Hunari borning – hayoti obod

Bir soatlik ish bir kunlik tushuntirishdan ko‘ra ko‘proq narsa beradi. Chunki, men bolani ustaxonada mashg‘ul qilar ekanman, uning qo‘llari aqli uchun ishlaydi: u o‘zini bor yo‘g‘i hunarmand hisoblagani holda faylasufga aylanadi, – degan edi buyuk allomalardan biri Jan Jak Russo.

Ta’lim bilan amaliyotni bog‘lab dars o‘tish dunyoqarashi shakllanayotgan o‘smirlar ongida kasb-hunarga bo‘lgan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Urganch shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazi pedagoglari ana shunday maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yib, o‘quvchi-yoshlarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Bugungi kunda mazkur bilim maskanida “Badiiy ijodiyot”, “O‘lkashunoslik va ekologiya” hamda “Texnik ijodiyot” yo‘nalishlarida 14 ta to‘garak namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘quvchilar, ayniqsa, ular tarkibidagi “Ingliz tili”, “Yosh musavvir”, “To‘quvchilik”, “Tikuvchilik”, “Yosh pazanda” to‘garaklariga katta qiziqish bilan qatnashadilar. Ustozlaridan o‘zlari qiziqqan kasb-hunar sirlarini o‘rganib, maktabda olgan bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlashga va o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga harakat qilayotgan o‘quvchilar soni hozirgi kunda 320 nafarni tashkil etadi.

Muyassar Otaniyozova, Zamira Boltayeva, Oyshajon Yoqubova, Quvonchoy Sa’dullayeva, Gulnoza Jumaniyozova, Maqsadbek Sapayev kabi yangilikka intiluvchan va talabchan to‘garak rahbarlari o‘quvchilarga saboq berish bilan birga ularni mustaqil hayotga tayyorlashmoqda.

Inson miyasini charxlovchi “shaxmat-shashka” to‘garagi a’zolaridan bir guruhi yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan viloyat, respublika shaxmat birinchiligi musobaqalarida qatnashib o‘z iqtidorlarini namoyish etib kelishmoqda. Joriy yilning yozgi ta’til davrida o‘n nafar o‘quvchi Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan shaxmat birinchiligi musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelishgani ota-onalar va pedagoglar jamoasi qalbiga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Bunda, albatta, to‘garak rahbari Maqsadbek Sapayevning xizmatlari cheksiz.

Gulnoza Jumaniyozova “Oila va salomatlik” to‘garagida sportga qiziquvchi qizaloqlarga badiiy gimnastikadan saboq berib kelmoqda. U ota-onalar bilan qizlarining salomatligi, ularning ruhiyati va jismida kechayotgan o‘zgarishlar haqida suhbatlashib turadi. Sportning bu boradagi o‘rni naqadar muhim ekanini his etgan ota-onalar farzandlariga zarur sharoitlarni yaratib berayotganidan u judayam mamnun.

– Yaqinda Urganch Suratlar galereyasida imkoniyati cheklangan rassom bolalar tomonidan chizilgan rasmlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Unda bolalar “Natyurmort”, “Peyzaj”, “Portret” janrlaridagi ijodiy ishlari bilan ishtirok etib, tomoshabinlar e’tiboriga sazovor bo‘ldilar. Markazimizda turli bayram sanalariga bag‘ishlangan tadbirlarni muntazam o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganligi ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘layotir. Masalan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat kengashi bilan birgalikda “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan rasmlar ko‘rik-tanlovi ham bolalarda mustaqil mulohaza yuritish, atrofga ogohlik bilan boqish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi markaz direktori Zamira Rahimova.

Яна ўқинг:  Нима учун "Камолот" фаолияти тугатилди?

“Barkamol avlod” bolalar markaziga viloyatning chekka tumanlaridan ham o‘g‘il-qizlar kasb-hunar sirlarini o‘rganish uchun kelishadi. Bu esa mazkur bilim dargohidagi to‘garaklar faoliyatining namunali tashkil etilganini ko‘rsatib turibdi. Ushbu maskan o‘tgan yili ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangach yangicha ko‘rinish kasb etdi. 2012 yilda loyiha qiymati 744 million 355 ming so‘m bo‘lgan qo‘shimcha bino qurilib, foydalanishga topshirilgani nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Muassasa tasarrufidagi yopiq tennis korti 66 million 236 ming so‘m mablag‘ hisobiga to‘liq rekonstruktsiya qilindi. Bularning bari davlatimiz tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

M. XO‘JAMURODOVA,

Xorazm viloyati

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: