Xotin-qizlarimizning ijtimoiy manfaati

Bosh Qomusimizning huquqiy asoslari bilan mustahkamdir

Vatan mustaqilligi va Bosh Qomusimiz sharofati tufayli xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi rolini oshirish, ular salohiyatining to‘la-to‘kis namoyon etilishi uchun imkoniyatlar yaratish, onalik va bolalikni, oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

“Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining X bob, 46-moddasi

Davlat boshqaruvini demokratlashtirish va yanada liberallashtirish islohotlari ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, siyosiy ong va madaniyatini yuksaltirishga, demokratik qadriyatlarning qaror topishi asos bo‘lmoqda. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimiz hayotida xotin-qizlar faolligini oshirishga, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashga alohida e’tibor berilib, bu yo‘lda siyosiy va huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, 1991 yilda ayollar masalalari bilan shug‘ullanuvchi yirik jamoat tashkiloti O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi joriy etildi. 1992 yilda “Xotin-qizlar kamsitilishining shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilindi. 1992 yilda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga Bosh vazirining o‘rinbosari, hududiy Xotin-qizlar qo‘mitasi raislariga viloyat, tuman va shahar hokimliklarining o‘rinbosarlari maqomi berildi.

Sog‘lom demokratik jamiyatni yaratishning muhim shartlaridan biri, avvalo, har jihatdan barkamol, ma’naviyati yuksak, mustaqil fikrlovchi yangi avlodni tarbiyalashdan iboratdir. Oila mustahkamligi va farzandlar barkamolligi har jihatdan xotin-qizlarning ijtimoiy hayotimizdagi faolligi, jismonan va ma’nan yetukligiga ham bog‘liqdir.

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda ta’lim sohasida, shuningdek, gender tenglikda, sog‘liqni saqlash, ayollarga ijtimoiy g‘amxo‘rlik bilan bog‘liq masalalarda katta yutuqlarga erishildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi davlat dasturi qabul qilinganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Shuningdek, 2004 yilda parlamentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritilib unda siyosiy partiyalardan ko‘rsatilayotgan jami nomzodlarning kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil etishi lozimligi belgilab qo‘yildi. Siyosiy qarorlar qabul qilishda, aholi manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda mazkur islohotlarning o‘rni beqiyosdir. Zero, bugun mamlakatimiz aholisining 51 foizini, ishchi kuchining 45 foizini ayollar tashkil etadi.

Yana o‘qing:  MILLIY INTERNET TANLOVI

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, fuqarolarning siyosiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun hamma huquqiy, demokratik shart-sharoitlar yaratilsa, aholining o‘zi ixtiyoriy ravishda, professional asosda mamlakat siyosiy hayotida tobora keng ishtirok etadi. Ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlaridan biri bo‘lmish siyosiy partiyalar muhim ahamiyatga ega. Chunki, nodavlat yo‘nalishidagi turli guruhlar va qatlamlar manfaatlarini ifodalaydigan jamoat tashkilotlari bugungi kunda zamonaviy fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida e’tirof etilmoqda. Bunday tashkilotlarga xotin-qizlarni keng jalb etish orqali ularning huquq va erkinliklari va shu bilan birga davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita va bilvosita ishtiroki ta’minlanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud 4 ta siyosiy partiya faoliyatida ayollarning ishtiroki yildan yilga oshib bormoqda. Siyosiy partiyalar mamlakatimiz xotin-qizlarining turli vakillari – tadbirkor ayollar, olima va ziyolilar, fermer va hunarmand ayollar hamda boshqa soha vakillari manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning muhim vositasi bo‘lmoqda.

SHU O‘RINDA

Hozirgi kunda Qonunchilik palatasida xotin-qizlar soni 18 foizni, Senatda 15 foizni, ijro etuvchi organlarda 3, 4 foizni, sud idoralarida esa 22, 7 foizni tashkil etadi.

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, islohotlarining uzviy qismi sifatida xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtiroki va uning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratish mustaqil davlatimiz ichki siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tirof etilmoqda. Mazkur masaladagi chora-tadbirlarning uzviy qismi sifatida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati va davlat boshqaruvi organlarida ayollarning keng ishtirok etishini kafolatlaydigan huquqiy asoslar yaratilib kelinmoqda. Zero, jamiyatimizda siyosiy faol, huquqiy bilimga ega, zamon bilan hamnafas, yurtimiz ravnaqiga kamarbasta ayollar safining kun sayin kengayib borayotgani esa porloq kelajagimizning muhim garovidir.

Muharram DADAXODJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: