Cport, nafosat va go‘zallik bayrami

Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati va «Happy Caravan» xalqaro turniri boshlandi. Badiiy gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari respublika bolalar-o‘smirlar ixtisoslashgan sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati va «Happy Caravan» xalqaro turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Bayramona bezatilgan muhtasham sport saroyi mehmonlar, sportchilar va muxlislar bilan gavjum. Ishtirokchi mamlakatlarning davlat bayroqlari hilpirab turibdi.

Chorlov sadolari ostida maydonga Osiyo chempionati va «Happy Caravan» xalqaro turniri ishtirokchilari – O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Singapur, Malayziya, Tailand, Hindiston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Isroil, Rossiya terma jamoalari kirib keladi.

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti Lola Karimova-Tillayeva musobaqani ochiq, deb e’lon qildi.

Osiyo gimnastika ittifoqi prezidenti Rahmon al-Shatriy O‘zbekistonda ko‘plab sohalar singari sportni, jumladan, bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar, o‘smirlar va yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda sportning qizlarga xos turlari, ayniqsa, badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish, malakali kadrlarni tayyorlash va ularning faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Badiiy gimnastika bo‘yicha joylarda hududiy federatsiyalar va markazlarning tashkil etilgani tufayli sportning salomatlik uchun har tomonlama foydali bo‘lgan ushbu nafis turi bilan muntazam shug‘ullanayotgan qizlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilar 2003 yilda 1646 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 35 ming nafardan ortig‘i ushbu sport turi bo‘yicha mash­g‘ulotlarga muntazam qatnashmoqda.

Bu ko‘rsatkichlarning o‘sishi yurtdoshlarimizning sportga, ayniqsa, qizlar sportiga nisbatan qarashlarining tubdan o‘zgargani, sog‘lom turmush tarzi mustahkam qaror topayotgani, ota-onalar farzandining sportga mehr qo‘yishi qanchalik ulug‘ maqsadlarga poydevor bo‘lishini anglab yetayotganidan, bolalar sporti mamlakatimizda tom ma’noda umummilliy harakatga aylanganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda badiiy gimnastikaning jadal ommalashayotgani qizlarimizning jismonan va ma’nan sog‘lom voyaga yetishiga xizmat qilish bilan birga, ular orasidan xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar yetishib chiqishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yana o‘qing:  Oq yo‘l, talaba sportchilar

O‘zbekistonlik badiiy gimnastikachilar Osiyo chempionatining ilk medalini 2004 yilda qo‘lga kiritgan edi. Xitoyda o‘tgan musobaqada hamyurtimiz Olesya Ashayeva bronza medalga sazovor bo‘lgandi. 2009 yilgi jahon chempionatida Ulyana Trofimova halqa va arg‘amchida mashq bajarishda ikkita bronza medalni qo‘lga kiritgan. Gimnastikachilarimiz jamoaviy bahslarda uchinchi o‘rinni egallagan.

2010 yili poytaxtimizda 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining mutlaq g‘olibasi, deb topilgan Aziza Mamajonova Singapurda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi I Olimpiya o‘yinlarida qit’amiz sharafini himoya qildi.

2011 yilgi Osiyo chempionatida medallar soni va salmog‘i yanada oshdi. Ulyana Trofimova ko‘pkurash bahslari va tasmada mashq bajarishda, Jamila Rahmatova bulava o‘ynatishda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Terma jamoamiz a’zolari jamoaviy va guruh bahslarida yana uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Toshkent shahri 2004, 2005, 2011 va 2012 yillarda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichlari, 2010 yilda o‘smir qizlar o‘rtasida Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Osiyo gimnastika ittifoqi o‘zining Bosh assambleyasini 2012 yilda poytaxtimizda o‘tkazgani ham O‘zbekistonda ushbu sport turini rivojlantirishda erishilgan salmoqli natijalar e’tirofining yorqin tasdig‘idir.

Toshkent shahrida boshlangan Osiyo chempionatida qit’amizning eng kuchli gimnastikachilari, «Happy Caravan» xalqaro turnirida esa o‘smir qizlar yakkalik va guruh bahslarida arg‘amchi, halqa, to‘p, bulava, tasmada mashq bajarish hamda ko‘pkurash bo‘yicha o‘z iste’dod va mahoratini namoyish etadi. Xalqaro hakamlar brigadasi gimnastikachilar bajargan kompozitsiyalarni uch yo‘nalish — ijro mahorati, artistizm va mashqning murakkabligi bo‘yicha baholab boradi.

To‘rt kun davom etadigan Osiyo chempionatida Jamila Rahmatova, Mayya Filippova, Maftuna Shamsiyeva, Valeriya Davidova, Luiza G‘aniyeva, Zarina Qurbonova, ­Darya Svechnikova kabi gimnastikachilarimiz mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

– Bo‘lajak musobaqaga har tomonlama jiddiy tayyorlandik, – deydi «Umid nihollari – 2012» musobaqasi g‘olibasi Mayya Filippova. – Maqsadimiz mazkur Osiyo chempionatida munosib ishtirok etib, sov­rinli o‘rinlarni egallashdir.

Musobaqalarning tantanali ochilish marosimida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov ishtirok etdi.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: