Batutda sakrash

Qishning sovuq kunlarida sport zallaridagi batutlar balandlikka sakrashga qiziqadigan bolalar uchun ayni muddao.

Batutda sakrash jarayonida atlet insoniyatning azaliy orzusini amalga oshirib, go‘yo ko‘kka parvoz qilgandek bo‘ladi. Mashg‘ulotlar paytida ular turli akrobatik harakatlarni amalga oshirib, kishini hayratga solishadi. Mutaxassislar ham ushbu sport turining bolalar salomatligi hamda tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilishi haqida yakdil fikr bildirishmoqda.

 

Savriniso HAKIMOVA, pediatr:

– Batutda sakrash gimnastika va akrobatika sport turlarining asosida tashkil topgan. Bunda bolalarning egiluvchanligi ortadi, chaqqon, epchil tezkor fikrlaydigan bo‘lib tarbiyalanadi. Eng asosiysi, bolalarning vestibulyar apparati, ya’ni quloq ichidagi muvozanatni saqlash a’zosi faoliyati yaxshilanadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda vestibulyar apparat to‘liq rivojlanmagan bo‘lib, hayoti davomida tashqi muhitga moslashadi. Batutda sakrash sportiga qaytadigan bo‘lsak, bolalarning balandlikka sakrashlari qo‘rquv hissidan xalos bo‘lishga yordam beradi. Barcha sport turlarida bo‘lgani kabi kam harakatlikning oldini olib, umumiy salomatlikka ijobiy ta’sir qiladi. Ammo, bu sport turi ekstremal, ya’ni biroz xavfli sport yo‘nalishlaridan biri bo‘lgani uchun, tanada adrenalin moddasi ko‘p miqdorda ishlab chiqariladi. Ushbu jarayon sog‘lom odam uchun nihoyatda foydali. Ammo yurak-qon tomir, bosh miya, nafas olish a’zolarida surunkali kasallik yoki nuqsoni bo‘lgan bolalar, faqat shifokor ko‘rsatmasidan so‘ng mashq qilishni boshlaganlari ma’qul. Serharakat, qiziqqon, quvvatini to‘g‘ri yo‘naltirilishiga ehtiyoji bo‘lgan (giper faol) bolalar uchun batutda sakrash sporti ayni muddao. Shu o‘rinda batutda sakrash faqat murabbiy boshchiligida amalga oshirilishi zarurligini ta’kidlab o‘tishimiz kerak.

 

 Roza YOQUBOVA, murabbiy: 

– Farzandlarini mashg‘ulotga olib kelgan ota-onalar avvalambor xavfsizlik borasida xavotirga tushadilar. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, hozirda barcha anjomlarimiz zamonaviy bo‘lib, unda ancha murakkab elementlarni amalga oshirish, balandga sakrash mumkin. Batutning asosi metall ramalardan iborat. To‘rini o‘zi 4-5 millimetr qalinlikdagi sun’iy matodan to‘qilgan. Prujinalar cho‘ziluvchan, mustahkam qilib ishlangan. Uning tarkibida maxsus modda bo‘lgani uchun deyarli sinmaydi.

Batutda sakrash bilan 5-6 yoshdan mashq qilsa bo‘ladi. Bola balandlikdan qo‘rqmasligi, gapga kiradigan bo‘lishi zarur. Odatda ular mashg‘ulotlarga kelganlarida biroz erkaroq bo‘lishadi. Shug‘ullanishni boshlaganlaridan keyin tartibga, intizomga o‘rganadilar. Bu xislatlar ularga keyinchalik hayotda ham kerak bo‘ladi. Mazkur sport turi avvalambor bolani mehnatkashlikka o‘rgatadi, orastalikka odatlantiradi. Batutda sakrash “nisbatan yosh” sport turi bo‘lib, 2000 yili yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.

Yana o‘qing:  «Qiltomoq»ning davosi bormi?

 

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: