g‘irchoq shunday yomon ish qilibdi, mening bolam aqlli, o‘zi nima qilishni biladi, nima deysan-a?” deb bolaning fikrini bilishga harakat qilish lozim. Birinchi marta kutilgan natijaga erishish mushkul, bu ko‘p marotaba ijobiy takrorlansa, bola ongida tobora ko‘nikma paydo bo‘ladi.

Bola o‘zi mustaqil tuvakka o‘tiradigan paytda ham tagini ho‘llab qo‘yish va ichning beixtiyor kelishi kabi holatlar kuzatilsa bunda shifokorga murojaat qilish va albatta psixolog yordamida bu muammoga barham berish mumkin. Bu kabi holat bola ruhiyatida qattiq qo‘rqish va mehrga tashnalik sababli yoki nosog‘lom oilaviy muhitda kattalarni o‘ziga e’tiborini qaratish maqsadida ham bo‘lishi mumkin. Tuvakka o‘tirmaydigan bolani sekin-sekin o‘tirishga o‘rgatish kerak. Bu borada ona qachon go‘dakka biroz qattiqqo‘llik qilishni biladi. Me’yor chegarasidagi talabchanlik bilan bu unga kerak ekanligini uqtiring.

Chaqaloqni tuvakka o‘rgatishda unga biror narsaga sotib olmang. Ya’ni, go‘dakka “tuvakka o‘tirsang shokolad olib beraman” kabi iltifot qilmang. Bolaga yalinish ham mumkin emas. Ovozingizni unga biroz balandlatgan holda shuni qilish kerak, deyishning o‘zi kifoya.

Yana o‘qing:  Tunda ishlash semizlikka sabab

Mittivoyni ovqatlantirayotganda, uni yuvintirayotganda, hattoki, ko‘chaga sayrga chiqqaningizda ham u bilan muloqotda bo‘lib turish lozim. Unga kerak ekanligingizni, Siz nimani his qilayotganingizni u ruhan his qilishi zarur. Shunda u sog‘lom va har tomonlama barkamol voyaga yetadi.

Nargiza UGLAMOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: