Surat va siyrat musavviri

Hazrat Alisher Navoiy ijodini Temuriylar davri madaniyatiga teran nazar solishga imkon beruvchi qomusiy manbaga qiyoslasa arziydi. Ushbu bebaho merosni o‘rganarkanmiz, ulug‘ shoir qalamga olgan mavzular doirasi chegara bilmasligiga guvoh bo‘lamiz. Shoir yashab ijod etgan tarixiy davr “Navoiy asri” deb atalishi nafaqat ramziy, balki real asosga ham ega. Zero, bu davrda ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarida yuz bergan yuksalish Navoiy siymosi bilan bevosita bog‘liq edi. Alloma ijodkor tasviriy san’at taraqqiyotiga ham ulkan hissa qo‘shgani yaxshi ma’lum.

Nafaqat Sharq, balki o‘arb olamida ham shuhrat qozongan Hirot miniatyura maktabining yuzaga kelishi va zamonasining haqiqiy san’at akademiyasiga aylanishida ma’rifatparvar shoirning xizmati katta bo‘ldi. Mutaassibona qarashlardan ozod, ilg‘or fikrlovchi ijodkorlar qatorida Navoiy ham islom san’atida uzoq vaqt davomida ustuvorlik qilgan diniy, ma’rifiy-didaktik an’analar XIV-XV asrga kelib dunyoviy va falsafiy tushunchalar bilan uyg‘unlasha boshlaganini chuqur anglaydi. Shoirning shaxsiy kutubxonasida Mirak Naqqosh, Hoji Muhammad, Sulton Ali Mashhadiy, Kamoliddin Behzod, Yoriy Muzahhib kabi musavvirlar, Hofiz Muhammad, Zayniddin Mahmud, Sulton Muhammad Nur kabi xattotlar ijod etgani ham bunga dalil. Navoiy ko‘pgina umidli mo‘yqalam sohiblarini o‘z atrofida jamlab, ularga ustozlik qiladi. Bu iste’dodli yoshlar keyinchalik sulton Husayn Boyqaro saroyida, so‘ng Eron, Hindiston, Rum hukmdorlarining nigorxonalarida faoliyatini davom ettirib, Sharq miniatyura san’atini Italiya Renessansi bilan bo‘ylashtirgan yuksak cho‘qqiga ko‘tarishdi.

Ulug‘ shoir nafis ijod ahliga homiylik qilish bilan birga, tasviriy san’atning inson ma’naviyatidagi o‘rni, uning badiiy-g‘oyaviy masalalariga ham befarq emasdi. Navoiyning miniatyura, me’morchilik, amaliy san’at kabi ijod turlariga bo‘lgan jiddiy e’tiborini buyuk shoir qalamiga mansub asarlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bu borada, ayniqsa, shoir yaratgan bebaho xazina – “Xamsa”ning to‘rtinchi javohiri “Sab’ai sayyor” dostoni katta qiziqish uyg‘otadi. Ushbu doston Navoiyning san’at borasidagi qarashlari eng yorqin namoyon bo‘lgan asarlardan biri sifatida muhim ahamiyatga ega.

Ta’kidlash lozimki, tasviriy san’at dostonning umumiy g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasi bilan baqamti shaklda talqin etiladi. Ya’ni musavvirlik, me’morlik kabi ijod turlariga asarda yuz beruvchi voqealar bilan uyg‘unlikda nazar solinadi. Jumladan, dostonning muqaddima qismidayoq muallif g‘aroyib tush ko‘rganini, yetti gumbazni sayr etib, Xizrvash pir bilan uchrashganini, u shoirni “Sab’ai sayyor” dostonini yaratishga chorlaganini hikoya qiladi.

Yana o‘qing:  BOLANGIZNING BO‘YI BARVASTA BO‘LSIN

Sanga budur bu qissa isnodi

Ki, solib, yetti qasr bunyodi.

Chun tugatgaysen ul rafe’ qusur,

Solg‘asen yetti qasr aro yetti hur.

Ul sifatkim, alar kelib hamrang,

Topqay ul nav’ ila bular ham rang.

Xizrvash pir tilidan aytilgan yuqoridagi misralar zamirida doston yaratilishi yetti qasr qurilishiga o‘xshatilib, uning muallifi zamonasining ulug‘ muhandis-me’moriga aylanadi. Bu qiyos doston davomida Shoh Bahrom uchun bunyod etiluvchi qasrlarga urg‘u berish bilan birga, shoir zimmasiga katta mehnatni talab etuvchi mushkul vazifa yuklanayotganiga ham ishora qiladi. “Ganja ganjuri” (Nizomiy) va “Hind sohiri”(Dehlaviy)dan so‘ng bu ishni amalga oshirish uchun shoir adabiyot maydonida muhtasham obida tiklashi lozim edi. Me’morlik Temuriylar davrida yuksak san’at darajasida ravnaq topganini hisobga olsak, bu o‘xshatish chuqur mazmunga egaligi ayon bo‘ladi.

Dostondagi asosiy voqealar aynan shoh va musavvir uchrashuvidan boshlanishi ham e’tiborga loyiq. Garchi Moniy obrazi shoirning “Farhod va Shirin” dostonida ham mavjud bo‘lsa-da, unda Sharq olamining afsonaviy musavviri Chin shahzodasiga naqqoshlikdan saboq bergan epizodik qahramon sifatida namoyon bo‘ladi. “Sab’ai sayyor”da esa Moniy asosiy qahramonlardan biriga aylanib, uning ishtiroki voqealar rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Aynan Moniy qiyofasida Navoiyning komil musavvir haqidagi qarashlari yorqin aks etadi. Shoh va musavvir uchrashuvi sahnasida Bahrom hayot lazzatlariga ruju qo‘ygan hukmdor sifatida namoyon bo‘lsa, Moniy, aksincha, yetti iqlim bo‘ylab safar qiluvchi rahnavard donishmand sifatida gavdalanadi. Navoiy uchun prinsipial ahamiyatga ega ikkinchi muhim jihat esa uchrashuv davomida Shoh Bahrom avval Moniyning “so‘z”ini tinglashni istaganida ko‘rinadi. Ya’ni hukmdor birinchi navbatda dashtnavard musofirning tilu zabonidan bahramand bo‘lishni xohlaydi. Faqat shundan so‘nggina Bahrom “lo‘bati xitoyizod” Dilorom suratiga nazar soladi. Bu voqea doston muqaddimasida Navoiy alohida e’tibor qaratgan “ham avval so‘zu ham oxir so‘z” g‘oyasiga mos kelib, shoir so‘z barcha ijod turlari, xususan, tasviriy san’at uchun ham poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlaydi. Demak, Navoiy nazaridagi ideal musavvir – avvalo, so‘z san’atidan, dunyoviy ilmlardan xabardor bo‘lishi lozim. Moniyning “Ko‘p bilik birla xotirim ma’mur, Lek tasvir ila bo‘lub mashhur” degan so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.

Navoiyning afsonaviy musavvirga bergan ta’riflari orasida “suratgar” so‘zining uchrashi ham tasodif emas. Bu aslida “zargar” so‘zining islohi hisoblanib, mazmuniga ko‘ra “surat zargari”, bugungi tilda “portret ustasi” ma’nosida keladi. Shoir bu orqali Moniy portretlari zargarona mahorati, go‘zalligi va nafisligi bilan ajralib turishiga urg‘u bergan. Shu bois Shoh Bahrom Diloromning nafis suratini ko‘rganida qimmatbaho javohir bilan yuzlashgandek, hayratga tushadi. Ammo Bahrom tabiatidagi bu evrilish birgina estetik taassurot natijasida yuz bermaydi. Navoiy tasviriy san’at insonning ichki ruhiyatiga, qalb dunyosiga ta’sir etish qudratiga ega ekanini yaxshi biladi va shu sababli asosiy e’tiborni Bahromning siyratida, ichki olamida yuz beruvchi psixologik o‘zgarishlarga qaratadi. Dilorom suratini ko‘rgan zahoti Bahrom hech kimga so‘z demay, sukutga ketib, oqshomga qadar suratdan ko‘z uzmaydi. Shoh elchilari Dilorom qo‘lini so‘rash maqsadida Xitoy xoni huzuriga jo‘naganidan so‘ng ham surat va musavvir yor ishqida yonayotgan Bahrom uchun yagona ovunch bo‘lib qolaveradi.

Yana o‘qing:  Vatan ravnaqi – el saodati

Noma hoqong‘a dog‘i topti vuqu’,

Anga bo‘ldi baho husuli ruju’.

Bilib ul xayl azm ishin lozim,

Bo‘ldilar aytqon taraf ozim.

Qoldi Bahromu notavon joni:

Ilgida surat, ollida Moniy.

San’at insonga taskin berishi, xasta ruhiyatiga shifo bag‘ishlashi haqidagi g‘oya dostonning keyingi voqealarida ham poetik ifodasini topadi. Bahrom sevikli yoridan ayrilgach, muhabbat dardiga chalinib, vujudi xasta va zaif ahvolga keladi. Bundan xavotirga tushgan saroy a’yonlari to‘rt yuz tabibni chorlab, ikki yil davomida shohni davolashadi. Bahromning beholligiyu devonaliklari kamaygach, to‘rt yuz alloma shoh uchun go‘zal imoratlar qurishga kirishish kerakligini maslahat beradi. Tabiblarning fikricha, qasrlarning qurilish jarayoni, ularni bezagan naqshu nigorlar shohni sog‘aytirishi, uning dardiga shifo berishi lozim edi. Nihoyat bu ish yakuniga yetgach, shoh a’yonlari Moniyga “Sihhatig‘a yana sabab bo‘lg‘il” deya qasrlarni bezatishga yordam berishini so‘rab murojaat qilishadi.

Moniy mamlakatdagi bor naqqoshlarni to‘plab, har biriga alohida ish topshiradi. Ustalarni naqshbandlik, zarkorlik kabi sohalar bo‘yicha yetti guruhga ajratib, ularga ishboshilar tayinlaydi. O‘zi bo‘lsa amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar rejasini tuzib, naqqoshlar ishini nazorat qiladi. Dostonning ushbu boblarida bunyodkorlik ishlari yuksak mahorat bilan tasvirlanishi, albatta, o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Bunyodkorlik jarayoni shunday ishonarli va izchil hikoya qilinadiki, shoirning o‘zi ham me’morlik va amaliy san’at sohalari bilan yaqindan tanishligi sezilib turadi. Navoiy Hirot hamda saltanatning turli hududlaridagi bunyodkorlik ishlariga boshchilik qilganini hisobga olsak, buning ajablanarli joyi yo‘q. Shu sabablimi, shoir qalamga olgan yuqoridagi voqealar hayotiyligi bilan ajralib turadi. Kamoliddin Behzodning “Havarnaq qasrining qurilishi” nomli mashhur miniatyurasiga monand tarzda Navoiy ham bunyodkorlik jarayoni tasvirida zamondoshlari timsoli, real voqea va holatlardan keng foydalangan.

Yuqorida keltirilgan misollar “Sab’ai sayyor” dostonida tasviriy san’at talqini tasodifiy emas, balki aniq izchillikka ega ekanini ko‘rsatadi. Bu jarayon asardagi voqealar rivoji bilan uyg‘unlikda kechgani uchun ham tabiiy va hatto zarur badiiy xususiyat sifatida qabul qilinadi. Yetti qasrni bunyod etish va bezash ishlari yakunlanganidan so‘ng asarning asosiy negizini tashkil etuvchi yetti hikoyat bayoni boshlanadi. Aynan shu jarayonda tasviriy san’at uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kolorit tushunchasining go‘zal talqinini ko‘ramiz. Yetti qasrning har biri alohida rangda bezatilib, shoh navbatma-navbat ularda bazm quradi. Har bir rangga xos xususiyatlar hafta kunlari, qasrlarning umumiy ruhiyati, musofirlar tomonidan so‘zlanuvchi yetti afsona mazmuniga ham ko‘chadi. Bu jarayonda shoir qasr interyeri, qahramonlar libosiyu bazm ashyolaridagi rang ifodalarini ham nazardan qochirmaydi. Buni hozir Oksfordning Bodliyan kutubxonasida saqlanayotgan “Xamsa” dostonlarining XVI asrda Hirotda ko‘chirilgan nusxalari uchun ishlangan betakror miniatyuralar misolida ham yaqqol ko‘ramiz. Shubha yo‘qki, ushbu go‘zal san’at asarlarining yaratilishida Navoiy qo‘llagan tasviriy detallar asosiy ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan.

Yana o‘qing:  “O‘tkan kunlar” endi 18+ bo‘ladimi?

“Sab’ai sayyor” dostoni asosidagi kuzatishlarni xulosa qilarkanmiz, Hazrat Alisher Navoiy o‘z davrining yetuk tasviriy san’at bilimdoni bo‘lganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Zotan, Navoiy aslida buyuk so‘z musavviri. U o‘z davrining mutafakkir ijodkori sifatida tasviriy san’atning amaliy va nazariy masalalari, musavvir, me’mor va hunarmandlar ijodining o‘ziga xos jihatlari haqida keng ma’lumotga ega bo‘lgan. Ulug‘ shoir ana shu tajribalardan adabiy ijodda keng foydalanib, so‘z va tasvir san’atlarini musavvirona mahorat bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lgani ulkan yutuqdir. Kelajak avlodlar uchun ibrat bo‘lib xizmat qiluvchi ushbu muhim jihat bugungi kun rassomlarini, tasviriy san’at ijodkorlariyu san’atshunoslarni Navoiy ijodiga yanada teran nazar solishga, qunt bilan o‘rganishga undashi lozim, deb o‘ylaymiz.

 

Azizxon IMOMOV

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetaci saytidan olindi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: