“Yorqin”dagi bir kun

yoki QVP taassurotlari

Yurtimizdagi ko‘plab qishloq vrachlik punktlari birlashtirilib, faoliyati yangidan yo‘lga qo‘yildi, oilaviy poliklinikalarga aylantirildi. Mazkur kichik tibbiyot muassasalarida “tez yordam” bo‘limi tashkil etilib, “ambulans” avtomashinalari bilan ta’minlanmoqda.

Bu juda quvonarli hol, tuman markazidan olis qishloqlar aholisining ham dardi yengillashdi, xavotiri barham topdi, degani emasmi?!

Xo‘sh, Zafarobod tumanining “Yorqin” shaharchasi aholisi ham shunday fikrdamikan?

“Yorqin” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida 7 ming 652 nafar aholi istiqomat qiladi. Tuman markazidan 10 km masofada joylashgan mazkur shaharchadagi mavjud qishloq vrachlik punkti faoliyati haqida ko‘p ham ijobiy fikr bildirib bo‘lmaydi.

Qishloq vrachlik punkti hududdagi fermerlar uyushmasining ikki qavatli binosida joylashgan (yoki aksincha). Tibbiyot muassasasining sanitariya-gigiyena nuqtai nazaridan ozoda saqlash talabidan kelib chiqsak bu holat qanchalik to‘g‘ri? Axir, kichik tibbiy muassasada laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilib, qon tahlili tashxisi olinadi.

Bino ta’mirtalab. Sobiq tuzumdan “esdalik” bo‘lib qolgan, allaqachon “izzati bitgan” mebellar, bo‘yoq tegmagan devorlar, ko‘pchib yotgan pol ilinjni sindirolmasada, “ta’bingizni tirriq” qiladi. Binoda joylashgan “Dori-darmon” AJga qarashli dorixonaning holatini ko‘rib, beixtiyor “uh” tortib yuborasiz(aholi bunga ko‘nikib qolgan).

QVPda bir nafar umumiy amaliyot shifokori, bir nafar bolalar shifokori, 20 nafar hamshira (shulardan 8 nafari patronaj hamshirasi) faoliyat yuritadi. Tibbiyot xodimlarining ishidan, kasbiga bo‘lgan munosabatidan aholi mamnun: patronaj hamshiralari o‘ziga biriktirilgan oilalar va ularning a’zolarini “besh qo‘ldek” biladi. Ammo ularning tibbiy anjomlari ham to‘kis emas. Kichik tibbiy muassasada kadrlar muammosi mavjud, 5 nafar vrach shtat birligida bir nafar umumamaliyot shifokori ishlayotir.

– Prezident Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha bizning qishloq vrachlik punktda ham tungi navbatchilik tashkil etilgandi, – deydi QVP mudiri O‘rol Fayzullayev, – Tuman tibbiyot birlashmasidan har kuni bir nafar shifokor hududimizga biriktirilgan edi. Aholi bundan cheksiz mamnun bo‘ldi, sog‘lik borasida xavotiri aridi, behalovatligi barham topdi. Xastalik ko‘pincha tunda bezovta qiladi, murojaat qiluvchilar uchun bu ulkan qulaylik edi. Joriy yilning 1 iyunidan navbatchilik bekor qilinar ekan. Tibbiyot birlashmasi bunga navbatchi shifokorlarga haq to‘lash muammosini ro‘kach qilishdi.

Yana o‘qing:  Ta’limda xalqaro aloqalar rivojlanmoqda

O‘zini Safar ota Mavlonov deb tanishtirgan nuroniydan QVPga tibbiy tekshiruvdan o‘tgani keldingizmi, deb so‘rayman. Mahalla faoli “yorqin”liklarning muddaosi bilan kelganini aytadi:

– Tungi navbatchilikda “tez yordam” mashinasi biriktirilsa, – deydi otaxon, – shaharchada aholi ko‘p, issiq jonning isitmasi bor, bemorlar ham talaygina. Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni ko‘rib quvonyapmiz. Shu islohotlarning “shamoli”dan biz ham bahramand bo‘laylik, deymizda.

Albatta, o‘z sog‘ligi, mahalladoshlarining omonligi borasida qayg‘urish chinakam insoniy fazilat. Bu kabi nuroniy otaxonlar pandu nasihati, ezgu amali bilan hududda ulg‘ayayotgan yosh avlodga ibrat bo‘ladi.

Ammo qishloq vrachlik punktining orqa biqinida chiqindilarning yoyilib yotishi, xunuk manzara kasb etayotgani shu ko‘chada, mahallada istiqomat qilayotgan aholining yashashiga xalal bermasmikan, degan o‘y kechadi ko‘ngildan… Qo‘li qadoq xalqimiz, mehnat qilishdan horimaydi. Mahalladoshlar boshini biriktiruvchi nuroniylarimizning ezgu so‘zi bilan bir hashar tashkil etilsa, yon-atrof obod, dillar ham charog‘on bo‘lib ketadi aslida.

“Yorqin”liklarning istaklarini tuman va viloyat mutasaddilari inobatga oladi, degan umid uchqunlaydi dilimizda. Zero, qabul qilinayotgan har bir qaror xalq manfaatini ta’minlashning muhim asosi bo‘lib xizmat qilishi zarur.

Faxriddin HAYITOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: