Stol tennisi: kuchlilar saralandi

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarga ulkan imkoniyatlar yaratilayapti. Ayniqsa, sport sohasida yetishib chiqayotgan chempionlar, yangidan-yangi nomlar ushbu e’tiborning samarasidir. Jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan o‘g‘il-qizlarimizga havasmandlar ortmoqda. Shuning barobarida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Zamonaviy sport majmualarida o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan shug‘ullanmoqda. Istiqlol farzandlarini ham jismonan, ham ma’nan yetuk etib tarbiyalashda, ularning jahon sporti maydonlarida yuksak marralarni egallashga qodir avlod bo‘lib shakllanishida turli musobaqalarning tashkil etilgani ham katta ahamiyat kasb etayotir.

Poytaxtimizdagi “Qushbegi” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan stol tennisi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” kubogi X respublika o‘smirlar musobaqasi fikrimizning tasdig‘idir.

Ushbu turnir “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Stol tennisi Federatsiyasi hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida ishtirokchilar soni va saviyasi ancha ortib borayotgani ushbu sport turining ommalashib borayotganidan dalolatdir.

Musobaqaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yoshlarni sportga jalb etish, bolalar o‘rtasida stol tennisini ommalashtirish, shuningdek, yaratilayotgan shart-sharoitlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanish lozimligini ta’kidladilar.

Turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 2001-2002 yillarda tug‘ilgan birinchi bosqich g‘olibligini qo‘lga kiritgan jami 56 nafar o‘smir sportchilar ishtirok etishdi. Musobaqa qatnashchilari juftlik va yakkalik bahslarida o‘zaro bellashdilar.

Yurtimizda mazkur sport turi bilan 14 ming nafardan ortiq bola shug‘ullanmoqda. Quvonarlisi, ularning soni yildan-yilga ortayotir. Aytish joizki, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri sportchilari xalqaro turnir va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.

– Musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rganimiz bois raqiblarimizga nisbatan yaxshi o‘yin namoyish etdik, – deydi samarqandlik Mehrjon Shamsiddinov. – Kelajakda dunyo sport arenalarida g‘alabalarga erishib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarilishiga sababchi bo‘ladigan eng kuchli sportchilardan biri bo‘lishni xoxlayman.

Turnirning yakuniy natijalariga ko‘ra o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni qoraqalpog‘istonlik Muhriddin Rajapov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa samarqandlik Mehrjon Shamsiddinov, uchinchi o‘ringa esa farg‘onalik Bekzod Adhamjonov munosib ko‘rildi. Qizlar o‘rtasida musobaqa shohsupasini namanganlik Sug‘diyona Madaminova, andijonlik Husnora Emenova hamda buxorolik Shahnoza Bahodirova egallashdi.

Yana o‘qing:  Maktablarda savodxonlik kechalari

Juftlik bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘ringa farg‘onalik B.Adhamjonov va U.Husanov loyiq deb topilgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni namanganlik O.Zokirov va S.Hakimov hamda samarqandlik M.Shamsiddinov va Sh.Nishonovlar egallashdi.

Qizlar o‘rtasida esa Namangan viloyatidan S.Madaminova va U.Sharopova g‘olib bo‘lishdi. Andijonlik N.Dadaboyeva va H.Iminova hamda sirdaryolik N.Tog‘ayeva va G.To‘xtasinovalar ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga munosib deb topildi.

Sahifa materiallarini Navro‘z NORBOBOYEV tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: