Baxtiyor damlar sururi

…Hammamiz ham vaqtida bola bo‘lganmiz.

Bahorning tashrifini entikib kutganmiz.

Negaki, qorli-qirovli kunlar ortda qolib, vujudimizni boboquyosh nur belanchaklari bilan ilita boshlashi, yuragimizdagi hayotsevarlik tuyg‘ularini oshiradi, olislardan qulog‘imizga chalingan quvnoq bolalar qiyqirig‘i xotiralar qatini titkilashga undaydi. Adashmadingiz, bolalar jam bo‘lib avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan xalq o‘yinlarini o‘ynashayapti.

Xalq o‘yinlarining soni-sanog‘i yo‘q, birovimiz bilganimizni boshqamiz o‘ynamagan bo‘lishimiz mumkin.

Maktab hovlisida yangrayotgan o‘quvchilarning ovozi ish xonamga yopirilib kiradi:

– Oq terakmi, ko`k terak,

– Bizdan sizga kim kerak?

– O`sha falonchi(oyi)boyi kerak.

Keyin kimningdir yugurgani, bosh­qalarning shovqin-suroni eshitiladi.

Bolalarning shovqini olis va yaqin xotiralarim qatini qitiqlaydi. Bir muddat bolalik xotiralariga g‘arq bo‘laman….

O‘ttiz nafar o‘g‘il-qiz. Bular mening saboqdoshlarim.

Bu esa bizni bilimlar olamiga yetaklab borayotgan o‘qituvchimiz, ba’zida qahrli, ko‘pincha mehrli – Salbi momo.

– Qani bolalar, otlashib kelinglar.

Otlashib kelish – o‘yinda ishtirok etadigan jamoalarni teng taqsimlashning oddiy uslubi, ikkibir bo‘lgan bolalar, guruh sardorlari eshitmaydigan joygacha ketib, bir-birovining qulog‘iga pichirlashadi:

– Men quyosh, sen yulduz bo‘laqol!

– Mayli.

O‘qituvchimizdan topshiriq olgach, bo‘y-bo‘yimizga, harakat imkoniyatlarimizga qarab ikkibir, ikkibir har tomonga tarqalamiz. Aksariyat hollarda, Namoz va men, ikki guruhning sardori sifatida domlamizning yonida qolamiz. Ikkibir bo‘lib ketgan qizlar, o‘g‘il bolalar birin-sirin yonimizga kelishadi:

– Yerni olasizmi, osmonni?

– Menga yer ham bo‘laveradi, yer menga qolsin…

“Chillak”

Bolalik yillarimizning eng sevimli o‘yini – chillak, ko‘p ming yillik tarixga ega. Uning qatnashchilari ikki kishi yoki teng tarkibga ega ikki guruh bo‘lishi mumkin. Chillak ikki ko‘rinishda o‘ynaladi:

– zuvullatari;

– to‘g‘di.

Har ikki ko‘rinishda ham o‘yin raqiblarning bittadan vakili sop (bosh barmoqdan yo‘g‘onroq bir metrlar chamasidagi tol, tut, yulg‘un yoki boshqa tanasi silliq, chidamli daraxt shoxidan yasaladi) bilan chillakni (yuqoridagi kabi daraxtlarning ko‘rsatkich barmoq yo‘g‘onligidagi shoxidan bir qarichlar chamasi kesib olinib, ikki uchi pichoq, tesha yoki bolta bilan yo‘niladi) yerga tushirmasdan urib turishi (chiylashi)dan boshlanadi. Qaysi tomon sop bilan chillakni yerga tushirmay ko‘p chiylasa, o‘yinni boshlash huquqini qo‘lga kiritadi.

Яна ўқинг:  Бор бўлинг, Ахтамқули

Zuvullatarida yerga keng doira chizib olinadi. Bu marra hisoblanadi. Marraning o‘rtasidan chillakni qo‘yganda sop sig‘adigan darajadagi ariqcha qaziladi. So‘ngra, jamoa a’zolari navbati bilan ariqcha ustiga qo‘yilgan chillakni sop bilan ko‘chirib, iloji boricha uzoq masofaga urib yuboradi. Raqib jamoa vakillari chillak cho‘pini borib tushgan joyidan marraga qarab irg‘itadi. Agar, chillak marra ichiga kelib tushsa, navbat keyingi o‘yinchiga beriladi. Chillak cho‘pi doiraga kirmasa, uni otgan o‘yinchi sop bilan cho‘p uchiga urib, yerdan ko‘chiradi va urib yuboradi.

Shu harakat uch marta takrorlangandan so‘ng chillak borib tushgan yeridan marragacha odimlab o‘lchanadi. Bir odim jamoa hisobidagi bir baho sanaladi. Shu holat o‘yinchi urgan chillakni raqiblar marraga kiritguncha davom etadi.

Qaysi jamoa yoki o‘yinchi o‘yin boshida kelishib olingan yuqori bahoni oldin to‘plasa, g‘olib sanaladi. Shundan so‘ng, o‘yinning ikkinchi – eng qiziqarli bosqichiga o‘tiladi. G‘olib jamoa o‘yinchisi qaytadan sop bilan chillak cho‘pini chiylaydi. U chillakni yerga tushirmay necha marotaba chiylasa, shuncha bor sop bilan urib boradi. Chillak cho‘pi so‘nggi borib tushgan joydan mag‘lub jamoa vakili ko‘tarib oladi-da:

– Yakkam, dukkam, charxi falak, qovun po‘choq…zuv-v-v-v, – deb nafas olmasdan marraga tomon yuguradi.

Agar zuvlayotgan o‘yinchi marraga yetmasdan nafas olsa, shu tartib yana takrorlanadi. O‘yin mag‘lub jamoa a’zolari shartni bajarib, marrani egallashlari bilan yakunlanadi.

“To‘g‘di”

To‘g‘di – chillak o‘yinining bir turi bo‘lib, uning ishtirokchilari ikki kishini tashkil etadi.

O‘yinni kim boshlashi zuvullataridagi tartibda aniqlanadi.

To‘g‘dini o‘ynash uchun yerning tekisroq joyidan chillak cho‘pi sig‘adigan kattalikdagi aylana chuqurcha qaziladi. Chuqurchaga chillak cho‘pi otiladigan marra ( 10-11 odimgacha) belgilanadi.

Chillak cho‘pini chiylashda yengilgan ishtirokchi marradan chillak cho‘pini chuqurchaga otadi. Agar chillak cho‘pi chuqurchaga kelib tushsa ishtirokchilar o‘rin almashadi. Aks holda, birinchi ishtirokchi chillak cho‘pini kelib tushgan joyidan yo‘nilgan tomoniga sop bilan chertib yerdan ko‘chiradi-da urib yuboradi. Chillak cho‘pining borib tushgan joyi odimlanganda marra bilan chuqurcha o‘rtasidagi masofadan ko‘p yoki teng chiqsa o‘yinchi yonidagi bolalardan birining nomini tilga olib:

– Men falonchini bir to‘g‘dim, – deb qichqiradi.

Яна ўқинг:  Фарзанд келажаги тарбияли ота-оналар қўлида

Ushbu jarayon raqib chillak cho‘pini chuqurchaga tushirguncha davom etadi. Shu vaqt mobaynida birinchi ishtirokchi istagan kishisi yoki kishilarini bir necha marotaba “to‘g‘ishi” mumkin. Chillak cho‘pi marradan boshqa joydan otilganida birinchi ishtirokchi chuqurchani sop bilan qo‘riqlashi mumkin.

Raqib chillak cho‘pini chuqurchaga tushirganidan so‘ng birinchi o‘yinchining o‘rnini “to‘qqan” og‘aynilari navbati bilan egallayveradi. Raqib ularga og‘aynisi necha marotaba “to‘qqan” bo‘lsa, shuncha bor chillak cho‘pini marradan otib beradi. Chillak cho‘pi chuqurchaga kirishi yoki kirmasligiga qarab o‘yin yuqoridagi tartibda davom etaveradi.

“To‘g‘di”ning “zuvullatari”dan yana bir farqli tomoni, yerdan ko‘chirib sop bilan urilgan chillak cho‘pini raqib yerga tushirmasdan ilib olsa, birinchi o‘yinchidan 9 “to‘qqan” soni olib tashlanadi. Agar erishgan natijasi 9 tadan kam bo‘lsa, o‘sha son 9 dan ayiriladi. Chiqqan son ikkinchi o‘yinchining hisobiga yoziladi.

“To‘g‘di”da yakuniy bosqich yo‘q, o‘yinga berilib ketgan ishtirokchilar quyosh botganini ham sezmay qoladilar.

“Oq suyak”

“Oq suyak” havoning ochiq kunlari tungi payt, teng tarkibga ega ikki guruh o‘rtasida o‘ynaladi. Guruh a’zolarini aniqlab olish uchun sardorlar belgilanadi. Qolgan ishtirokchilar yoshi, jismoniy imkoniyatiga qarab teng-tengi bilan otlashib keladi, Masalan: yer va osmon, it va mushuk…

Otlashib kelganlardan biri yoki ikkalasi baravariga:

– Yerni olasizmi, osmonni, – deb so‘rashadi.

Sardorlar navbati bilan shu nomlardan o‘zlari xohlaganini aytadi. Shu tarzda jamoalar tarkibi aniqlanadi.

Bu o‘yin uchun qo‘y yoki echkining orqa oyog‘i chopilmagan poycha suyagi tozalab olinadi.

Qatnashchilar ko‘zlarini yumib turishadi, guruh sardorlari navbatma-navbat oq suyakni kuchi yetgan masofaga otishadi. Suyakning yerga urilib, taraqlashi eshitilgandan so‘ng, suyakni irg‘itgan bola:

– Bo‘ldi, – deydi.

Keyin har ikkala guruh a’zolari suyakni qidira boshlaydi. Uni birinchi bo‘lib topgan bola boshi uzra ko‘tarib:

– Topdim, – deb baqiradi-da, marraga qarab yuguradi.

Raqib jamoa a’zolari uni ta’qib qilishadi, ushlab, qo‘lidan suyakni tortib olishga urinadi. Qochayotgan bola suyakni qo‘lma-qo‘l guruhdoshlariga uzatishi mumkin.

Suyakni marraga yetkazib kelgan jamoaga bir baho beriladi.

Oldindan kelishib belgilangan baholarni jamg‘argan jamoa o‘yinda g‘olib bo‘ladi.

“Qurma tayoq”

“Qurma tayoq” (qurilgan tayoq) o‘yinida bir nechta bola (soni cheklanmaydi) ishtirok etadi.

Яна ўқинг:  Болаларнинг соғлиғини асранг

Ishtirokchilarning har birida cho‘pon tayog‘i (bu o‘yinni ko‘pincha mol boqishga chiqqan bolalar o‘ynashadi) bo‘lishi shart.

Ishtirokchilarning oqsoqoli hamma bolalarning tayog‘ini ikki qo‘li bilan siqimlab boshi ustidan oshirib tashlaydi. Tayoqlar bir-birining ustiga tushadi. Eng pastda qolgan tayoqning egasi o‘z tayog‘ini belgilangan marraga eltib, yerga qadaydi. Shu yerdan odim­lanib boshqalar tayoq otadigan joy belgilab olinadi.

Ishtirokchilar navbati bilan marradagi tayoqqa qaratib o‘z tayog‘ini otadi. Maqsad, qadalgan tayoqni urib yiqitish. Kim qurilgan tayoqni mo‘ljalga olsa, o‘z tayog‘ini olib qaytadi. Mo‘ljalga tegmagan tayoqlar borib tushgan joyida yotaveradi.

Hamma qatnashchilar tayoqlarini otib bo‘lishganidan so‘ng, qurilgan tayoqning egasi bilan birga tayoqlarini olib qaytish uchun yuguradi. Epchillar tayog‘ini olib qaytadi. Kim oxirda qolsa o‘z tayog‘ini marraga qadaydi.

Mo‘ljalni aniq olgan ishtirokchilar esa o‘z tayoqlari uzunligiga teng masofaga oldinga qarab siljiydi. Marraga yetib kelgan ishtirokchi boshqalar ham marrani egallagunicha o‘yindan chiqib turadi. Eng oxirida qolgan ishtirokchi mag‘lub bo‘ladi.

“Qurma tayoq” – bolalarda merganlik, epchillik qobiliyatlarini oshiradi.

* * *

Xalq o‘yinlarining katta tarbiyaviy aha­miyati bor. Eng muhimi, ular jamoa­doshlarni jipslashtiradi, har birida pirovard natija uchun javobgarlik hissini uyg‘otadi. Ular ham­ma­mizning bolalik xotiralarimizdan mus­tahkam joy olgan, shu bois yillar o‘tib bolalik o‘yin­lari­mizni o‘zgacha bir sog‘inch bilan entikib eslaymiz.

Xotiralar qatini titamiz.

A. YaNGIBOYeV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: