Mas’uliyat, sinchkovlik va bilim

muharrir mahoratini ro‘yobga chiqaruvchi bosh omil

Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi. Har bir millatga baho berilar ekan, avvalo, uning madaniyati, san’ati va badiiy tafakkuriga e’tibor qaratiladi, ilmiy salohiyati inobatga olinadi. Yurtimizda keyingi yillarda noshirlik faoliyati yanada rivojlanmoqda. Qator xususiy nashriyotlar faoliyat yuritayotir. Bu esa kitobxonlarning turli mavzudagi kitoblarni mutolaa qilishiga imkon yaratyapti. Ammo sohada kamchiliklar ham yo‘q emas.

Ba’zi nashriyotlarda chop etilayotgan asarlarning saviyasi, undagi imlo xatolar, jumlalar g‘alizligi o‘quvchining g‘ashiga tegayotgani ham bor gap. Xo‘sh, bu muammolarni bartaraf etishning yo‘li bormi?

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi majlislar zalida adabiyotshunos olim, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu kabi savollarga javob izlandi.

Muallif, nashriyot va muharrir, jamoatchilik, kitobxon hamda kitob savdosi bir-biri bilan uyg‘un. Ularni ayri tassavur qilib bo‘lmaydi. Zero, chop etilayotgan asar uchun jarayon doirasidagi har bir kishi javobgardir. Ayniqsa, nashriyot faoliyatida muharrirning tutgan o‘rni beqiyos. O‘zbek noshirlik tarixida Asqad Muxtor, Vahob Ro‘zimatov kabi mohir muharrirlar o‘zidan ajoyib maktab qoldirgani, u maktab tarbiyachilari bugungi noshirchilik, gazeta va jurnallar faoliyatida beminnat xizmat qilayotgani sir emas. Ayni paytda shiddat bilan rivojlanayotgan zamon esa muharrirlardan ham ixtisoslashuvni talab etmoqda. Bu yaxshi, albatta. Hatto badiiy adabiyotda ham nazm, nasr, tarjima asarlarini o‘qiy oladigan, uning ifoda uslubi, g‘oyasi, asliyatini asrab qola oladigan muharrirlar millat ma’naviyatini yanada yuksaltiradi.

Yurtboshimiz tomonidan yoshlarni bilimli va har tomonlama yetuk qilib tarbiyalashga katta e’tibor qaratilyapti. Ana shu sa’y-harakatlarning biri sifatida ulg‘ayib kelayotgan avlodning chet tillarini puxta o‘zlashtirishiga e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Bu jarayon esa badiiy tarjimaga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatyapti. Bugun o‘zbek tarjimonlari ingliz, yapon, xitoy tilidagi asarlarni tarjima qilishmoqda. Ammo ularni asli bilan solishtira oladigan muharrirlarga ehtiyoj kun sayin ortayotgani bor gap. Bunday muammolarning oldini olish uchun esa sohada ixtisoslashuv jarayonini tezlashtirish zarur bo‘ladi. Nashriyotlar soni ortgani sari chop etilayotgan asarlar orasida g‘oyaviy bo‘sh, mavzu ko‘lami tor asarlar ham uchrab turibdi. Eng qizig‘i, kitobxon ommasi bugungi o‘zbek adabiyotiga o‘sha kitoblar doirasida baho bermoqda. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun esa yurtimiz bo‘ylab “Kitob bayramlari” tashkil etish, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari bilan uchrashuvlar uyushtirish, ularning badiiy tafakkurini oshirish maqsadga muvofiqdir. Zero, ulug‘ bobomiz Cho‘lpon aytganidek: “Adabiyot yashasa – millat yashar”.

Yana o‘qing:  XABARLAR, YANGILIKLAR, VOQEALAR (2013-8)

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: