Oziq-ovqat mahsulotlaridan kuchli zaharlanish

Shunday kasalliklar bo‘ladi-ki, xastalikning kechish belgilari unchalik e’tiborni tortmasada lekin ularning oqibati hatto o‘limga olib keladi. Bunga misol tariqasida botulizm kasalligini misol keltirish mumkin.

O‘lkamizga hademay jazirama yoz keladi. Bu – quvonarli hol, albatta. Biroq, bu faslning o‘ziga xos kasalliklari bor. Ular haqida shifokorlar qanchalik kuyunib yozishsa ham ko‘pchiligimiz: «Ha, do‘xtirlar aytaverishadi-da, «– deymiz.

Muddaoni aytishdan oldin men o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan bir voqeani aytib bermoqchiman.

Jazirama yoz. Xususiy ko‘chma do‘kon peshtaxtasida konservalangan go‘sht, baliq, selyod­ka va shunga o‘xshash ayni yoz chillasida yeyilmaydigan mahsulotlar turibdi. O‘tib ketayotib bir konserva qutisining qopqog‘i ko‘tarilib qolganiga ko‘zim tushdi.

«Qoyil, sotuvchi yigit bu konserva qutisini qo‘rqmay, peshtaxta ustiga qo‘yibdi!» – deb o‘yladim. To‘xtab bu «dovyurak» yigitning suhbatini bir olay, dedim. Ammo hammamiz ham o‘z salomatligimiz, balki atrofdagilarning ham salomatligiga befarq bo‘lmasligimiz kerak.

– Mana bu konservangiz necha pul turadi?

– Falon so‘m.

– Uka, bilasizmi, bu konserva iste’molga yaroqsiz. Ya’ni, uning qopqog‘i ko‘tarilib turibdi. Uning yegan odam zaharlanadi va hatto o‘lishi mumkin, ya’ni botulizm kasalligiga chalinadi, dedim.

– Mana bunday qilsa, hech narsa qilmaydi, – deya yigit konserva bankasining ko‘tarilib qolgan qopqog‘ini qo‘li bilan bosib, savdogarlik «mahoratini» ko‘rsatdi.

– Endi buni sotasizmi?

– Ha, sotaman.

– Buni yegan odamning ahvoli nima bo‘lishini bilasizmi?

– Nima bo‘lardi, hech narsa bo‘lmaydi.

– Axir o‘zingiz botulizm kasalligi nimaligini bilaman, dedingiz-ku.

– E, shu so‘zni eshitganman, lekin rosti, nima ma’no berishini bilmayman.

– Ukajon, iltimos, shu konservani sotmang. Chunki, bir, balki, bir necha insonning umriga zomin bo‘lasiz dedim-da sotuvchidan iste’molga yaroqsiz konservani peshtaxtadan olib tashlashini talab qildim. U indamay talabimni bajardi.

O‘shanda kun rosa qizdirayotgan edi. Odam bir daqiqa ham oftob taftida turgisi kelmasdi. Boz ustiga shoshamiz. Shoshib-shoshib nimalar qilib qo‘yganimizni bilmaymiz. O‘sha kundagi voqea kimningdir hayotiga yakun yasashi mumkin edi.

Kutilmagan fojialar bo‘lmasligi uchun kishi jazirama kunlarda ba’zi narsalarni yeyishdan o‘zini tiyishi kerak. Xususan:

– muzlatgichda saqlanmagan va qopqog‘i germetik yopiqligiga shubha uyg‘otgan, shuningdek, saqlanish muddati o‘tgan konservalangan go‘sht;

Yana o‘qing:  Migrenda bosh og‘rig‘i shu qadar kuchli bo‘ladimi?

– konservalangan baliq;

– dudlangan baliq;

– selyodka;

– ko‘chada pishirilgan go‘shtli kotletlar;

– kolbasalar;

– go‘mma.

Chunki, mol yoki qo‘yning ichki a’zolaridan tayyorlangan qiymalar ham tez buziladi.

Botulizm xastaligining mudhishligi shunda-ki, u germetik yopiq idishda ham rivojlanaveradi. Kislorod yo‘q yerda botulotoksin zahar chiqaradi. Bu zahar esa vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bemorning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ladi.

Botulotoksin tayoqchasi 5 soat qaynatilsa ham yo‘q bo‘lmaydi. Odatda botulotoksin tayoqchasi mahsulotlarda paydo bo‘lmasligi uchun konservalash jarayonida sirka kislotasidan foydalanishadi. Bu hozircha sanoatda qo‘llaniladigan eng maqbul usul. Sirka kislotasini solmay yoki sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibati yomon holatlarga olib kelishi mumkin.

Mana shunday shubhali oziq-ovqatlar iste’mol qilinganda:

– Bemor o‘zini lohas sezadi;

– uning ko‘ngli ayniydi;

– ko‘rish qobiliyati susayadi.

Afsuski, qopqog‘i ko‘tarilib qolgan konservani yegan ba’zi odamlar umuman o‘zlarining sog‘lig‘idan xavotirlanmaydilar. Uning sababi turlicha bo‘lishi mumkin, ya’ni:

– Ko‘tarilgan konserva qopqog‘i ichidagi mahsulot kuchli zaharlanishga olib kelishini bilmaslik, ya’ni kishining tibbiy savodxonligining kamligi;

– bilgan taqdirda ham: «Bu hodisa men bilan sodir bo‘lmaydi,» – deb o‘ziga ishonish;

– «bor-yo‘g‘i qopqog‘i ko‘tarilgan ( muddati o‘tgan) konservani yeb shunchalar kasal bo‘lar ekanmanmi?»– deb, shifokor va shu kabi insonlarning maslahatlariga jiddiy qaramaslik.

Shuningdek;

– Oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishda fasllarga e’tibor bermaslik;

– botulizmning naqadar xavfli ekani haqida axborotga ega bo‘lmaslik;

– bozor va do‘konlarda botulizm va shu kabi kasalliklardan ogoh etuvchi plakatlarni osib qo‘ymaslik;

– bozor va do‘konlarda shunday kasalliklar haqida hududiy radiouzellarda muntazam shifokor chiqishlarini tashkillashtirish;

– bu chiqishlarni yozib olib, takror-takror xaridorlarga eshittirish (axir biz kunda soatiga necha bor qandaydir matohning reklamasini ham tinglaymiz-ku, kimlarningdir hayotini saqlab qolishga sabab bo‘luvchi suhbatni kunda tinglasak nima bo‘libdi!? Boz ustiga biz narsa xarid qilgani kunda bozorga boravermaymiz-ku);

– radio va televideniyesi orqali salomatlik haqidagi eshittirish va ko‘rsatuvlarda shunday xavfli kasalliklar haqida doimo to‘liq ma’lumotlar berilishi zarur;

– ularda shunday kasalliklar xususida roliklarni yoz oylarida muntazam berib borish shart.

Yana o‘qing:  Qandli diabet: uning kelib chiqish sabablari, kasallik oqibatlari va profilaktikasi xususida

Tibbiyot kollejlari va institutlari talabalari botulizm – oziq-ovqat mahsulotlaridan kuchli zaharlanish va bu xastalikning xavfli asoratlari xususida

– ma’ruzalar tayyorlashlari;

– konkurslar e’lon qilinishi;

– internetda bu haqida keng ma’lumot berish (chunki, yoshlarning aksariyati shu yo‘l bilan ma’lumot oladi).

Tan olish kerak-ki, televideniye or­qali tibbiyotga oid berilayotgan ko‘rsatuvlarda turli xastaliklarga doir to‘liq ma’lumotlar berilmoqda. Bu ko‘rsatuvlar ommaning tibbiy savodxonligini oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu tahsinga loyiq. Ammo shunga o‘xshash ba’zi tibbiy chiqishlarda fuqarolarning savollariga to‘liq javob berilmaydi. Ba’zi javoblarda muddaoga umuman yetib borilmaydi. Javobga yaqin kelmay, shifokorga murojaat qiling, deyiladi. To‘g‘ri, bemor shifokorga albatta murojaat qilishi shart. Lekin gap hali shifokor yo‘q vaqtida yoki u kelguniga qadar nima ishlar qilish haqida ketyapti! Shoshilinch tibbiy yordam shaharda (texnikaning bari soz bo‘lgan taqdirda ham) 2-3 daqiqada yetib kela olmaydi-ku. Shaharda «uchib» kelolmagan tez tibbiy yordam qishloq va ovullarga qancha vaqtda yetib kelishini ko‘pchilik tasavvur qilsa kerak. Bu qaltis holatda inson umrining hisobi daqiqalar emas, soniyalar bilan o‘lchanishi mumkinligini ommaga tibbiyot xodimlari jurnalistlar bilan hamkorlikda yetkazmasalar kim yetkazadi?

Shu sababli barcha bilishi kerak-ki:

– Zaharlanish (botulizm)ga gumon qilinganida, avvalambor bemorni dar­hol sun’iy ravishda qustirish zarur;

– vaqtni o‘tkazmay huqna (klizma) kilish;

– darhol «Tez tibbiy yordam» chaqirish kerak.

Botulizm kasalligi tasdiqlanmagan holda ham tavsiya etilgan bu chora-tadbirlar bemor sog‘ligi uchun zararli emas. Aksincha, organizmni ortiqcha xiltlardan tozalashga yordam beradi.

Agarda yuqorida yozilgan muolajalar tezlik bilan o‘tkazilsa, botulizm kasalligida bemor hayotini saqlab qolishda asosiy omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Istardikki, joylardagi Davlat sanitariya – epidemiologiya nazorati markazi xodimlari e’tiborlarini biz ko‘targan muammoga yanada jiddiyroq qaratsalar. Zarur hollarda huquqni muhofaza qilish va iste’molchilar huquqini himoya qilish tashkilotlari xodimlari ham yoz oylarida e’tiborini dolzarb bo‘lgan ushbu masalaga qaratib, tegishli hollarda sotilishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan, iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari, muddati o‘tgan konservalarni sotuvga qo‘ygan sotuvchilar qonun oldida javob berishi shart. Demak, ushbu masalaga jiddiy yondoshish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Yana o‘qing:  Suvning yana bir foydali tomoni

Insonparvarlik deganda inson salomatligiga zarar yetkazadigan har qanday salbiy holatlarga befarq qaramaslikni ham tushunish kerak.

Munira Zuparova,

Toshkent shahar Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: