Inson huquqlari – oliy qadriyat

Inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish – mamlakatimiz Konstitutsiyasining bosh maqsadi, asosiy tamoyillaridandir. Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, barcha jabhalarni demokratik yangilash, bosqichma-bosqich va izchil isloh etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar samarasida bu ezgu niyatlar ro‘yobga chiqmoqda.

Yigirma ikki yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishilgan yutuqlar, xalqimiz hayoti, ongu tafakkurida yuz bergan o‘zgarishlar ana shundan yorqin dalolatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatiga inson huquqlari g‘oyasi chuqur singdirilgan.

Davlatimizning inson huquqlariga bo‘lgan munosabatining konstitutsiyaviy kafolati sifatida 13-moddada “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, degan qoida mustahkamlangan.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi bir tomondan adolat, bag‘rikenglik, to‘g‘riso‘zlik kabi qadriyatlarni o‘zida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, unda xalqaro me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unlashtirilganligi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimiz yuqoridagi prinsipdan kelib chiqqan holda inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan 190 dan ortiq xalqaro aktlar: deklaratsiyalar, konvensiyalar hamda paktlarga a’zo bo‘lib qo‘shilgan.

Milliy Konstitutsiyamizning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri shuki, u nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, balki, O‘zbekistonda yashovchi barcha insonlarning muqaddas va daxlsiz huquqlarini kafolatlaydi.

Inson huquqlarining himoyasi va erkinliklarini ta’minlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Mintaqaviy vakilliklari institutining ham o‘z o‘rni mavjud.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahar mintaqaviy vakilligi mana qariyb o‘n yildirki, samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Mintaqaviy vakilni joylardagi faoliyatini tashkil etishda unga jamoatchilik asosida ishlaydigan ekspert guruhi yaqinda yordam bermoqda. Uning tarkibiga jamoat tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining kiritilganligi fuqarolar murojaatini ko‘rib chiqib amaliy yordam ko‘rsatishda qo‘l kelmoqda. Bu o‘z navbatida ikkala organ o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirishga samarali xizmat qilmoqda. Zero, fuqarolar murojaatini o‘z joyida atroflicha tekshirib xolisona qaror qabul qilishda mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, fuqarolarning ikkinchi marta yuqori organlarga, ya’ni takroriy murojaat qilishining oldi olinadi hamda murojaat qilgan fuqaroda shu jamiyatdan rozilik, mamnunlik hissi kuchayadi.

Yana o‘qing:  Men – O‘zbekiston fuqarosiman!

Shuningdek, fuqarolar murojaatlarining aksariyatida ko‘tarilayotgan munozarali muammo va masalalar mintaqaviy vakillik tomonidan ishchi guruhlari tuzilgan holda joylarga chiqib yoki ishga aloqador yuridik shaxslarni vakillikka taklif etilgan holda muammoni o‘rganib, tahlil qilib, uning natijalari asosida xolis xulosa chiqarib, amaldagi qonunchiligimiz asosida tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahar mintaqaviy vakilligiga Uchtepa tumani Xondamir mahallasi Dilkash ko‘chasi 91-uyda yashovchi fuqaro Jalilov Abduqahhor nafaqa puli kam berilayotganidan norozilik bildirib murojaat qildi. Ariza mintaqaviy vakillik xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib tegishli choralar ko‘rilishi natijasida A.Jalilovning nafaqa puli qayta ko‘rib chiqilib, masala ijobiy hal etildi.

Mintaqaviy vakillikning ish faoliyatidan bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mintaqaviy vakillikning xodimlari hamda ekspertlari 2013 yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 15 dan ortiq tadbirlarda, jumladan, davra suhbatlari hamda seminar-treninglarida faol ishtirok etdilar.

Bosh Qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning har bir bo‘limi va moddalari mamlakatimiz aholisi va har bir fuqarosining hayotida hamda ish faoliyatida dasturilamal hujjat bo‘lib qoladi.

Sh. MAMANABIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahar mintaqaviy vakili eksperti, advokat

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: