Tibbiy turizm: o‘zimizda…barchasidan a’lo

Dardning kelishi oson, ammo ketishi qiyin, degan gap bor xalqimizda. Inson salomatlik qadrini faqatgina og‘ir dardga chalinganida anglab yetadi. Holbuki kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan ma’qulroq.

Nima bo‘lganida ham hammamiz issiq jonmiz. Birda sog‘-salomat, birda dardga chalinib qolamiz. Ayrim vaqtlarda og‘ir dardga chalinib qolgan odam o‘zini qo‘yarga joy topolmay «dardimga shifo istab kimga yoxud qayga borsam ekan?» degan xayolga boradi. Bu masala ayniqsa, hozir erkin bozor munosabatlari baravj shakl­lanib borayotgan pallada juda ham dolzarb bo‘lib qolgan. Bir tomondan, puling bo‘lsa istagan yeringda dardingga malham bo‘lguvchi shifoxona va shifokorlarni topa olasan. Ikkinchi tomondan esa, peshona tering bilan ishlab topgan pulingni behudaga sarflamasdan dardingdan butkul forig‘ bo‘lishni istaysan, kishi.

Bozor sharoitida dardiga davo izlagan kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan turizm bilan shug‘ullanuvchi turli xil vositachi firmalarning vakillari darhol «labbay» deganicha o‘z xizmatini taklif qila boshlaydi. Hozirgi vaqtda mo‘maygina sarmoya evaziga turli xorijiy mamlakatlarda davolanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Istasangiz Isroilda, istasangiz Hindiston yoki Germaniyada, hattoki AQSHda davolanib kelishingiz ham mumkin. Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: dardinga shifo istab o‘zga yurtlarga borishga zarurat bormi? Bu savolga ma’nili javob berish uchun biz eng avvalo, tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan turizm haqida qisqacha fikr bildirib o‘tmoqchimiz.

Tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan turizm turli xizmatlar ko‘rsatish sohasining alohida tarmog‘i bo‘lib, bugungi kunda tashxis qo‘yish, plas­tik jarrohlik, stomatologiya, dermatovenerologiya hamda an’anaviy sharqona tibbiyot yo‘nalishlaridagi xizmatlarga talab juda katta. So‘nggi vaqtlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan turizm bilan shug‘ullanuvchi turli xil vositachi firmalarning vakillari O‘zbe­kistonda ham paydo bo‘lgan. Ular yuqorida aytib o‘tganimizdek, talab ayniqsa kuchli bo‘lgan tibbiy xizmat yo‘nalishlaridan tashqari onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ham xorijda davolanishni taklif etishmoqda. Shu o‘rinda biz hurmatli hamyurtlarimizni alohida ogohlikka chaqirmoqchimiz. Gap shundaki, og‘ir dardga chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmas ekan u o‘z dardidan xalos bo‘lolmaydi. Aksincha, dardi yanada zo‘rayib ketishi hech gap emas. Tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uyushtiriladigan turizm sohasida faoliyat yurituvchi iqtisodiy agentlarning aksariyati tibbiyotdan uzoq bo‘lib ularning asosiy maqsadi daromad olishdan iborat. Holbuki, kishi onkologik kasallikka chalingan bo‘lsa, qayerda va kimning «qo‘lida» davolanish masalasi nihoyatda ahamiyatli bo‘lib qoladi. Aslini olganda onkologik kasallikni jarrohlik yo‘li bilan bir zumda davolab bo‘lmaydi. Bu xildagi kasalni davolash hamma vaqt uzoq muddatli va tizimli tartibda amalga oshiriladigan jarayondir.

Yana o‘qing:  Sog‘lom buyraklar – organizm tayanch nuqtasi

Tibbiy nuqtai nazardan qaralsa onkologik kasallikka chalingan bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish deganda, xal­qaro andoza darajasidagi turli xildagi diagnostik, davolovchi va reabilitatsion chora-tadbirlar majmui nazarda tutiladi. Bunday davolash kompleksini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun puxta ishlangan davolash rejasini qat’iy intizom asosida olib borish talab etiladi. Bundan tashqari statsionar klinikalarda kompleks davo muolajalarini olgan bemorlarga har 3, 6, 9 oyda o‘z turar joyi hududiga biriktirilgan tibbiy maskanda dispanser kuzatuvida bo‘lish tavsiya etiladi.

Xorijiy klinikalarda dardiga davo istab murojaat etgan mijozlarga eng avvalo ularning moddiy imkoniyatlariga qarab xizmat ko‘rsatiladi. Oddiygina qilib aytganda, puling boricha davolab, puling tugashi bilanoq javob berib yuborishadi. O‘zbekistonda esa aksariyat xorijiy mamlakatlarda ma’lum miqdordagi pul evaziga ko‘rsatiladigan alohida xizmat turlari mutlaqo bepul ko‘rsatiladi. Ultratovush yordamida skanerlash, kompyuter tomografiyasi, biopsiya, aniqlangan o‘smani morfologik jihatdan verifikatsiyalash, turli xildagi jarrohlik operatsiyalari shunday tibbiy xizmat turlari jumlasiga kiradi.

Ixtisoslashgan firmalar tomonidan «jahon andozalari bo‘yicha amalga oshiriladigan, o‘ta darajada samarali davo muolajalari» shiori ostida keng reklama qilinuvchi tibbiy xizmatlar aksariyat hollarda standart darajadagi kimyoterapiyani, respublikamiz klinikalarida bemorlarga bepul tarqatiladigan preparatlar berilishini mijozlardan yashirish uchun bir vosita bo‘ladi, xolos. Xorijiy davlatlardagi klinikalarda davolanish bahosi 100 AQSH dollaridan tortib 2-3 ming AQSH dollarigacha yetadi. Xorijiy klinikalarda davolanib qaytish uchun qilinadigan sarf-xarajatlarning asosiy qismini avia chiptalarini xarid qilish, bemorning yaqin qarindoshlari yashab turishi uchun kunlik sarf-xarajatlar, hujjatlarni tarjima qildirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar, viza olish bilan bog‘liq xarajatlar, tarjimonga haq to‘lash kabi xarajatlar tashkil qiladi.

O‘zbekistonda onkologik kasalliklarni davolash yuksak texnologiyali bo‘lishi bilan birga moddiy imkoniyatlari va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar hamma birdek foydalanishi mumkin bo‘lgan tibbiy xizmatlar sohasiga aylantirilgan. Bugungi kunda milliy onkologiya tizimi klinik tibbiyotning yuksak darajada rivojlangan sohasi sifatida yetakchi xorijiy klinikalarning mutaxassislari tomonidan yuqori baholanadi. Respublikamiz onkologlari ushbu soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan fundamental izlanishlarda yetakchi xorijiy davlatlarning mutaxassislari bilan uzviy hamkorlik qilishmoqda.

Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, respublikamizda amal qiluvchi qonun hujjatlariga muvofiq onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga diagnostik, terapevtik va palliativ tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi. Onkologik kasalliklar ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklar jumlasiga kiritilgan.

Yana o‘qing:  Chaqaloqlar nega ko‘p qayt qiladi?

Yurtimizda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra onkologik bemorlarga keng ko‘lamli, jumladan, kengaytirilgan, kombinatsiyalangan, rekonstruktiv-plastik jarrohlik muolajalari bepul ko‘rsatiladi. Bu xildagi jarrohlik muolajalari har qanday onkologik jarayonlarni lokallashtirishda qo‘llaniladi. Polikimyoterapiyasi xalqaro protokollar bo‘yicha zamonaviy preparatlar (shu jumladan, targetli preparatlar) yordamida amalga oshiriladi. Bunday muolajalar yetakchi xorijiy klinikalarda tajriba orttirib kelgan mutaxassislar tomonidan bajariladi.

Masalaning e’tiborga loyiq jihati shuki, mustaqillik yillarida respublikamiz hukumati onkologik tibbiy statsionar va dispanserlarni rekonstruksiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga katta e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq «Onkologik xizmat ko‘rsatish tizimining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha 2012-2015 yillarga mo‘ljallangan dastur» ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Hozirgi vaqtda ushbu hujjatga ko‘ra keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, olganda tibbiy statsionarlar, dispanser va poliklinikalar uchun zamonaviy texnik uskunalar xarid qilinmoqda.

Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ushbu xavfli xastalikning oldini olish va uni imkon qadar ertaroq aniqlashdir. Bu borada respublikamiz aholisi o‘rtasida tibbiy tekshiruvlar, onkologik kasalliklarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik mutaxassis shifokorlarning kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan shifoxona va muassasalarga «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, «Hayot uchun» ko‘krak saratoni bo‘yicha Milliy assotsiatsiyasi, «Ayollar kengashi» kabi jamoat tashkilotlari tomonidan ancha salmoqli yordam ko‘rsatilmoqda. Ushbu tashkilotlarning xayriya yordamlari tufayli mutaxassis va umumiy amaliyot shifokorlari uchun turli forum-marofonlar, «Mahorat darslari» uyushtirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinmoqda.

O‘zbekistonda onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan shifoxona va muassasalar ham yuksak bilim va kasbiy malakaga ega bo‘lgan mutaxassis shifokorlar ham, zamonaviy tibiiy uskunalar ham, turli xil dori-darmonlar ham yetarlicha bor. Dardingizga shifo istab xorijga safar qilishingiz uchun hech qanday hojat yo‘q. Biz dardingizga malham bo‘lishimiz mumkin.

S.NAVRO‘ZOV,

Respublika Onkologiya ilmiy markazi direktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: