Sokin zamin osuda hayot kafolatidir

Xotira insonlarni o‘tmish va buguni bilan bog‘laydigan kechmishdir. Birgina bevaqt yo‘qotgan aziz insonimizni qanchalik o‘kinch va mehr bilan yodga olsak, Vatan tinchligi, uning osoyishtaligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan, jon fido qilgan vatandoshlarimizni esa o‘zgacha bir tuyg‘u bilan eslaymiz, ularga nisabatan faxr hissini tuyamiz.

Chunki, xotira ota-bobolarimiz, yaqinlarimizga nisbatan mehr-muhabbat, muruvvat tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu sabab ham har yili keng nishonlanadigan 9 may – Xotira va qadrlash kunida Ikkinchi jahon urushida mardanovor halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz yodga olinadi, balki, yonimizdagi yaqinlarimiz xolidan ham xabar olinib, ular yana bir bor qadrlanadi. Qolaversa, ushbu sanada xalqimiz boshiga tushgan og‘ir kulfatlar, noxush voqealarni xotirlash ham o‘rinlidir. Jumladan, bundan 50 yil muqaddam, aniqrog‘i, 1966 yil 26 aprelda yuz bergan Toshkent zilzilasi qurbonlari ham shu kunlarda yodga olinmoqda. O‘sha mash’um zilzila natijasida shaharning 1, 5 mln. aholisidan 300 ming nafari boshpanasiz qolgan, poytaxtni qayta qurilishiga esa uch yarim yil vaqt kerak bo‘lgan. Bu ezgu ishlarda esa qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz jasorat ko‘rsatgan.

Shu munosabat bilan Fuqaro muhofazasi institutida mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi hamkorligida bo‘lib o‘tgan seminarda ham o‘sha mash’um sana yana bir bor yodga olindi. Shuningdek, yer silkinishlarining kelib chiqish sabablari, ularni bashoratlash, yurtimizda seysmologiya sohasining rivojlanishi, favqulodda vaziyatlar profilaktikasiga doir bir qator ma’lumotlar berib o‘tildi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Zilzilani simulyasiya qilish markaziga uyushtirilgan sayohat orqali ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlari uchun qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash lozim, dunyo miqyosida 20 dan ortiq davlatda zilzilani simulyasiya qilish qurilmalari mavjud bo‘lib, yurtimizdagi kabi majmua faqat Yaponiyadagina bor. Markazni barpo etishda jahon tajribasi o‘rganib chiqilgan va Yaponiya tajribasi asos qilib olingan. Zilzila simulyatori Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Gumanitar yordam bo‘yicha Yevropa Komissiyasi Departamenti ko‘magida barpo etilgan.

Ushbu markaz “Zilzila tarixi” muzeyi, relaksatsiya, tibbiyot xonalari, ekspozitsiya, konferensiya zallari, o‘quv sinfi, simulyasiya xonalarini o‘z ichiga oladi. Ularning har biri aholi bilim va malakasini oshirishda ma’lum bir vazifani bajaradi. Jumladan, “Zilzila tarixi” muzeyi zilzila, uni o‘rganish tarixi, yuz berish sabablari, prognozlash sohasida olib borilayotgan ishlar, respublikamizda yuz bergan kuchli zilzilalar, ushbu tabiiy ofat kuchini o‘lchash va qayd qilish qurilmalari to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Yana o‘qing:  ORZULAR USHALGAN KUN

Tibbiyot xonasi esa tinglovchilarni tayyorlashda ikki maqsadni ko‘zda tutadi. Birinchisi, tinglovchilarni iqtisodiyot ob’yektlarida tashkillashtirilishi lozim bo‘lgan tibbiy punkt va uni jihozlashga bo‘lgan minimal talablar bilan tanishtirishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi maqsad tinglovchilar bilan “Gosha” trenajerida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkaziladi.

Shuningdek, Relaksatsiya xonasida stressni nazorat qilish, o‘zini qo‘lga ola bilish, tezlik bilan kuchni tiklash va safarbar qila olishlik, ya’ni ekstremal vaziyatlarda o‘zini boshqara olish qobiliyati rivojlantiriladi. Qolaversa, bu xonada bo‘shashtiruvchi musiqa tinglash, efir moylari iforidan bahra olish, tabiat manzaralarini tomosha qilish mumkin. Ushbu stimul beruvchi omillarning birgalikda ta’sirida inson stressdan xalos bo‘ladi, bo‘shashadi. Sokin ranglar kishini xotirjam qiladi, yarim qorong‘u xona dam olishga undaydi.

Ekspozitsiya zalida esa zilzila vaqtida vayron bo‘lgan uylar va xavfli kimyoviy ob’yektlarning maketlari, tabiiy ofat vaqtida va undan so‘ng kerak bo‘ladigan zahira namunalari, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar o‘rin olgan. Aholining zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga doir bilim va malakasini oshiruvchi vositalardan biri sifatida zilzilani simulyasiya qiluvchi qurilma alohida o‘rin egallaydi. Bu esa markazning aynan simulyasiya xonasida mavjud.

Ushbu qurilma tabiiy ofatga tenglashtirilgan, magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 7, 7 gacha, kuchlanishi MSK-64 shkalasi bo‘yicha IX-X ballgacha bo‘lgan zilzilani hosil qila oladi. U vertikal silkinish va gorizontal tebranma harakatlarni amalga oshiradi. Zilzila simulyatori aholini tayyorlashda bir necha vazifani bajaradi, ya’ni, yer silkinishi vaqtida aholi panoh topishi mumkin bo‘lgan xavfsiz joylarni topishni o‘rgatadi.

Fuqarolarni yer silkinishi vaqtida to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlashning bunday izchil usuli o‘z samarasini bermay qolmaydi. Zero, markazda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar amaliy bo‘lib, bunda aholi favqulodda vaziyat bilan bog‘liq holatlarda shaxsan ishtirok etadi va olingan amaliy ko‘nikma, uning xotirasida bir umr muhrlanib qoladi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda yer silkinishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish, talafotlarini kamaytirish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublikaning turli hududlarida turli kuch bilan yer silkinishini ko‘rsatuvchi umumiy seysmik rayonlashtirish xaritasi 2011 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan 2011 yil dekabrda tasdiqlangan qurilish me’yor va qoidalariga asosan, seysmobardoshli imoratlar va inshootlar qurilmoqda.

Yana o‘qing:  Bolakayning sabog‘i

 

Seysmobardoshli imorat qanday bo‘ladi?

Respublikamizning turar joy fondining katta qismini mahalliy materiallardan qurilgan xususiy uylar tashkil etadi. Ularni qurishda devorbop material sifatida pishiq va xom g‘isht, paxsa va sinchdan keng foydalaniladi.

– Hozirgi kunda qurilayotgan uy-joylar, ayniqsa, namunali turar joy binolarini bemalol zilzilaga bardoshli deyish mumkin. Xonadon egalari o‘zlari yashab turgan xonadonda xonalarni kengaytirish bo‘yicha qilayotgan o‘zgarishlarga jiddiy ahamiyat berishi kerak. Bilib-bilmay qilingan harakat imoratning bardoshliligini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, yangi hovli-joy qurilayotganda imoratning poydevori va ustki qismini yopishda belgilangan qonun-qoidalarga amal qilish lozim bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi akademigi Shamil Hakimov.

 

Zilzila vaqtida inson o‘zini qanday tutishi lozim?

Zilzila sodir bo‘lgan paytda sizda o‘zingiz va yaqinlaringizning xavfsizligingizni ta’minlash uchun soniya yoki 2-3 daqiqa vaqtingiz bo‘lishi mumkin. Bu holat esa ko‘pchilikni sarosimaga soladi. Lekin yer silkinishining qachon tugashini kutib tura olmaysiz. Bunday hollarda aslo qo‘rquvga tushmaslik, aksincha, xotirjamlik va o‘zini o‘zi idora qila olishlik lozim.

Agar siz birinchi qavatda istiqomat qilsangiz, zudlik bilan uyni tark eting, imkon boricha binodan uzoqroqqa, ochiq maydonga chiqing. Agar ko‘p qavatli uyda tursangiz, devorning ichki joyida, uy burchaklari, eshik yoni va stol osti siz uchun xavfsiz joy hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda uy yo‘laklari, lift, deraza yonlarida aslo turmang. Bundan tashqari har bir xonadonda xavfsizlik qutisi bo‘lishi ham maqsadga muvofiqdir. Undan shaxsiy hujjat, zarur dori-darmon, bint, fonar, qo‘shimcha quvvatlagich, issiq kiyim, suv, 2-3 kunga yetarli qadoqlangan yengil oziq-ovqat, sham, gugurt, sinmaydigan idish, batareykali radiopryomnik mavjud bo‘lishi kerak.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi O‘rtayer dengizi – Osiyo seysmik kamarida joylashgan bo‘lib, ushbu mintaqaga dunyo bo‘yicha sodir bo‘ladigan zilzilalarning 15 foizi to‘g‘ri keladi. Shu tufayli ham aholining yer silkinishi vaqtida to‘g‘ri harakatlanishi borasida o‘quv mashg‘ulotlar, suhbatlar, ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish yaxshi samara beradi.

Muxtasar qilib aytganda inson hamisha tabiat oldida ojizdir. O‘zaro mutanosiblik, uyg‘unlik har ikki tomonning manfaatiga xizmat qiladi. Bordiyu, borliq oldida inson hukmronlik qilishga urinar ekan, bunda tabiat muqarrar hukmini o‘tkazishi tayin.

Yana o‘qing:  Erta nikoh – kelajak zavoli

 

Zahro ILYASOVA,

Muhiddin TINIBEKOV,

Fuqaro muhofazasi instituti o‘qituvchilari

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: