YOZNING YORQIN RANGLARI

Inson hayoti tabiat bilan uyg‘un. O‘z davrida ajdodlarimiz xina, o‘sma, surma kabi tabiiy vositalardan kosmetologik vosita sifatida foydalanishgan. Yuz va qo‘llar parvarishida qatiq, sut, qaymoqdan foydalangan bo‘lsalar, tishlar misvokda tozalangan. Qadimgi Rusda qizlar rumyana (yonoqni qizartiruvchi kosmetologik vosita) va lab bo‘yog‘i o‘rnida xom qizil lavlagidan foydalanishgan. Dastlab lab terisini yumshatish uchun uyquga yotishdan oldin qaymoq, sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘laridan (zaytun, pista, zig‘ir, kanakunjut, sedana, bodom, chakanda moyi) surtishgan.

Ayniqsa, turli bayramlarda xotin-qizlar sochlarning o‘zgacha jilolanishiga e’tibor qaratishgan. Musulmon davlatlarida va Hindistonda hozir ham qiz uzatish va Hayit bayrami arafasida xotin-qizlar qo‘l va oyoqlariga xina qo‘yishadi. Xina barglarida lavzon bo‘yovchi moddasi bor. O‘tmishda bu tabiiy kosmetologik vositadan bo‘yoq sifatida ham foydalanishgan va turli xil matolar qizg‘ish va sariq rangga bo‘yalgan.

Shuningdek, hozirgi kunda ham xina foydali xususiyatlari sababli qadrlanadi. Uning yangi uzib olingan barg, poya va gullari yanchilib boshga surtilib, bog‘lab qo‘yilsa bir necha soat o‘tgach sochlar qizg‘ish yoki jigarrang tusda tovlanadi. Xina soch to‘kilishining oldini oladi. Bosh terisidagi diatez va turli teri kasalliklarida ham shifobaxsh ta’sir etadi. Uning quritilgan kukunsimon barglari qadoqlangan holida sotuvga chiqarilgan.

Tayyorlash usuli:

Bir quti xina kukuniga 1 litr qatiq aralashtiriladi. Yoki uni qaynagan iliq suvda ham tayyorlasa bo‘ladi. Bo‘tqasimon massa hosil bo‘lgach, yuvilgan boshga surtiladi. Oradan 40 daqiqa yoki ikki soat o‘tgach sochlaringizni iliq suvda shampunsiz yuvsangiz chiroyli rangga bo‘yaladi.

XITOY ChOYI

Qora va biroz oq aralashgan sochlarni bo‘yashda xitoy choyi qo‘llaniladi. Buning uchun sochlaringizni yaxshilab yuvasiz. Ikki osh qoshiq choyni 1 litr suvda 5 daqiqa qaynatasiz yoki achchiq damlangan choy bilan boshingizni chayib, ho‘lligicha ikki soat boshingizni yuqorida bayon qilingan usulda o‘rab qo‘yasiz.

SURMA TAYYORLASH USULI

Surma asosan sog‘lom, yirik shoxli chorva moli iligidan tayyorlanadi. Buning uchun ilik suyakdan ajratib olinadi va sirli idishda salgina eritiladi. Eritilgan ilikka steril paxta botirib olinadi. Ilik yog‘ini shimdirib olingan paxta chinni yoki sopol idishga solinadi. To‘rtta g‘ishtdan qo‘lbola o‘choq yasaysiz. O‘choq ichiga ilikli idish qo‘yiladi va ustiga sirli lagan havo kiradigan qilib yopiladi. Idishdagi paxtani gugurt bilan yoqasiz. Paxta tutab, asta-sekin yonadi. Uning tutuni lagan yuzasini qoplab olgach, hosil bo‘lgan surmani yog‘och qoshiqda asta sidirib olasiz. Surma shisha idishda quruq va qorong‘u joyda saqlanadi Har kuni uyquga yotishdan avval ko‘zlaringizga surma surtib yotsangiz ko‘z nurini oshiradi.

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA SKRININGI: SOG‘LOM AVLOD KAFOLATI

Qoshu kipriklarga o‘sma va surma qo‘yish, shuningdek, ularni zaytun moyi bilan parvarish qilish ijobiy samara beradi. Ushbu momolarimizdan qolgan azaliy kosmetik vositalar barcha davrlarda ham o‘z jozibasini saqlab qoladi.

XINA VA O‘SMA

Faqat xinadan soch bo‘yashda foydalansangiz, sochlaringiz qizg‘ish-olovrang tusda tovlanadi. Sochlaringiz yoqimli bronza rangli bo‘lishini istasangiz 2/1 nisbatda xinaga quritilgan o‘sma kukuni ham aralashtiring. Teng miqdorda aralashtirilgan xina va o‘sma kukuni sochlarni kashtan rangga bo‘yashda qo‘llaniladi. 1/2 nisbatda xina bilan aralashtirilgan o‘sma tolqoni sochlarni qoramtir rangga bo‘yaydi. Har ikkala o‘simlik kukuni sochlarning uzun-qisqaligiga qarab 0,5 yoki 1 litr qatiqqa aralashtiriladi yoki issiq suvda bo‘tqasimon aralashma tayyorlanadi. Bo‘tqasimon aralashmani sochlarga surtishdan avval ularni yaxshilab yuvish darkor. Xina bilan soch bo‘yasangiz 10-15 daqiqadan so‘ng sochlaringiz sariq tillarang, 45 daqiqadan so‘ng zang rangiga bo‘yaladi. Sochlar 30 daqiqadan 2 soatgacha bo‘yaladi. Bo‘yalgan sochlar iliq suvda sovun va shampun qo‘llanilmasdan yuviladi. Oyda 2-3 marta sochlaringizni tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yab yursangiz sochlaringizga ijobiy ta’sir etadi.

Yana xinani kakao bilan aralashtirib ham sochlarni bo‘yash mumkin. Buning uchun 3-4 choy qoshiq kakaoni bir quti xina bilan aralashtirib sochingizni bo‘yasangiz qimmatbaho qizil daraxt rangi tusiga kirgan sochlaringiz o‘zgacha jilo beradi. Xinaga moychechak tindirmasi aralashtirilsa (bir osh qoshiq moychechak gullari yarim stakan issiq suv quyib tindiriladi) sochlar yorqin tillarang tusda tovlanadi.

Qadoqlangan xina va o‘sma kukunini sotib olsangiz uning qutisidagi yorlig‘ini o‘qib chiqing. Yaroqlilik muddatiga e’tibor bering. Ushbu kukunlarning yaroqlilik muddati 6 oy hisoblanadi. Har ikkala kukunning qutilari yopiq holda quruq, nimqorong‘u joyda saqlanishi zarur.

MOYCHYECHAK

Moychechak damlamasi sochlarga tillarang tus beradi. Shuningdek, bu dorivor vosita oqargan sochlarni bo‘yashda ham ishlatiladi. Tindirma tayyorlash uchun 100 gramm moychechak gullari ustiga 0,5 litr qaynoq suv solinadi va 30-40 daqiqa o‘tgach suzib olinadi. Toza yuvilgan sochlarga tindirma surtiladi. Yaxshi ho‘llangan sochlar ustidan sellofan qalpoq kiyib, ustidan sochiq bilan o‘rab qo‘yasiz. Ikki soat o‘tgach sochlaringiz tilla rang tusga kirib jilolanadi. Ushbu kosmetik muolaja har kuni qo‘llanilsa foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  Insult xavfini 97 foizgacha aniqlay oladi “aqlli” soat

GREK YONG‘OG‘I

To‘rt osh qoshiq maydalangan xom yong‘oq qobig‘i ustiga ikki stakan suv solinadi. So‘ngra 10 daqiqa qaynatiladi. Yuvilgan sochlarga iliq qaynatma surtiladi. Bu qaynatma sochga jigarrang tus beradi.

ZAYTUN YOG‘I

Sochlaringizga har kuni zaytun yog‘i surtib yursangiz, uni oqarishining oldini olasiz.

SOCHLAR PARVARISHI

Sog‘lom soch yumshoq, elastik bo‘lib, tabiiy yaltiraydi. Inson ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Sochlarni doimo parvarishlab, o‘z vaqtida yuvib turish ularning sog‘lom o‘sishiga yordam beradi. Yog‘li sochlar har uch kunda quruq sochlar esa haftada bir marta yuviladi. Boshni yuvish juda issiq suv ishlatish mumkin emas. Chunki, issiq suv boshdagi yog‘ bezlari faoliyatini kuchaytirib yuboradi. Bosh yuvish uchun teridagi qozg‘oq va qichishishni yo‘qotadigan alohida gigiyenik vositalar (shampun, sovun) qo‘llaniladi. Ushbu vositalardan ko‘p foydalanish sochlarga aks ta’sir etishi mumkin. Sochlar iliq suvda yuvib va yaxshilab chayilgan yumshoq, tabiiy tolalali sochiq bilan artiladi. Hamda xona haroratida quritiladi. Sochni quritish uchun fendan tez-tez foydalanish mumkin emas. Chunki, u sochni haddan tashqari quritib, tez sinuvchan qiladi va soch ildiziga ham zarar yetkazadi.

Sochlar to‘liq qurigach tarash lozim. Uzun sochlar pastdan yuqoriga ohista taraladi. Kalta sochlar esa tepadan pastga qarab taraladi. Vaqti-vaqti bilan sochlarning uchlari qirqib turiladi. Bu esa ularning yaxshi o‘sishiga yordam beradi. Haddan tashqari issiq va sovuq ob-havoda bosh yalang yurish sochlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday iqlim sharoitida tabiiy tolali faslga mos bosh kiyim kiyish zarur yoki soyabon tutish darkor.

Sochlar yuvilgach limon sharbati solingan yoki sirka kislotasi (1 litrga yarim choy qoshiq) solingan suvda chayilsa, yaltillaydi.

Guruch

Guruch ivitilgan suvda sochlar yuvilsa, uni o‘stiradi va boshdagi qazg‘oqlarni ketkazadi.

Lavlagi

Qizil lavlagi qapynatilgan suvda ham bosh chayilsa, sochlarni qoraytiradi.

Piyoz po‘stlog‘i

Yetilib pishgan, qalin po‘stloqli qizg‘ish piyoz po‘sti qaynatilgan suvda bosh yuvilsa, sochlar jigarrang tusga kiradi.

Qatiq va zardob

Sut mahsulotlaridan bo‘lmish qatiq va zardob tarkibidagi mineral moddalar va vitaminlar ham soch ildizini mustahkamlab, bosh terisini yumshatadi. Bu oziq-ovqat mahsulotlarini, ayniqsa sutni iste’mol qilib turish yuz terisini tiniqlashtirib, uni oqartiradi. Shuningdek, boshga qatiq surtib, selofon qalpoq kiyib 30-40 daqiqadan so‘ng sochlar iliq suvda shampunlab yoki atir sovunda yuviladi.

Yana o‘qing:  Ota-ona bo‘lishga tayyormisiz?

Tuxum sarig‘i

Soch quruq bo‘lsa, dastlab unga pista yoki kunjut moyi surtiladi. So‘ngra 2-3ta xonaki tovuq tuxumining sarig‘iga ozgina tuz aralashtirilib boshga surtiladi. Ustidan selofon qalpoq kiyiladi va yumshoq sochiq bilan bosh 1-2 soatga o‘rab qo‘yiladi. Keyin sochlar iliq suvda shampun yoki atir sovun bilan yuviladi. Bu muolaja soch ildizini mustahkamlab, uning to‘kilishining oldini oladi. Sochlarni yumshoq va mayin qiladi. Boshda qazg‘oq paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: