Bola boshidan…

Farzand tarbiyasida oilaning tutgan o‘rni nihoyatda muhimdir. Insonning kelajakda qanday shaxs bo‘lib kamol topishi esa bevosita oiladagi muhitga bog‘liq. Oila jam bo‘lib bir dasturxon atrofida yig‘ilgan mahalda, hamma ishlar o‘rtada hal qilinadi. «Maslahatli to‘y tarqamas» deganlaridek, oila a’zolarining hech biri muammolariga javob olmay qolmaydi. Hammaning fikri tinglanib, umumiy bir to‘xtamga kelinadi. Pul xarajat qilinadigan o‘rinlarda “Yetti o‘lchab, bir kesiladi”.

Oilaning bu o‘rinlarida kamchiliklar ko‘zga tashlanib qolsa, bo‘shliqni to‘ldirib, darhol tuzatishning imkoni bor. Ammo bir masala borki, unga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Bugun siz bilan masalahatlashmoqchi bo‘lgan mavzuimiz har bir jamiyatning kelajagi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasidir.

Rejali va uzoqni ko‘zlab qilingan ishlar, albatta, xayrli yakun topadi. Buning hayotdagi tasdig‘ini bugun ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalban his etib turibmiz.

O‘zimiz biror xayrli ish qilib xursand bo‘lsak, farzandimizning qilgan yaxshi ishini ko‘rib o‘n marta quvonamiz. Odamlardan farzandimizning odobi, yurish-turishi, xulqi uchun rahmat eshitish zavqi qanchalik sururli bo‘lishini gapirmasak ham bo‘ladi. Butun hayotimiz davomida o‘g‘il-qizlarimiz ortidan yaxshi so‘z eshitishni istasak, bola tarbiyasida tadbirli-tartibli bo‘lishni odat qilishimiz, butun oila, tarbiyada hamfikr bo‘lishimiz shart.

O‘rtoqlari bilan ko‘cha changitib, egasidan so‘ramay birovning daraxtidan meva uzgani uchun nabirasiga o‘zgalar haqqini tushuntirib, nasihat qilayotgan otamizning gapi bizga erish tuyulib, «Yosh bola-ku, olsa olibdi-da, bozorda arzimas pulga beradi-ku dada, shunga shunchami? – deymiz. Afsuski, arzimagan narsani olib, dadasining panohiga kirgan yigitcha, erta-indin kattaroq narsani so‘ramay olishi mumkinligi bizning xayolimizga kelmaydi.

Rost so‘zlash, yolg‘on gapirmaslik haqida farzandimizga juda ko‘p gapiramiz. Ushbu o‘rinda ham avval farzandlarga o‘zimiz shaxsiy namuna bo‘lishimiz lozim. Telefon go‘shagini ko‘tarmoqchi bo‘lgan bolamizga «Meni so‘rashsa, uyda yo‘q degin», – deymiz.

Ikki o‘rtada bola hayron, biri bu ishni qilma desa, boshqasi pinagini ham buzmay qilaver, deydi. Xayolidan bu ishni qilsam kimdir qilma deb meni urishsa, boshqasi baribir mening yonimni oladi degan, o‘y o‘tadi. Bolaning suyagi qilma, tegma, qilaver, o‘ynayver kabi bir-biriga zid so‘zlar bilan qotadi.

Butun dunyoga o‘rnak bo‘ladigan Sharq madaniyatida bejizga odob-axloq tushunchalariga katta e’tibor qaratilmaydi. Zero, ana shu axloq me’yorlari bilan ulg‘aygan farzandlar ertaga birovning ko‘ngliga ozor bermasligi, o‘zgalarni hurmat qilishi aniq. Va shubhasiz, kelajakda o‘z farzandlari va nabiralariga ham huddi shunday tarbiya beradi. Zero, xalqimiz «Yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqshdir» deb bejizga aytmagan.

Yana o‘qing:  Bola huquqi baxtli hayot asosidir

Farzand tarbiyasida ota-onalarimiz qo‘llayotgan uslubga qarshi chiqmasligimiz kerak. Ular sizni qanday tarbiya qilishgan bo‘lsa, farzandlaringizni bundan yaxshiroq tarbiyalashlariga hech qanday shubha yo‘q. Agar ular biror narsani aytsa-yu, siz bolaga uning aksini tushuntirsangiz unda bolada o‘z-o‘zidan tanlash zarurati tug‘iladi va natijada bola aniq bir qarorga kelolmay qiynaladi. Avvalambor, farzandingizga o‘zingiz o‘rnak bo‘lishingiz lozim. Uning oldida hech qachon ota-onangizga gap qaytarmang, tortishmang. Zero, bolaning miyasida demak ota-onaga ham gap qaytarish mumkin, degan tasavvurni uyg‘otib qo‘yishingiz mumkin.

Bola tarbiyasi uchun butun oila a’zolari mas’uldir. Bolani ota bir tarafga, ona ikkinchi tarafga tortqilashi uning ruhiyatida yaxshi ish uchun ham yomon ish uchun ham bir xil munosabatni shakllantiradi. Yosh niholni parvarish qilsak, uni o‘zimiz xohlagan shaklga sola olamiz. Ammo u nihol o‘sib katta daraxtga aylangandan keyin uni egib bo‘lmaydi, egsangiz sinadi.

«Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, polaponlarimizga faqatgina shirin muomila, yaxshi va ezgu amallarimiz bilan o‘rnak bo‘laylik.

Muhammadsobir ABDUMALIKOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: