Nomi qandli, ammo azobi achchiq

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra hozir sayyoramizda 320 million nafardan ziyod inson qandli diabet xastaligidan aziyat chekmoqda.

Agar o‘z vaqtida samarali choralar amalga oshirilmasa, bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib, dunyo taraqqiyotiga jiddiy raxna solishi mumkin.

– Qandli diabet (lotincha diabetes mellitus) – endokrin kasalliklar turiga mansub bo‘lib, insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi, – deydi Qashqadaryo viloyat endokrinologiya dispanseri diabetologiya bo‘limi shifokori Adolat Mo‘minova. – Natijada qonda giperglikemiya – glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan tavsiflanadi. Bunday patologik holatning birinchi ta’riflari kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan klinik belgilari – peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish (poliuriya) va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik (polidipsiya) bilan berilgan.

Insulin gormoni organizmda qanchalik yetishmasa, qondagi qand miqdori oshib boradi va natijada uglevodlarni to‘qimalarga yetib borishi qiyinlashadi. Insulin yetishmasligi batamom yoki nisbatan bo‘ladi. Insulin batamom yetishmasligi, ya’ni qandli diabetning I turi ko‘proq bolalar va o‘smirlarda kuzatilsa, kattalarda kasallikning II turi kuzatiladi. Bu turning kelib chiqish sabablari noto‘g‘ri ovqatlanish, ya’ni to‘yib ovqat yeb yotish, surunkali alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish, kam harakatlilik, ortiqcha vazn (semizlik natijasida me’da osti bezi orqali insulin gormonini ishlab chiqarish kamayadi va qonda qand miqdori oshib ketadi) bilan bog‘liq. Shuningdek, bu kasallik bemorga nasldan naslga (ota-onadan, yaqin qarindoshlardan) o‘tishi ham kuzatiladi.

– Zamonaviy tibbiyotda davo vositalarini tanlashda kasallikning og‘ir-engil kechishi, asoratlari bor-yo‘qligi hisobga olinadi, – deydi A. Mo‘minova. – Chunonchi, bemorda irsiyat sababli yoshlik paytida insulin yetishmaganida uning o‘rnini bosish maqsadida organizmga insulin yuboriladi. Keksalarda va to‘la kishilarga ko‘pincha parhez buyuriladi. Yog‘li ovqatlar miqdori kamaytiriladi. Kasallik zo‘rayib ketganda bemorga sariyog‘ va boshqa yog‘ mahsulotlari berilmaydi. Ovqat kaloriyasining deyarli 20 foizi oqsillardan iborat bo‘lishi kerak.

Olimlar olib borgan so‘nggi tadqiqotlarga qaraganda go‘dakligida sun’iy oziqlantirilgan insonlar qandli diabetga ko‘proq moyil bo‘lar ekanlar. Qandli diabet ba’zi bir surunkali kasalliklar (gripp, kizilcha, qizamiq, allergiya) ta’sirida ham rivojlanishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa bolalarni go‘dakligidan jismoniy chiniqtirish, yuqumli kasalliklarga qarshi vaqtida emlatish zarur.

Yana o‘qing:  Bolalarda kechuvchi tutqanoq xuruji va epilepsiya: uning sabab va oqibatlari xususida

Mutaxassislar qandli diabet kasalligini uzoq davom etadigan ruhiy zo‘riqish, doimo biron narsadan bezovtalanish, sababsiz qo‘rquv, vahima kabi salbiy hislar ham keltirib chiqarishini unutmasligini uqtiradi.

 

Shohista BOZOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: