Uyqudagi “ajdarho”ni uyg‘otmang

bolalar va o‘smirlarning bosh miyasiga

nikotin salbiy ta’sir ko‘rsatadi

Har bir oilada to‘rt muchasi sog‘lom farzand tug‘ilsa nafaqat ota-ona, balki qavmu-qarindoshlar ham quvonadi. Bobo-buvilar “bolam o‘zidan ko‘paydi” desa, jigarlar “jigarimning dilporasi” deya suyadi. Chunki, sog‘lom tug‘ilgan har bir o‘g‘il-qiz bir kun kelib ulg‘ayib, keksa ota-onasiga suyanch, elu yurt koriga yarovchi tayanch, ona Vatan ravnaqi, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shuvchi faol fuqaro bo‘lib kamolga yetadi.

Ana shu saodatli kunlar umidida o‘g‘il-qiz o‘stiramiz. Ularning kamolini ko‘raylik deya halol mehnat qilamiz. Ammo hamma ota-ona ham sog‘lom turmush tarzi borasida farzandiga o‘rnak bo‘layaptimi? Shu haqida hech o‘zingizga savol berib ko‘rganmisiz?

Yaqinda televizorda bir lavhaga ko‘zim tushdi. Uning nomi “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”deya atalgan edi. Shinamgina xonada hali yoshiga yetmagan go‘dak gilam ustida emaklab yuribdi. Yoshgina ota derazani ochib chekib turibdi. Otasiga qarab kulib turgan bolakay uning yuz-ko‘zlari tutunga burkanganini ko‘rib hayratdanmi yoki qo‘rquvdan ko‘zlarini katta-katta ochadi. Bir ozdan so‘ng esa ota sigaret qutisini xonadagi mebelning quyi qismiga qo‘yadi. Ota derazaga boqib ko‘chani tomosha qilayotgan payti go‘dak emaklab borib, mebelga suyanib o‘rnidan turadi. Ochiq turgan sigaret qutisini olib dastlab uni ushlab turadi. Keyin esa sigaretani og‘ziga soladi…

Qo‘lida sigaret burqsitib turgan ustozi yoki shifokorni ko‘rgan bola sigaretning zarari haqidagi nasihatga amal qilarmikan?! Hatto, yon-atrofimizdagi chekuvchi hamkasblarimiz va yaqinlarimizdan nega chekishlari haqida so‘raganimizda “siqilib ketdim, miyam dam oladi yoki xumor tutyapti” deya javob berishadi.

Ma’lumki, dastlab sigaret chekilganida organizm tashqaridan majburan kiritalayotgan zaharga nisbatan qarshilik ko‘rsatadi. Ya’ni, odamning ko‘ngli ayniydi. Boshi aylanib, qusgisi keladi. Behol bo‘lib, bo‘shashib ketadi. Tomog‘i quriydi. Ba’zilarni yo‘tal tutib, nafasi qisadi. Bo‘lajak kashanda o‘zgalar oldida yana shu “qahramonlik”ni davom ettiraversa bora-bora organizm ham qarshilik ko‘rsatishdan charchab, zaharga moslashadi. Ayniqsa, bosh miya, yuqori va quyi nafas yo‘llari nikotinga ta’sirchan bo‘ladi. Miyadagi xumorni qo‘zg‘atuvchi markaz nikotinga o‘rganib qolsa bormi, har kuni o‘z “hissasi”sini talab qila boshlaydi. Chunki butun tanani miya boshqaradi. Uyquda mudrab yotgan “ajdarho” – xumor markazini qo‘zg‘atib qo‘yishdan qo‘rqish kerak. O‘z muammolarini chekish bilan bartaraf etmoqchi bo‘lgan odamlar adashadilar. A’zoi-badanidagi har bir hujayrasi nikotinga to‘yingan kashandaning tanasi kundan kunga tanazzulga yuz tutsada, uning muammolari bartaraf bo‘lmaydi. Sigaret chekish-giyohvandlik sari qo‘yilgan ilk qadamdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Doimiy ravishda chekadigan kashandalarning qoni quyilganligi sababli tanada kislorod tanqisligi seziladi. Ularning terisi o‘z jozibasini yo‘qotadi. Oyoq-qo‘llaridagi kapillyar (mayda qon tomir)larda qon aylanishi buzilganligi sababli kashanda sovuqqotadi. Ularning qo‘l va oyoqlari muzday bo‘ladi. Yurak kislorod tanqisligi tufayli zo‘riqib ishlaganligi uchun chekuvchi odamning ko‘z osti ko‘kimtir xalqob bo‘lib turadi. Har qanday kashandaga chekishning zarari haqida aytib ko‘ring, indamay quloq soladi. Ammo, o‘z bilganidan qolmaydi. Undan ko‘ra “mayli uka yoki akajon (ba’zida opajon yoki singiljon ham bo‘lishi mumkin) xumor tutsa cheking. Faqat bir kunda 5-6 dona (ashaddiy chekuvchilar hatto yarim-bir quti sigaretni ham ko‘rdim demaydi) emas 3-4 dona cheking. Keyin kunda 1-2 donaga o‘tasiz. Ammo, har kuni yarim litr sut yoki qatiq ichib turing. Keyin ko‘proq meva-sabzavotlar iste’mol qiling. Qarabsizki, asta-sekin chekishni tashlaysiz” deb ko‘ring. Kashanda albatta sizni qiziqib tinglaydi. Chunki, man qilingan har qanday narsa totli bo‘ladi. Eng muhimi siz qat’iy ravishda qo‘lingizga “kaltak olib unga tashlamang”. Kashandalarga e’tibor bering qo‘li bilinar-bilinmas titraydi. Xuddi beshiktervatarday silkinib turgan qarshingizdagi odamga qarab kuyishingizni ham kulishingizni ham bilmaysiz. Chekuvchining nafasidan kelayotgan badbo‘y hid ko‘nglingizni behuzur qiladi.

Yana o‘qing:  Sog‘lom tishlar jozibasi

Bolalarga aqlini taniy boshlaganidayoq chekishning zarari haqida o‘zingiz ertak aytib bering. Misol uchun, og‘izdan olov purkab turgan ajdarhoning nafasi tufayli quruq o‘t-o‘lanlar alanga ichida qolgani haqida. Keyin u doimo og‘zidan tutun chiqarsa, atrofidagi jonzotlar undan qo‘rqib do‘stlashmay qo‘ygani va natijada ajdarho yolg‘izlanib mangu g‘orga kirib ketgani xususida va hakozo. Ertakning davomini qanday tugatish sizning quvvayu hofizangizga bog‘liq. Bir paytlar rivojlangan va rivojlanayotgan xorij davlatlarida mashhur tamaki kompaniyalari ko‘plab estrada va rok-yulduzlari ishtirokida konsertlar va sport tadbirlarini uyushtirar edi. Chunki, bunday tadbirlar ko‘proq yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan. Endilikda chet ellarda ham sog‘lom fikrli insonlarning sa’y-harakatlari tufayli hukumat tomonidan ana shunday ommaviy tadbirlarga chek qo‘yildi. Bunday kompaniyalarning reklamasi jozibali va yorqin bo‘lib yoshlar va bolalarni o‘z domiga tez tortadi. Ma’lumotlarga ko‘ra AQSHda o‘smirlar tamaki mahsulotlarini sotib olish uchun bir yilda milliard dollar mablag‘ sarflar ekan.

Har bir ota-ona oilada o‘g‘il-qizi uchun ezgu amallarda ibrat bo‘lishi kerak. Bolalar ikkiyuzlamachilikni qabul qilolmaydi. Chekuvchi kattalarning nasihati qumga singan suvday izsiz yo‘qoladi. O‘smir va bolalarga tamakining zarari haqida batafsil ma’lumot berish zarur. Ayniqsa, uning tarkibidagi zararli moddalar va ularning qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi bolalarni ogohlikka chorlaydi. Bu esa ularning o‘z salomatligi haqida qayg‘urishlariga sabab bo‘ladi.

Mabodo ko‘cha-ko‘yda birorta bola yoki o‘spirinning chekib turganini ko‘rsangiz, befarq o‘tib ketmang. Unga yoqmasada yonida bir oz o‘tirib, nima uchun chekayotganining sababini so‘rang. Keyin internetdan tamaki va uning tarixi shuningdek, zararli tarkibi va qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi haqida maqolalarni o‘zi uchun o‘qib chiqishi zarurligini ta’kidlab o‘ting. Bu borada “Soglom.uz” saytini tavsiya etishingiz mumkin. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” maqoliga amal qilsangiz, sizning farzandingizni ham yomonliklardan qaytaruvchi yaxshilar topilishga aminmiz.

Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish joizki, statistik xabarlarga ko‘ra dunyo bo‘yicha har yili kashandalikdan OITS, avia va avtohalokatlar, ichkilikbozlik, giyohvandlik, o‘q otish qurollaridan yaralanishga nisbatan ko‘proq odam nobud bo‘lar ekan. Chunki, chekayotgan odamning atrofidagilar ham passiv (nofaol) chekuvchiga aylanadi. Bitta kashanda atrofidagi 10-12 nafar sog‘lom odamning sog‘ligiga zarar yetkazadi. Ana endi o‘zingiz hisoblab ko‘ravering.

Yana o‘qing:  Oqilona ovqatlanish – sarvqomatlik mezoni

“Jozibali” og‘uni tatish-yangilikka o‘chlikmi?

Nima uchun bolalar va o‘smirlar chekadi? Bu savol ko‘pchilik ota-ona va o‘qituvchilarni tashvishlantirishi aniq. Rossiyalik mutaxassis-shifokorlarning fikricha har yili maktab va litseylarda chekishga qarshi kurash chora-tadbirlari amalga oshirilsada chekuvchi bolalar va o‘smirlar ko‘plab uchrab turadi. Ayrim o‘smirlar 12-13 yoshidan cheka boshlar ekan. O‘quvchilar orasida yashirin o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra ularning 8 foizi har kuni chekishi aniqlangan. Agar o‘smirlar bir kunda 7-8 dona sigaret cheksa, unda jiddiy nikotinga qaramlik boshlanganidan darak beradi. Shuningdek, 10-11 sinf o‘quvchilarining teng yarmi chekishi hollari ham ko‘p kuzatilgan. Kashanda o‘smirlarning uchdan birida jiddiy surunkali nafas yo‘llari va me’da-ichak tizimi kasalliklari uchraydi. Birorta ham o‘smir chekishning zarari haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Bolalar va o‘smirlarning chekishga kuchli qiziqishiga sabab avvalo ularning yangilikka o‘chligidir. Shuningdek, ko‘pchilik yoshlarning oilasida kattalar chekkanligi sababli ular uchun “ibrat maktabi” mavjud. Yana birorta o‘smir cheka boshladimi “jinoyat”ga sherik izlaydi. Ya’ni, yolg‘izlanib qolmasligi va birgalikda ta’na-dashnomlarga dosh berish uchun uni qo‘llab-quvvatlovchi hamkor kerak. Ma’lumki, irodasi sust ayrim o‘smirlar tazyiqqa bardosh berolmaydi va yomon ta’sirga tez tushib qoladi.

Bir paytlar “Malboro” sigaretini chekib, reklamaga tushgan “qahramon” kovboyning o‘pka rakidan vafot etganini ko‘pchilik o‘smirlar bilmasa kerak. Bolalar juda qiziquvchan bo‘lishadi. Har bir yangilikka o‘chlik ularni kattalar olamiga yetaklaydi. Ayniqsa, o‘smirlar o‘zlarini ulg‘ayib qolganliklari va nimalarga qodirligini tengdoshlariga ko‘z-ko‘z qilishadi. “Ta’qiqlangan meva totli bo‘ladi” degan ibora bor. Hamisha bola yoki o‘smirga biror narsani ta’qiqlashdan oldin uning zarari haqida batafsil ma’lumot berish shart. Shundagina ular kattalarga ishonishadi. Yoshlar ko‘pincha kattalarga yoki sevimli film qahramonlariga taqlid qilib chekishadi. Ular uchun chekish ulg‘ayganligini isbotlaydi. Yana ayrim o‘smirlar tengdoshlari davrasida zaif ko‘rinmaslik va ulardan ajralib qolmaslik uchun chekishar ekan.

Yana so‘rovnomalardagi ma’lumotlarga ko‘ra chekuvchi o‘smir “avtoritet” hisoblanadi. Ayniqsa, u kattalardan yashirib cheksa o‘zini mustaqil va botir his etarmish. So‘rovnomada ishtirok etgan 5 foiz bolalar “tamaki chekish chiroyli ko‘rinishi” ni aytishgan. Bu esa dahshatning o‘zi. Axir o‘sayotgan organizm uchun nikotin bamisoli barq urib yashnayotgan o‘simlikni zarpechak chirmab, hayotiga tahdid solayotgandek gap. Ammo, eng achinarlisi balog‘atga yetayotgan o‘smirlar tamaki tarkibidagi zararli moddalar nafaqat ularning organizmdagi o‘sish va moddalar almashinuvi jarayonini sekinlashtirishini balki endokrin tizimiga ham salbiy ta’sir etib bepushtlikka sabab bo‘lishini bilishmas ekan. Tamaki shuningdek, bolalarda kamqonlik rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Soch oqarishining sabablari aniqlandi

Maktab o‘quvchilarining chekishga qiziqishi ularning jismoniy va aqliy salohiyati (intellekti)ga salbiy ta’sir etadi. Ayniqsa, kashandalar hisob-kitobda chalkashliklarga ko‘p yo‘l qo‘yishadi. Kuzatishlarga ko‘ra o‘smir tamaki chekmasidan oldin diqqatini jamlashga harakat qilib, miyasida ma’lum bir matematik formulani hisoblay olsa, chekkanidan so‘ng esa topshiriqni qiynalib yoki xato bajaradi. Yana kashandalik ularning ko‘rish qobiliyatini ham susaytirib yuboradi. Oftolmologlarning ta’kidlashicha nikotin ko‘z ichki bosmini oshirib yuborar ekan. O‘smir yoshda chekishni boshlaganlarning eshitish qobiliyatida ham muammolar yuzaga kelib, ular past chastotali tovushlarni ilg‘amas ekanlar.

Hali to‘liq yetilmagan o‘smir organizmida moddalar almashinuvi buziladi. Bolalar organizmi chekish tufayli A, V, S guruh vitaminlarni o‘zlashtirolmaydi. Shu sababli organizmning o‘sishi susayadi. Agar bola o‘spirinlik chog‘ida chekmasa, u umr bo‘yi chekishga qiziqmas ekan.

Agar kashanda 15 yoshdan chekishni boshlagan bo‘lsa 25 yoshdan keyin kashandalikka ruju qo‘yganlarga nisbatan unda o‘pka raki (saratoni) dan ko‘z yumish “imkoniyati” besh barobar ko‘proq bo‘lishi kuzatilgan.

Kashanda o‘smirlarning xotirasi pasayib, parishonxotir va o‘ychan bo‘lib qolishadi. Shuningdek, ular tez asabiylashadi va alamini boshqalardan olishga harakat qiladi. Bir marta og‘ziga sigaret olgan o‘smirlarning ko‘pchiligi ko‘ngli behuzur bo‘lib uning yoniga yo‘lamasligi mumkin. Ammo irodasi sust yoshlar unga umrbod qaram bo‘lib qoladi. Sog‘lom ruhli kattalar bolalar va o‘smirlarni nikotin balosidan asrashi zarur va shart. Zero, sog‘lom avlodgina kegusida buyuk bunyodkorlik ishlariga qodir bo‘ladi.

Gulchehra ShIRINOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: