Kompyuter va telefon salomatlikka qanday ta’sir etadi?
Bugun hayotimizning barcha jabhalariga inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan zamonaviy texnologiyalarning shiddat bilan kirib kelishi, yangidan-yangi imkoniyat va qulayliklarni yaratmoqda, jamiyat taraqqiyoti yuksalishi xalq farovonligining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.
Ilm-fan sohasi tez sur’atlarda rivojlanayotgan XXI asr – axborot texnologiyalari va intellektual salohiyat asri sifatida e’tirof etilayotgani ham bejiz emas. Tabiiyki, ana shunday o‘zgarish va yangilanishlar davrida kishilarning atrofda yuz berayotgan voqea – hodisalarni bilish, o‘rganish va tadqiq etish hamda xulosa chiqarishga bo‘lgan ehtiyoji ham ortadi. Axborot almashuvi jarayonlarining takomillashuvi natijasida televideniye, radio va matbuotdan tashqari yana bir mukammal tizim – internet hayotimizga kirib keldi. Telekommunikatsiya sohasidagi qulay tezkor va zamonaviy usullardan biri bo‘lgan bu tarmoq imkoniyatlarni yanada oshirdi. Undan istalgan ma’lumotni qisqa fursatda olishimiz, foydalanishimiz, bilimlarimizni mustahkamlashimiz va yangiliklardan xabardor bo‘lishimiz mumkin. Chegara bilmas axborot manbaidan foydalanishda ma’lum me’yorlarga amal qilish esa insonlarni turli ommaviy axborot «xuruj»lari, norasmiy manbalarning salbiy ta’siridan saqlashda muhim o‘rin tutadi.
Tarmoq orqali milliy mentalitetimizga xos va mos bo‘lmagan g‘arbona hayot tarzini targ‘ib etuvchi turli sayoz va jangari film, multfilm, shou dastur hamda videoroliklarni tomosha qilish, zo‘ravonlik aks etgan kompyuter o‘yinlarini o‘ynash ayrim yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, turmush tarzi va madaniyatiga salbiy ta’sir qilayotgani sir emas. Bu kabi jamiyatimizga xos bo‘lmagan illatlarning oldini olishda farzandlarimizni tashqi ta’sirlar, ayniqsa, internet va xorijiy telekanallar orqali namoyish etilayotgan g‘arazgo‘ylikni targ‘ib etuvchi vositalardan himoya qilish har birimizning burchimizdir.
Olimlar bergan ma’lumotga ko‘ra, jangari kompyuter o‘yinlari, ayniqsa, bolalarda qiziqqonlik va murosasizlik, atrofdagilarga nisbatan befarq, shafqatsiz munosabatda bo‘lish, o‘z hissiyotlarini ustun qo‘yish, o‘yindagi holatlarni real hayotda takrorlashga bo‘lgan ishtiyoq kabi salbiy holatlar shakllanishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, kundalik turmushda kutilmagan muammo va ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri yosh avlodni jismonan va ruhan sog‘lom, aqlan barkamol qilib voyaga yetkazish, ularni kelajagimizning munosib vorislari etib tarbiyalashga ko‘maklashishdan iborat ekan, bu borada hammamiz farzandlarimiz tarbiyasi uchun birdek mas’ul bo‘lishimiz lozim. Shunday ekan kompyuterdan foydalanayotganingizda quyidagilarga amal qiling:
– oldida bir soatdan ortiq o‘tirmang;
– ko‘z bilan monitor orasidagi oraliq masofa 50 santimetrdan kam bo‘lmasin;
– kompyuter turgan xonani tez-tez shamollatib turing;
– ishlab bo‘lganingizdan so‘ng jismoniy mashqlar bilan shug‘ullaning;
– ko‘z charchashining oldini olish uchun ko‘zni yumib-ochish mashqlarini bajaring;
– ko‘zlaringiz dam olishi uchun choy shamasini xaltachalarga solib yarim soat davomida ko‘zlaringizga qo‘yib yoting;
– noutbukdan faqatgina stol ustiga qo‘yib foydalaning;
Telefon o‘zidan elektromagnit to‘lqinlarini tarqatishini hisobga olib, o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligini muhofaza qilish maqsadida quyidagi tavsiyalarga e’tibor qaratish lozim:
– 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga berish mumkin emas;
– yurak atrofida olib yurmang;
– yotoqxonalarda boshga yaqin saqlash mumkin emas;
– uzoq muddat gaplashish mumkin emas, gaplashishlar orasidagi tanaffus kamida 15-20 daqiqa bo‘lishi tavsiya etiladi;
– telefondan chiqayotgan nurlar miya faoliyati, eshitish va sezish qobiliyatiga salbiy zarar yetkazadi.
Umumiy aloqa telefonlari bo‘lgan taqdirda, albatta, undan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborot-texnologiyalari davrida texnik vositalardan oqilona va to‘g‘ri foydalansak, o‘z sog‘ligimizga zarar yetkazmagan bo‘lamiz.
Bobur DAVRONBEKOV,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
Toshkent shahar boshqarmasi
Shayxontohur tuman bo‘limi sanitariya vrachi