Umid bor bo‘lsin

Umida Asriddinova – Andijon davlat universiteti talabasi.

U ingliz, nemis, gruzin, fors-tojik tillarida erkin so‘zlasha oladi. Vaholanki, bundan bir necha yillar avval nogiron bo‘lib tug‘ilgan bu qizaloqning yashab ketishiga umid ham yo‘q edi…

Muxtasar opa qizalog‘ining yuziga boqar ekan dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinar, farzandining nogiron ekanidan siqilar edi…

…To‘qqiz oy kutilgan baxtli kun ham keldi. Muxtasar opa jajjigina qizalog‘ini ilk bora qo‘lga olarkan go‘dakning yuzidagi kemtikni ko‘rib dahshatga tushdi. Chaqaloq durustgina og‘zini yopolmas, qismat ato etgan bir ko‘zi xiyolgina jovdirardi. Bola har qancha intilsa ham Yaratgan inom etgan, mehr bilan to‘lgan onasining siynasidan bahramand bo‘lolmasdi.

Uzoq-yaqinlarning turfa fikrlari onani hardamxayol qilib qo‘ydi. Kimdir sabrli bo‘lishga undadi. Yana “Bir umr majruh bola izidan yurasanmi?”, deya go‘dakni “Muruvvat” uyiga topshirishni maslahat berganlar ham topildi. So‘nggi qaror esa Kamoliddin akaning “Meni “Muruvvat uyi”ga topshiradigan bolam yo‘q”, deya uzil-kesil aytgan so‘zidan so‘ng qabul qilindi. Ona sabr, iroda va matonat sabab ta’na-dashnomlarga chidab berdi. Ota esa qizalog‘ini mahkam quchganicha umidlarimiz shu farzand ortidan ushalsin, deya ezgu niyat bilan qizaloqqa Umida deya ism qo‘ydi.

Bir farzandni voyaga yetkazish qiyinchiligi ne chog‘lik og‘ir bo‘lsa, xasta bolani parvarishlash mashaqqati yanada og‘irroq. Jajji Umidani voyaga yetkazgunga qadar Muxtasar opa va Kamoliddin aka ham ne qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazishmadi, deysiz. Quvvati sust go‘dak muntazam shifokor ko‘rigiyu, ota-ona parvarishida bo‘ldi. Qizaloq bir soniya ham ularning e’tiboridan xoli qolmadi. Umida ikki yoshga to‘lganidan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng ovqatni shlang yordamisiz mustaqil tanovul qila boshlashining o‘zi bir mo‘jiza bo‘ldi. Uch yoshga to‘lgandan so‘ng farzandining bir og‘iz so‘ziga ilhaq bo‘lgan ota-ona qizchasining aytishga uringan bir-ikki og‘iz so‘zi uchun boshi osmonga yetdi. O‘sha kezlarda ulardan baxtiyor inson yo‘qdek, go‘yo.

Umida kun sayin ulg‘ayar ekan uning xatti-harakatidan, hayotga tashnaligi, atrofdagi olamga qiziquvchanligi sezilib turardi. Buni yaxshi anglagan Kamoliddin aka boshlang‘ich sinf o‘qituvchiligi qo‘l kelib, u bilan muntazam shug‘ullana boshladi. Maktab yoshiga hali yetmagan Umida dadasi bilan dunyoni anglardi. Soatlab cho‘zilgan saboq Umidani sira charchatmas, aksincha, uning ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirardi. Vaqt o‘tib qizaloq maktabda a’lo baholar bilan o‘qib, iqtidorlilar safidan joy olishida aynan uning otasi Kamoliddin akaning mehnati sabab bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning oldini olish: bunda OAVning o‘rni qanday?

Hayot hozirlagan turfa sinovlar kishining irodasini sinab, sabr-matonatini toblaydi. Shifokorlar Umidaning yuzidagi kemtikni butkul davolash, shuningdek, nutqini ravonlashtirish uchun yuz qismini bir necha marotaba bosqichma-bosqich jarrohlik amaliyotidan o‘tkazish lozimligini ta’kidlashi oiladagilar uchun yana bir sinov bo‘ldi. Ota qizining chehrasiga tig‘ tegishini o‘ylab, vahimaga tushganda, jarrohlikdan so‘ng asorati qanday bo‘ladi, degan xavotir olganida shifokorlar unga shirin so‘zlik bilan taskin berib, barchasi yaxshi bo‘lishini, buning uchun biroz sabr va qunt lozimligini uqtirishdi…

Kamoliddin aka va Muxtasar opaga oson bo‘lmadi. Umidani to‘qqiz marotaba jarrohlik stoliga kuzatib qo‘yishdi. Sabr qilishdi. Qizalog‘ining sog‘lig‘ini tiklashga ketgan dori-darmonlar, sarf-xarajatning oxiri ko‘rinmaganda ham har bir ishga yaxshilik nazari bilan qaraydigan Kamoliddin akaning fe’li tundlashmadi. Oiladagilari uchun ham vazmin va ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishga intildi. Ayoliga ham hammasi yaxshi bo‘ladi, deya taskin berardi u. “Yaxshi niyat – yarim davlat” deganlaridek, chindan ham hammasi yaxshilikka bo‘ldi. Umida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tib, ko‘p o‘tmay davolanish uchun Germaniyaga jo‘nab ketdi. Bir soniya ham qizidan ayrilmagan ona, ayniqsa, Kamoliddin aka uchun ikki yil juda katta muddat edi. Ammo farzandining salomatligi uchun u bundan ham ko‘p kutishga tayyor.

Shukrki, fondning fidoyi xodimlari Kamoliddin akaga qizining salomatligidan tez-tez boxabar bo‘lib turishiga ko‘mak berishdi. Umida uchun xorijda ota-onasidan ayro bo‘lish oson bo‘lmadi. Har safar u jarrohlik muolajasiga yo‘l olar ekan, dadasining “hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan so‘zlarini yodga olib o‘zida kuch topa bilardi. Umida Germaniyada sakkiz marotaba jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi…

…Vaqt yeldirim. Umidaning Germaniyada davolanib qaytganiga ham mana bir necha yillar bo‘ldi. Hammasi kechagidek yodida. Ammo u o‘tgan kunlarni ko‘p ham xotirlagisi kelmaydi. Kelajakka qo‘ygan ulkan orzu-maqsadlari ila yashamoqda. Shuning uchun tinmay izlanishda. Hozirda bir necha xorijiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan mashg‘ul.

Umida kelajakdagi orzular haqida so‘zlab charchamaydi. Qizginaning rejalari bir olam. U tanlagan sohasi bo‘yicha Germaniyada magistrlik bosqichida tahsil olish niyatida. Shuningdek, salomatligini tiklagan klinikada faoliyat olib borib, davolanish ilinjida kelgan bolalarga xolis ko‘mak berishni ham orzu qiladi.

Yana o‘qing:  E’tirof

Umida hozir ham “Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan tez-tez bog‘lanib turadi. Tashkilotda ishlaydigan xodimlar bilan aka-singildek yaqin bo‘lib ketishgan. Germaniyalik mutaxassislar tashrif buyurganida ham ular bilan muloqot o‘rnatib, fond xodimlarining faoliyatiga yaqindan yordam berishga urinadi.

Qizidagi tashabbus va iqtidorni ko‘rib Kamoliddin aka va Muxtasar opa dildan quvonadi. Qizlari ortidan orzulari ushalgan bo‘lsa, ajab emas. Zero, har bir ota-onaning orzusi farzandining iqbolini ko‘rish. Inson salomatligini har narsadan ustun qo‘yayotgan fond faoliyatidan, yurtimizda ijtimoiy himoya tizimi izchil yo‘lga qo‘yilganidan ular behad mamnun.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: