Oftobagul kashtalar

Piru badavlat momolarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan amaliy bezak turlarining eng qadimiy va keng tarqalgan turi kashtachilikdir. E’tibor bergan bo‘lsangiz har bir qatim ipakka jon baxshida etib, dil tuyg‘ularini go‘yo bejirim gullar jilosiga ulab, ko‘z-ko‘z etayotgan qiz-juvonlarning nozik barmoqlari chindan-da mo‘jiza yaratmoqda. Ha, xalqning hayoti va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan san’at turi qo‘li gul chevarlar tomonidan asrlar osha yanada sayqallanib kelinmoqda.

XIX asrda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Nurota, Shahrisabz, Jizzax, Farg‘ona kabi katta-katta kashtachilik markazlari bo‘lgan. Mazkur kashtachilik maktabida liboslarga tikilgan kashtalar alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, ushbu maktablarda o‘ziga xos uslub va ranglar mutanosibligi mavjud. Liboslarning yeng va old qismi hamda etak qismiga tikilgan naqshinkor serjilo naqshlar, zanjirsimon chiziqli kashtalar yoki gul chetiga zeb berilgan zarli ipak bezaklar unga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi.

Buxoro so‘zanalari, Shahrisabz kashtalari mayda gul barglari bilan, Boysun kashtachiligi qiyiq kompozitsiyalari bilan, Nurota kashtachiligi esa o‘ynoqi naqshlari bilan kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Samarqand kashtachiligida alohida ahamiyat kasb etuvchi so‘zanalar esa har bir kelinchakning sepini nurga to‘ldirib turgan. Undagi tabiiy tasvir bo‘lgan anor guli mehr ramzi hisoblangan bo‘lsa, gezagidagi naqshinkor yo‘l chiziqlari hayot davomiyligini aks ettirgan. Kelinlar uchun tikilgan kashtalarda gullayotgan tabiat ramzini ifodalaydigan Samarqand kashtachiligida uni tikish uchun yigirilgan paxta, jun iplar hamda shohi ipaklardan foydalanilgan. Gul tasviri ko‘rinishi asosan qizil rangda bo‘lgan. Bu yerda qo‘llanilgan naqshlardan yana biri «Oftoba» bo‘lib u halqa ichiga joylashtirilgan. Oftoba halollik va poklik ramzi sifatida ulug‘langan. Keyinchalik yashil rang o‘rnida ishlatilgan qora rang ham bejirim gullarni yanada xushchiroy bo‘lishiga xizmat qilgan. Ranglarning bunday almashinuvi XIX asr oxiriga kelib yuz beradi. Qizil, qora va oq ranglarning o‘zaro muvofiqlashuvi Samarqand so‘zanalarining xilma-xil kashtalardan ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolgan. Keyinchalik ushbu bezakdor so‘zanalar bilan birga, guldor bolipo‘shlar ham urfga kirgan.

Xalqimiz orasida «Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r», – degan maqol bor. Bo‘yi cho‘zilib qolgan sarv­qomat qizlarning buvilari, onalari yonida turib turfa xil so‘zanayu yostiqlar tikishi shu uyga ezgulik keltirishidan darak bergan. Kelinchakning sepini to‘ldirib turuvchi bunday bolipo‘shlarning gullari qalampirnusxa ko‘rinishida nihoyatda bejirim bo‘lgan. Yana kelinchakning uyidagi taxmonlar ustida taxlanib turgan turfa gulli yostiqlar va unga mehr bilan zarli ipakda tikilgan yaltiroq naqshlar uy bekasining qanchalik didili ekanligini bildirgan. Samarqand kashtalari qadimiy merosdan muayyan jihatlarini qabul qilish bilan birga o‘zining xususiy badiiy yo‘nalishini ham hosil qilgan. Kashtado‘zlar asrlar davomida milliy bezakdorlikka intilib yashagan. Shu bois ham kashtachilik san’ati avloddan-avlodga o‘tib yanada sayqal topib borgan. Eng quvonarlisi, gullarni ifodalab turgan qatim ipaklarning rangi yillar o‘tsada o‘z ko‘rinishini yo‘qotmay saqlanib turgan. Chevarlarning turfa ko‘rinishdagi gullarga mos rang tanlab, uning chetini aylana, uchburchak yoki to‘rtburchak shaklda ingichka chiziqli jilo berib tikkan kashtalari uni yanada boyitgan.

Yana o‘qing:  Hunari borning – hayoti obod

Qarang, mana bu quyoshli ayvon sahnida o‘tirgan onaning yonidagi navnihol qizi qo‘liga ip va igna olib momolaridan meros kashtachilik ilmini o‘rganishga jazm etdi. Uning tizzalari ustiga yoyilgan shohi mato hademay so‘zana ko‘rinishini oladi. Rango-rang gullari esa quyosh nurlarida yal-yal tovlanib yana bir chevarni kashf etishi shubhasiz.

Gulnoza USMONOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: