Bilimi bor mingni yiqar

“Bilimlar bellashuvi”ning mamlakat bosqichidan shunday taassurot bilan qaytdik

Yoshlikda olingan bilim, toshga o‘yilgan naqsh kabidir. Chindan ham, inson hayotining aynan yoshlik davrida o‘rganilgan har qanday bilim, ko‘nikmalar u ulg‘aygach erishgan barcha yutuqlarining kaliti bo‘lib xizmat qiladi.

Yoshlik – kishi umrining bahor davri, unda hayotning bo‘lg‘usi yillari uchun urug‘ ekiladi. Ilm esa insonning hayot yo‘lida yo‘lchi yulduz singari mayoq vazifasini o‘taydi.

Qadim-qadimdan olim-u donishlar yurti hisoblangan bu zamin farzandlarining bugungi kundagi ilm-fan, texnika, san’at, sport sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari soni yildan yilga ortib bormoqda. Davlatimiz tomonidan yoshlarning bilim cho‘qqilarini egallashi uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar ana shu yutuqlarning poydevori bo‘lib xizmat qilayotir.

Poytaxtimizdagi R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichi ochilish tadbirini kuzatib, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Unda davlat mukofotlari bilan taqdirlangan fidoyi ustozlar, olimlar, o‘quvchilar, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, ta’lim tizimini isloh qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Vatanimiz madhiyasining yangrashi butun dillarga faxr hissini jo etdi. Qo‘li ko‘ksida turgan holda madhiyamizni baralla kuylayotgan, ko‘zlarida shijoat, bilim balqqan ilm sohiblariga nazar solar ekanmiz, O‘zbekiston kelajagi buyuk bo‘lishiga yana bir bor ishonch hosil qildik. “Bilimlar bellashuvi” ochiq deb e’lon qilingach, ishtirokchi o‘quvchilar hakamlar hay’ati a’zolari boshchiligida matematika, fizika, informatika, kimyo, biologiya, geografiya yo‘nalishi bo‘yicha sinf xonalari tomon tarqalishdi.

– Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy yuksalishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni ko‘rib, o‘zimni ham yoshlikka qaytgim keldi, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi Foziljon Asqarov. – Ilk bor mazkur bellashuvning respublika bosqichida hakamlik qilmoqdaman. To‘g‘risini aytsam, taassurotlarim bir olam. Men mana shu yoshlarimiz mamlakatimizning fidoyi farzandlari sifatida kelajakda ona Vatanimiz obro‘sini ko‘klarga ko‘taradilar deb bemalol ayta olaman.

 

Bu yil “Bilimlar bellashuvi” 5-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida 16 ta fan bo‘yicha tashkil etilib, unda 2 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Ulardan 500 nafari respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

 

Яна ўқинг:  Чорасизликда чақнаган умид учқуни

– Yildan yilga bellashuvda ishtirok etayotgan o‘quvchilarning bilim darajasi yuksalib borayotganining guvohi bo‘lish mumkin. Bir qancha o‘quvchilarning nafaqat respublika, balki jahon miqyosida erishgan yutuqlarini ko‘rib, ularga tasannolar aytgingiz keladi, – deydi hakamlar hay’atining yana bir a’zosi Surayyo Meyliyeva.

– Men mazkur bellashuvga Buxoro viloyatidan tashrif buyurdim. Avgust oyida matematika fani bo‘yicha Tailandda o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdim. Bu natijaga erishishimda ustozlarimning hissasi katta deb o‘ylayman, – deydi Peshku tumanidagi 18-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Jahongir Norboyev. – Kelajakda bundanda katta marralarni qo‘lga kiritib, Vatanim nomini butun dunyoga tanitmoqchiman.

Jahongirning so‘zlariga quloq tutib, ajdodlarga munosib avlodlarning voyaga yetib kelayotganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

Navoiy viloyati Navoiy shahridan tashrif buyurgan Sevara Hamroqulovaning quvonchi ham bir olam.

– Mazkur bellashuvda uchinchi bor ishtirok etishim. Ikki marta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Bu yil ham ustozlarim bilan qilgan mehnatlarim besamar ketmadi va yana g‘olib bo‘ldim. O‘qituvchilarim va ota-onam bundan juda xursand. Bu kabi bellashuvlarning tashkil etilishi biz o‘quvchilar o‘rtasida bilimga bo‘lgan intilishni yanada kuchaytiradi deb o‘ylayman.

Bellashuvlarning ikkinchi kuni tarix, huquq, iqtisodiy bilim asoslari fanlari bo‘yicha bahslar o‘tkazildi.

– Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 68-IDUMdan iqtisodiy bilim asoslari fani bo‘yicha hakam sifatida taklif etilganman. Bu yilgi bellashuvdan juda yaxshi natijalarni kutmoqdamiz. Sababi o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan intilishi yildan yilga ortib bormoqda, – deydi Marg‘uba G‘urramova. – Prezidentimiz tomonidan o‘quvchi-yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar ularning ilm cho‘qqilarini zabt etishiga zamin yaratmoqda. Misol tariqasida shuni ayta olmanki, men faoliyat olib borayotgan ta’lim maskani respublika maktablari orasida ta’lim sifati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Mazkur bellashuvda o‘tgan yil maktabimizdan 5 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 7 nafarga yetdi. Bu juda yuqori natija sanaladi.

Bilimlar bahsida kuch sinashayotgan o‘quvchilar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni ko‘rib, ularning ustozlariga “balli” degingiz keladi. Chunki, shogirdining yuksak marralarini zabt etishida ustozning xizmatlari beqiyosdir.

– Tarix faniga qiziqishimda Yolqin Turobov, Sanjar Hamdamov, Yo‘ldosh Rahmonov singari ustozlarimning hissasi katta bo‘lgan, – deydi Begzod Orziqulov. – Hozirda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 65-IDUMning 8-sinfida ta’lim olib kelmoqdaman. “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichida ikkinchi bor ishtirok etishim. Quvonarlisi, bu yil faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Ustozlarim ishonchini oqlaganimdan juda ham xursandman. Kelgusida huquq sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishni niyat qilganman.

Яна ўқинг:  Организмга жуда фойдали мева-сабзавотлар

O‘tmishsiz kelajak yo‘q, deydi dono xalqimiz. Chindan ham, o‘z o‘tmishi, tarixini chuqur bilgan inson hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi. Uning milliy g‘ururi, o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbatini hech kim, hech qachon so‘ndira olmaydi.

– O‘z huquqini yaxshi bilgan inson jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘ladi, – deydi Jizzax viloyatidan kelgan Madina Shahobova. – Shu sabab huquq faniga qiziqishim kuchli. Viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgach, Respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Maqsadim bu natijalar bilan to‘xtab qolmasdan faqat va faqat olg‘a intilish va menga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash.

Bellashuv natijasida nafaqat o‘quvchilarning, balki Davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablarning bajarilish holati ham tahlil qilinadi hamda ta’lim sifati ko‘rsatkichlari orqali ta’lim muassasalari, hududiy xalq ta’lim boshqarmasi faoliyati baholanib, respublikadagi 194 ta tuman (shahar)larning reytingi aniqlanadi.

Bellashuvda yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar o‘quvchi uchun Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Quyoshli” oromgohida o‘quvchilarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mazkur dam olish maskanida o‘quvchilarni sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish bilan birgalikda, har bir fan bo‘yicha mamlakatimizning yetakchi fan arboblari, madaniyat va san’at xodimlari ishtirokida fan kechalari, mahorat darslari, viktorinalar, turli tanlov va musobaqalar o‘tkaziladi. Bu yilgi “Intellektual-rivojlantirish oromgohi” “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etiladi.

29-30 iyun kunlari R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida “Bilimlar bellashuvi” respublika bosqichining filologiya fanlari yo‘nalishida o‘quvchilar ona tili va adabiyot, ingliz, fransuz, nemis, o‘zbek va rus tili bo‘yicha bellashishadi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: