Yaxshi yashash baxti

Erkin va ozod Vatanda yashayotganimizga ham 23 yil bo‘ldi. Xo‘sh, bu qisqa davr mobaynida nimalar o‘zgardi? Qo‘lga kiritgan eng katta yutug‘imiz nimada? Avvalo, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, odamlar o‘zgardi. Ularning ongu tafakkuri yangilandi. Dunyoqarashi o‘sdi. Yon-atrofimizda bo‘layotgan barcha voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi shakllandi. Muhimi, ertangi kunga ishonch ortdi. Mustaqil yigirma uch yillik taraqqiyot yo‘limiz uchun bundan ortiq e’tirof aytish mushkul. Bu shunchaki aytilgan gap emas. Bu topilma – nihoyatda ulkan boylik. Zero hayotni, dunyoni, yashash tarzini o‘zgartiradigan, yangilaydigan bu – inson.

Ayni paytda yurtimizning chekka hududlarigacha zamonaviy qiyofa kasb etayotgani, yangi-yangi xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etilayotgani mamlakatimizda inson va uning manfaatlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolat. Birgina bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarish jadal sur’atlarda o‘sgani fikrimiz tasdig‘idir.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan

Bugun yurtimiz bozorlari bolalar kiyim-kechaklariga to‘lib-toshgan. Xorijdan import bo‘lib kirib kelayotgan mahsulotlar yonida o‘zining bejirimligi, sifati bilan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxonalarda ishlab yaiqarilgan kiyim-kechaklar ham o‘rin olgani quvonarli hol. Muhimi bu tovarlarga ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Boisi, mazkur yo‘nalishdagi ishlab chiqarish ob’yektlari soni oshib, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti qaror topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi davlat Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda ayni paytda mamlakatimizda 122 ta kichik yoshdagi bolalar uchun tirikotaj kiyimlar va ularning aksessuarlari hamda 13 ta o‘quvchilar maktab kiyim-kechaklari ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi, ushbu korxonalar mahsuloti “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” savdo belgisi ostida eksport qilinyapti. Bu bir tomondan pul aylanmasini yaxshilasa, ikkinchi tomondan nafaqat xalqaro, balki mahalliy bozorlarimizni ham sifatli mahsulotlar bilan to‘lishiga xizmat qiladi.

Poytaxtimizdagi “Bek Baraka” savdo majmuasini aylanarkanmiz, yangi liboslarga mahliyo bo‘layotgan, uni kiyib ko‘rib, olam-olam quvonch tuyayotgan bolajonlarga ko‘zimiz tushadi. Ularning aksariyati chiroyli, bejirim kiyim-kechaklarni tanlayotganini ko‘rib esa hayratingiz oshadi. Darhaqiqat, bugun nafaqat kattalarda, balki bolalarda ham kiyinish madaniyati shakllanib bormoqda.

– Ikki nafar farzandim bor, – deydi biz bilan suhbatda poytaxtlik Feruza Shorahimova. – Ko‘rib turganingizdek, ular hali maktab yoshiga yetmagan bo‘lishiga qaramay, o‘zlari uchun libos tanlash borasida chaqqon. Lekin men ularga imkon qadar ham chiroyli, ham sifatli, ham arzon kiyim-kechak tanlab, olib beraman. “Shunday mahsulot bormikan”, deb o‘ylayotgandirsiz-a?! Bor, o‘zimizning korxonalarda ishlab chiqarilganlari xuddi bizga mos: arzon, sifatli va bejirim.

Yana o‘qing:  XABARLAR, YANGILIKLAR, VOQEALAR (2014/32)

Hammasi xalq farovonligi uchun

Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning tub mohiyatida insonlarning farovon turmush kechirishi, tinch va xotirjam yashashi o‘z ifodasini topgan. Ayni paytda jonajon O‘zbekistonimiz 120 ga yaqin davlat bilan tashqi iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan. Xususan, bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar soni ham yildan-yilga ortib borayotir. O‘zbekiston Respublikasi davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda ayni paytda ularning soni 28 taga yetgan. Mazkur ishlab chiqarish ob’yektlarining aksariyati Toshkent shahri va viloyati, Namangan, Sirdaryo hamda Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelishi esa mazkur hududlarda sanoatning jadal rivojlanishi va ishsizlar sonining keskin kamayishiga zamin hozirlamoqda. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish sur’atlari ortishiga omil bo‘layotir. O‘tgan 2013 yil yurtimizda sohadagi ishlab chiqarish hajmi 26538,9 ming donani tashkil qilgan bo‘lsa, bu yilgi rejalar ushbu ko‘rsatgichni yanada oshirishdan iborat.

Tadbirkorlik faoliyati kengayib, sanoat sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan korxonalardan yana biri “Dong San International” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi Toshkent viloyati Angren shahrida faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxona 2010 yil O‘zbekiston-Koreya hamkorligida ishga tushirilgan bo‘lib, unda dastlab o‘quvchilar uchun maktab formasi, keyinchalik trikotaj buyumlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

– Mahsulotlar asosan Rossiya, Koreya, Xitoy va yana bir qancha yirik davlatlarga eksport qilinadi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Abror Lutfitdinov. – Shuningdek, ishlab chiqargan buyumlarimiz yurtimizning deyarli barcha bozorlarida xaridorgir. O‘zimizning tabiiy boyligimiz paxtadan mato ishlab chiqariladi va bolalar kiyim-kechaklari tikiladi. Bu esa ularning sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi. Korxonamizda yuzga yaqin xodim mehnat qiladi. Shulardan 75 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning aksariyati esa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir. Muassasamizda ishchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ularga bayram kunlari qo‘shimcha ish haqi to‘lanadi, jamoa bilan tez-tez tadbirlar uyushtiriladi, deyarli har oy shifokor nazoratidan o‘tishadi. Biz ishchilar sonini yanada ko‘paytirmoqchimiz. Kelgusida rejalarimiz korxonaning hududini kengaytirish, ishlab chiqarish ko‘lamini oshirishdan iboratdir.

2011 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “FRESH STYLE” chet el korxonasi ham yurtimiz iqtisodiy salohiyatiga o‘z ulushini qo‘shayotgan korxonalardan. Qisqa vaqt ichida mazkur korxona xalqaro bozorda o‘z o‘rnini egalladi. Bu yerda yiliga 1 milliard donadan ziyod trikotaj buyumlari tayyorlanadi va Rossiya davlatiga eksport qilinadi. Eng muhimi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 122 ta korxona zamonaviy texnika-texnologiya bilan ta’minlangan. Bu esa ishlab chiqarish hajmining ortishi va ishchilar uchun qulayliklar yaratishda asqotmoqda.

Yana o‘qing:  Farzandlari sog‘lom yurt

Ta’kidlash joiz, yurtimizning iqtisodiy salohiyati kun sayin o‘sib borishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, xususan, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘ladigan yer-joy, imtiyozli kreditlar ajratilishi soha taraqqiyotida bosh omil bo‘layotir. Bu sa’y-harakatlar esa, avvalo, xalq farovonligi uchun xizmat qilmoqda.

Bizda bori qayda bor?!

2000 yil “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinishi sohadagi yutuqlarning huquqiy asosi bo‘ldi. Natijada nafaqat, korxonalar, balki oilaviy korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, kasanachi va hunarmandlar faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqaruvchi Surxondaryo viloyatida “Elyor-Trikotaj”, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida “Amirxon invest”, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida “Abdulatif tekstil”, Buvayda tumanida “Munisa – Zebo tekstil”, Uchko‘prik tumanida “Shukrona sanoat tekstil”, Toshkent shahri Yunusobod tumanida “Azizxon grand teks”, Uchtepa tumanida “Mahmud avlodlari”, Chilonzor tumanida “Muazzamxon chevar” va yana shu kabi ko‘plab oilaviy korxonalar tashkil etildi va ularning soni yil sayin ortib bormoqda.

– Joriy yilning Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilinishi zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Azalium” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Aziza Qodirova. – Har bir bola bir olam. Ularning qiziqishi, orzu-istaklari liboslarida ham aks etishi lozim. Shu maqsadda milliy liboslar dizaynini zamonaviylashtirib, urf-odatlarimiz, mentalitetimizga moslab kiyim-kechaklar ishlab chiqaryapmiz. Bilasizmi, libos ham kishi ma’naviyatini belgilaydi. Buni esa bolalikdan shakllantirish maqsadga muvofiq.

Korxonada yiliga 240 ming dona mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 75 nafar ishchi ish samaradorligi ortishiga o‘z hissasini qo‘shayotir. Mahsulotlarimiz 100 foiz paxta matosidan tayyorlanadi. Shuning uchunmi, xalqaro va mahalliy bozorda kiyim-kechaklarimiz xaridorgir.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida barcha sohalar kabi bolalar trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish ham jadal sur’atlarda o‘sdi. Natijada bozorlarimiz sifatli kiyim-kechaklar bilan boyitildi. O‘z yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bolalarimiz chiroyiga chiroy qo‘shmoqda. Ha, istiqlol kishilarga yashash baxtini, aniqrog‘i, yaxshi yashash baxtini tuhfa etdi.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: