Tabiatning totli tuhfalari

Qadimda turli xalqlar undirilgan bug‘doy, javdar, tariq, suli, arpa va dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat, yasmiq, yashil no‘xat, soya) yeryong‘oq, pista urug‘i shifobaxsh xususiyatga egaligini yaxshi bilgan. Ayniqsa, qishdan keyin bahorgi “ilik uzildi” davrida ham darmondorilarga boy giyohlar unib chiqqunicha undirilgan donli va dukkakli o‘simliklardan turli taomlar tayyorlashgan.

O‘zbek xalqi ham Navro‘z taomlaridan hisoblanmish sumalakni undirilgan bug‘doyning oqish maysasidan tayyorlaydi. Hamma suyub iste’mol qiladigan halimni ham oshpazlarimiz bug‘doy yormasidan me’yorga keltirib pishiradi.

Undirilgan donli va dukkakli o‘simliklar tarkibida kaliy, kalsiy, kremniy, xrom, selen, mis, rux, temir, yod, B5, E, C, D, P vitaminlari va foliy kislota ko‘p miqdorda mavjud bo‘ladi. 3 mm uzunlikda undirilgan oqish rangdagi bug‘doy maysasining sharbatidan yarim-bir stakandan har kuni nahorda och qoringa bir oy davomida iste’mol qilish organizmni ortiqcha va zararli xiltlardan tozalaydi. Dastlabki kunlarda undirilgan maysani iste’mol qilish ichni suradi, u tanani biroz bo‘shashtirishi ham mumkin. Yana ba’zilarda bosh aylanishi kuzatiladi. Ammo, bundan aslo tashvishga tushish kerak emas. Chunki, organizm xiltlardan tozalanayotgan bo‘ladi.

Me’da va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalliklari mavjud bemorlarga bu mahsulot tavsiya etilmaydi. Shuningdek, ushbu shifobaxsh tabiiy ne’mat iste’mol qilingan davrda sutli mahsulotlar, asal, gul changi, mo‘miyo, jenshen (“oltin ildiz”) kabilardan parhez qilish zarur.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bir necha xil vitaminlar organizm faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Muntazam iste’mol qilingan turli donlar va dukkakli mahsulotlarning undirilgan maysasi ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. Bir necha oydan so‘ng esa bemorning ko‘zoynak taqishiga ham ehtiyoj qolmaydi. Agar soatlab televizor qarshisida, kompyuter oldida o‘tirishni odat qilgan kishi yoki makiyajni suiiste’mol qilib, haddan ziyod bo‘yoq surtgan xotin-qizlarga hatto undirilgan, shifobaxsh maysalar ham yordam bermasligi mumkin. Oqilona ovqatlanish (tabiiy meva-sabzavotlar hamda xom maysalarni iste’mol qilish), parhezga amal qilish, sog‘lom turmush tarzi hamda o‘z vaqtida dam olish (kun tartibi va uyqu), ochiq havoda sayr, turli stress (ruhiy zo‘riqish) va depressiya (tushkunlik)dan o‘zini asrash har bir insonning sog‘lom yashashi va uzoq umr ko‘rishi uchun poydevor yaratadi.

Yana o‘qing:  Shirin kulchalar

Bug‘doy maysasini iste’mol qilgach inson o‘zida bir qancha ijobiy o‘zgarishlarni seza boshlaydi. Ya’ni moddalar almashinuvi yaxshilanishi bilan ortiqcha vazndan qutiladi. Shuningdek, tanadan zararli xiltlar chiqib ketgach, teri ma­yin tortib, yosharadi. Ko‘zlar chaqnaydi. Soch­lar qalinlashib, jilolanadi. Immunitet mustahkamlanib, tayanch-harakat, asab tizimi, qon-tomir, me’da-ichak tizimi faoliyati yaxshilanadi. Qonda kislorod miqdori oshadi. Organizmning sovuqqa va kislorod yetishmasligiga nisbatan chidamliligi oshadi. Odatda kamqonlikda va qon quyilganda ushbu belgilar kuzatiladi.

Xalq tabobatida undirilgan oqish maysa xavfli va xavfsiz o‘smalar, turli shishlar va yog‘li tiqilmalarning so‘rilib ketishi uchun tavsiya etiladi. Chunki organizm xiltlardan tozalansa, turli yallig‘lanish o‘choqlari o‘z-o‘zidan surilib ketadi. Don tarkibidagi o‘simlik kletchatkasi me’da-ichak tizimida shishib, o‘ziga organizmdagi zaharli moddalarni shimib oladi. Tozalangan a’zolar esa mo‘tadil faoliyat yuritadi. Tanada immunitetning mustahkamlanishiga ichaklardagi ijobiy mikrobning tiklangani sabab bo‘ladi. Shuning uchun kandidoz (malochnitsa-oqchil) kasalligi yana qaytalanmaydi. Kamqonlik tufayli sinuvchan bo‘lib qolgan tirnoqlar ham asl holiga qaytadi.

Maysalarni qanday undirish kerak?

Ma’lumki, ekiladigan bug‘doyga turli zaharli dorilar bilan ishlov beriladi. Bu esa turfa zararkunandalardan asraydi. Shuning uchun iste’molga yaroqli bug‘doy va dukkaklilarning maysasidan foydalanish zarur. Yana shuni eslatib o‘tamiz-ki, agar maysa juda ham o‘sib va bir oz yashil tusga kirsa, taxir bo‘ladi. Hatto, uning foydasidan zarari ko‘proq bo‘lishi mumkin. Uzunligi 3 mm bo‘lgan oqish maysani iste’mol qilish kerak.

Odatda dorilangan yoki puch urug‘lar suv yuziga qalqib chiqadi. Ta’kidlash joiz, ikki kechayu kunduz davomida unib chiqmagan donlar ham iste’molga yaroqsizdir. Agar maysalar noto‘g‘ri undirilgan bo‘lsa, ichak tayoqchasi va salmonellyoz kasalligini yuqtirib olish ehtimoli ham yuqori bo‘ladi.

Shuning uchun urug‘larni qaynatilgan sovuq suv yoki gazsiz buloq suvi bilan yaxshilab yuvish kerak. Katta yoshli har bir kishilar uchun 50-100 gramm miqdoridagi donni undirish mumkin. Undirilgan maysalarni chinni yoki sirli idishga solib muzlatkichning pastki qismida og‘zi yopiq holda 48 soatgacha saqlash tavsiya etiladi. Tindirilgan maysalarning rangi bir oz qoraygan bo‘lsa, yoki unda oz-moz mog‘or paydo bo‘lganini sezsangiz, uni aslo iste’mol qilmang.

Quruq no‘xat doni ivitilgandan so‘ng o‘n kun davomida 2 sm uzunlikda o‘sadi. Donlar yaxshilab yuvilgach, chinni yoki sirli idishga ustidan ko‘mib turadigan qilib suv solinadi. Hidlanib yoki mog‘orlab qolmasligi uchun tez-tez suvi almashtirilib turiladi.

Yana o‘qing:  Yosh musavvir dunyoni anglamoqda

Don va dukkaklilar xona haroratida yoki iliqroq joyda quyosh tushib turadigan joyda undiriladi. Ammo sumalak uchun undirilgan bug‘doyga quyosh nuri tushmasligi kerak va bu don ham vaqti-vaqti bilan nam­lab turiladi. Sumalak uchun tayyorlanadigan bug‘doy yaxshilab yuvilgach, qorong‘u va toza joydagi yog‘och xontaxta ustiga bo‘z mato solinib, ustiga yuvilgan bug‘doy bir tekis solinadi. Iliqroq joyda maysalar oqish bo‘lib, igna bo‘yi nish urib, unib chiqadi. Ana shu unib chiqqan maysa go‘shtqiymalagichdan o‘tkaziladi (Ilgarilari undirilgan bug‘doy maysasi katta-katta yog‘och hovonchalarda yanchilar edi). Maydalangan oqimtir maysa siqib sharbati olinadi. Bir necha marta yuvib va siqib olingan maysa nihoyat “o‘z vazifasini bajarib bo‘ladi”. Undirilgan bug‘doyning shirali va darmondorilarga boy shirasidan onaxonlar sumalak tayyorlashadi.

Mosh, loviya, soya kabi dukkaklilar 7-10 sm uzunlikkacha nish urishi mumkin. Ammo, ular oqish rangda bo‘lsagina iste’mol qilinadi. Javdar va soya maysasi tarkibida o‘simlik garmonlari va yog‘ mavjud. Dukkaklilarda esa protein, amina kislotalar ko‘p bo‘ladi. Prostata bezi yalig‘langan erkaklar uchun undirilgan javdar maysasini iste’mol qilish tavsiya etiladi. Undirilgan dukkaklilar moddalar almashinuvi va uyquni yaxshilaydi. Miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Shuning­dek, undirilgan pista urug‘i tarkibida ham turli vitaminlar mo‘l.

Urug‘lardan taom va salatlar tayyorlash

Undirilgan urug‘larni quritib, ularni mikser yoki hovonchada yanchish yo‘li bilan un tayyorlash mumkin. Undan bo‘tqa tayyorlab yoki ko‘katli va sabzavotli salatlar ustiga sepib iste’mol qilsa bo‘ladi. Tariq doni maysasini quritib, undan tayyorlangan un ham qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun shifobaxsh hisoblanadi.

Tariq maysasini kofemaydalagich, mikser yoki hovonchada maydalaymiz. Ustiga qaynagan sovuq suv solamiz. 3-5 daqiqa qaynatamiz va qaynatmani 20 daqiqaga tindirib qo‘yamiz. Keyin kiselni suzib olamiz, yangi tayyorlagan ushbu qaynatmani 15 kun davomida har kuni iste’mol qilish zarur.

Yuqorida biz undirilgan bug‘doy va dukkaklilar maysasini me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasida iste’mol qilish mumkin emas, degan edik. Ammo bu cheklov tariq maysasidan tayyorlangan kisel uchun istisno etiladi. Turli undirilgan maysalarni bo‘tqalar bilan dimlab pishirish ham mumkin. Shuningdek, go‘shtqiymalagichdan o‘tkazilgan undirilgan urug‘larni yupqa non shakliga keltirib, yog‘ surtilgan tovada ikkala tomonini salgina qizartirib olish mumkin. Bu xushxo‘r kulchalar ham hammaga birday yoqishiga ishonamiz.

Yana o‘qing:  Baxtiyor damlar sururi

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerak-ki, ona tabiatning o‘zi tabib. Kurrai Zaminning har qarichida turli kasalliklarga davo bo‘luvchi turfa xil o‘simliklar mavjud. Ammo Ona Yer gultoji bo‘lmish inson zoti tabiat in’om etgan ushbu tabiiy ne’matlar qadriga yetib, ulardan oqilona foydalanish, zarur.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: