Ona sog‘lom – farzand omon, oila obod – yurt farovon

 Onasining vujudidayoq go‘dakni qil ehtiyot,

Unga biror ofat yetmay, tug‘ilsin u barhayot.

Abu Ali ibn Sino

 

Oilaviy poliklinikada navbatdagi tekshiruvdan o‘tayotgan Madina shifokorning “Homila 20 haftalikka yaqinlashib qolibdi. Uning qanday rivojlanayotganini bilish uchun skrining markaziga borib tekshiruvdan o‘tib kelsangiz”, degan gapini eshitib, ko‘ngliga biroz g‘ulg‘ula tushdi.

Birinchi farzandi, buning ustiga homiladorlikning ilk kunlarida grippga chalinganligi bois, bu tekshiruv uning uchun ahamiyatli ekanligini his etdi va o‘sha kunning o‘zidayoq “Ona va bola skrining markazi”ga yo‘l oldi.

Madina tekshiruv paytida shifokorning yuziga diqqat bilan razm solar, go‘yoki natijani uning harakati, qarashlaridan anglab olishga intilardi. Nihoyat, shifokor unga yuzlanib, “Hammasi joyida, bola yaxshi rivojlanyapti, yurakchasi me’yorida urib turibdi. Nazarimda o‘g‘ilga o‘xshaydi”, degan so‘zlarini eshitgach, yengil nafas oldi. Endi Madina oilaviy shifokorining ko‘rsatmalariga amal qilgan holda xotirjam homiladorlikni o‘tkazsa ham bo‘ladi.

Bugungi kunda ultratovushli skrining zamonaviy perinatal tashxis uslublari orasida alohida o‘rin tutadi. Invaziv va noinvaziv tekshiruvlar orasida esa birinchi o‘rinda turadi va yuqori darajada ma’lumot olish, xavfsizligi va ommaviy foydalanish imkonini berishi bilan boshqa perinatal tashxis uslublaridan alohida ajralib turadi. Chunki, u har tomonlama sog‘lom farzand dunyoga kelayotganining birinchi darakchisidir.

Yurtimizda birinchi Skrining markazi 1997 yili Nukus shahrida tashkil etilgan va u Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati aholisiga xizmat ko‘rsata boshlagan. Prezidentimiz tashabbusi bilan 1998 yil “Ona va bola skriningi” Davlat dasturining qabul qilinishi mamlakatimizning barcha hududlarida ana shunday muassasalar tashkil etilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. 1998 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nogiron bolalar tug‘ilishini barvaqt oldini olish maqsadida yangi tug‘ilgan bolalarda va homilador ayollarda tug‘ma patologiyaning yuzaga kelish sabablarini aniqlovchi “Ona va bola Skriningi” Davlat tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-genetikani kelajakda rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan irsiy patologiyaga ega bolalarga, tug‘ma nuqsonli yoki nogironlikka olib keladigan xastalikka ega bola tug‘ilishining oldini olish maqsadida homilador ayollarga ixtisoslashtirilgan tibbiy-genetik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Yana o‘qing:  Cho‘qqilarning mangu chorlovi

Bugungi kunda Skrining markazining tashkiliy tuzilmasi respublikaning barcha hududlarida mavjud bo‘lib, uning asosiy vazifasi – irsiy kasallik bilan tug‘ilgan bolalarga maxsus tibbiy-genetik xizmat ko‘rsatish va homilani rivojlanish nuqsoni yoki nogironligiga olib keluvchi kasalliklar bilan tug‘ilishini oldini olish maqsadida homilador ayollarni tekshiruvdan o‘tkazishdan iborat.

Skrining markazlari zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar va malakali xodimlarga ega bo‘lib, asosan 3 xil faoliyatni amalga oshiradi. Ya’ni, perinatal (tug‘ruqqacha bo‘lgan) davrda homilada rivojlanish nuqsonini aniqlash, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalliklariga ommaviy skrining o‘tkazish hamda irsiy va tug‘ma kasallik bilan tug‘ilganlarga va shunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-genetik maslahat berishdan iborat.

Birgina perinatal tashxislash homiladorlik vaqtida homila salomatligini aniqlashga imkon beradi. Ushbu tekshiruvning asosiy maqsadi homilador ayollarning 16 kundan 20 haftagacha bo‘lgan sog‘lig‘ini aniqlash, ya’ni tug‘ma nuqsonli va nogironlikka olib keluvchi kasalliklar bilan bolalar tug‘ilishini oldini olishdan iborat.

Bugungi kunda tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriyaga ommaviy neonatal skrining tekshiruvlar o‘tkazish mamlakatimizda tug‘ilgan barcha chaqaloqlarda amalga oshirilmokda.

Respublika Skrining markazida 2012 yildan boshlab zamonaviy yuqori texnologiyali tandem mass-spektrometriya usuli yordamida chaqaloqlar va ilk yoshdagi bolalarda 15 ta moddalar almashinuvining irsiy kasalliklariga selektiv skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Davlat dasturi ijrosi doirasida 2014 yildan respublika bo‘yicha sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini – tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining markaziy poliklinikalarida homiladorlikning erta davrida (homiladorlikning 10-14 haftalarida) ommaviy tug‘ruqqa qadar ultratovush tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. 2014–2015 yillarda 995 920 nafar homilador ayollar ultratovush tekshiruvidan o‘tkazildi. Aniqlangan akusherlik patologiyasi va homilada rivojlanishning tug‘ma nuqsonlari bilan tibbiy-genetik ko‘rsatmalarga muvofiq, 32 598 nafar ayollar homiladorlikni to‘xtatishga yuborildi.

– Joriy yilning may oyida barcha skrining markazlar qo‘shimcha 13 ta ultratovush apparatlari bilan jihozlandi. Bu esa o‘z navbatida homiladorlarni ultratovush tekshiruvlari bilan qamrab olish foizini oshishiga va homilada tug‘ma nuqsonlarni aniqlashning imkonini bermoqda. Olib borilgan chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda tug‘ma nuqsoni bor bolalar dunyoga kelishi kamaygani kuzatilmoqda, – deydi Respublika “Ona va bola skrining markazi” bo‘lim boshlig‘i Marhabo Shamsiddinova. – 2013 yilda 2013–2017 yillar davrida bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash davlat dasturi qabul qilindi. Ayni paytda bu boradagi ishlarga 10-14 haftalik bo‘lgan barcha ayollar tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga jalb qilingan.

Yana o‘qing:  Bilimi bor mingni yiqar

Bundan tashqari, Davlat dasturiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham yana bitta hududiy skrining markazi tashkil etiladi. Bu mamlakatimizning yirik hududlaridan birida tug‘ma va irsiy kasalliklarni aniqlashni yanada yaxshilash imkonini beradi. Barcha skrining markazi mutaxassislari O‘zbekistonda shu paytgacha erta muddatlarda tashxis qo‘yilmagan va davolanmagan turli kasalliklarga tashxis qo‘yish hamda ularning oldini olish bo‘yicha yangi usullarni o‘zlashtirmoqda. “Ona va bola skriningi” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida hududiy skrining markazlar biokimyoviy analizatorlar bilan jihozlandi. Bu esa asab-mushak tizimining ko‘plab irsiy kasalliklari va tanadagi o‘zgarish bilan kechadigan patologik holatlarga tashxis qo‘yish imkonini beradi. Shuningdek, Samarqand viloyatida ham ushbu sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Viloyat Ona va bola skrining markazi hamda viloyat reproduktiv salomatlik markazining yangi binosi 2016 yil 29 aprelda foydalanishga topshirildi, – deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Fayzullayeva. – Bu esa aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi binoda Xitoydan keltirilgan yuqori darajali diagnostik ultratovush apparati, akusher-ginekologiya, tahlilxona kabi 17 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatadi. Markaz mutaxassislari Toshkent shahridagi Respublika skrining markazi va boshqa nufuzli tibbiyot muassasalarida o‘z malakasini oshirib kelmoqda. Oxirgi besh oy mobaynida 10 157 nafar ayol tekshiruvdan o‘tkazildi hamda ularga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Darhaqiqat, bugungi kunga kelib respublika miqyosida 1998–2015 yillarda 2, 1 milliondan ortiq homilador ayol tug‘ruq oldi ultratovushli tekshiruvi, 4, 8 milliondan ziyod chaqaloq neonatal skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Buning samarasida mamlakatimizda tug‘ma nuqsoni bor bolalar dunyoga kelishi, 2000 yilga qaraganda 1, 8 barobar kamaydi.

 

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: