BAG‘RINGDA BAG‘RIM BUTUN…

Qarshi “Muruvvat” uyida mamlakatimizning turli hududlaridan 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanadi. Ularning qiyinchiliksiz o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Keng va shinam yotoqxonalar, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan mashg‘ulot xonalari, sport zali bolalar ixtiyorida. Tarbiyalanuvchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish, salomatligini tiklash uchun fizioterapiya xonalari ishlab turibdi.

– Mazkur maskan 216 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 214 nafar imkoniyati cheklangan bola tarbiyalanmoqda, – deydi “Muruvvat” uyi direktori Vahob Orziqulov. – Ularda o‘z-o‘ziga xizmat qilish va hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida 28 nafar tarbiyachi hamda 110 nafar enaga ishlaydi.

Mazkur muassasada bosqichma-bosqich davolash ishlari olib boriladi. Pedagoglar tomonidan bolalarga o‘qish, yozish o‘rgatilmoqda.

– Bolalarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida hozirgi kunda muassasamizda 4 nafar malakali shifokor va 12 nafar hamshira faoliyat olib bormoqda, – deydi direktorning tibbiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Xayrullayeva. – “Muruvvat” uyining tibbiy bo‘limi barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Bolalar bir yilda ikki marta to‘liq tekshiruvdan o‘tadi. Tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘ini tiklashda nafaqat dori-darmonlar, balki sport hamda turli zamonaviy texnik vositalardan ham keng foydalanilmoqda.

Imkoniyati cheklangan bolalar bilan ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun yakka tartibda ishlash yaxshi samara beradi. Bu amaliyotda sinalgan usul.

– Bolalarimizning biri sportga layoqatli bo‘lsa, yana biri rasm chizishga, musiqa asboblarini chalishga qiziqadi, – deydi N. Xayrullayeva. – Ular har yili turli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.

– Umrimning asosiy qismi shu bolajonlar bilan o‘tayapti, – deydi enaga, “Shuhrat” medali sohibasi Hayitgul Xalilova. – Shu sababli o‘ynab-kulmoqqa, sog‘lom tengdoshlari qatori hayot kechirmoqqa intilayotgan bola jonlarning har biri men uchun o‘z farzandimdek bo‘lib qolgan. Biz ularga bor mehrimizni beramiz, ammo bu norasidalar ota-ona berishi lozim bo‘lgan mehrga tashna… Jismu jonining bir parchasi bo‘lgan dilbandining nogiron, nosog‘lom bo‘lishini hech kim istamaydi. Lekin bolasini bu yerga tashlab ketgancha, qaytib uning holidan biror marta ham xabar olmagan ota-onalar bor. Bolajonlarning ko‘zidan doimo bitta savolni o‘qiysiz. Ular sizni “Ota-onam keladimi, mendan xabar oladimi?” degan o‘y bilan qarshi olishadi.

Яна ўқинг:  БОЛАЛАР ОЁҚ КИЙИМИ

Shu topda menga mungli ko‘zlari bilan tikilib turgan bolajonlarga qarab o‘yga tolaman: “Bu qismat sen uchun taqdir sinovimi yoki kimningdir gunohi, nodonligi kasrimi?”

Muassasada so‘nggi yillarda qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish borasida ham katta ishlar qilindi.

– Viloyat hokimining tashabbusi bilan 1, 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga binolarning isitish tizimi ta’mirlanib, qozonxonalarga yangi nasoslar o‘rnatildi, – deydi Vahob Orziqulov. – 50 o‘rinli oshxona, hammom, kir yuvish xonasi, kichik sport zali va yozgi o‘yingoh qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, binoning bir qismi qaytadan ta’mirlandi.

“Muruvvat” uyidan qaytar ekanman, Hayitgul opaning “Bolajonlar ota-onam keladimi, mendan xabar oladimi, degan o‘y bilan sizni qarshi olishadi”, degan so‘zlari ancha vaqt quloqlarim ostida jaranglab turdi…

Shohista BOZOROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: