Xalq dardi bilan yashash insoniylik ziynatidir

O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan global o‘zgarishlar rahbar kadrlarning shaxsiy, ishchanlik va ma’naviy-axloqiy xislatlariga alohida talablar qo‘yayotgan bo‘lib, bu boradagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri – raqobatbardoshlikni ta’minlay oladigan intellektual salohiyatli, yuqori darajadagi boshqaruv madaniyati va tahliliy tafakkurga ega bo‘lgan, turli soha vakillari bilan muloqotga kirishuvchan hamda o‘z qobiliyatlarini boshqaruv faoliyatida samarali qo‘llay oladigan rahbar kadrlarni shakllantirishdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, rahbar kadrlar faoliyatining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ularda qator sifatlarning rivojlanganligiga bog‘liq. Ushbu omilni hisobga olish va zarur hollarda bu sifatlarni shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Chunki, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvvafaqiyatini ta’minlashda rahbar kadrlarni tanlash, ularni tayyorlash va o‘rniga qo‘yish masalalari alohida dolzarblik kasb etadi.

Ushbu dolzarb masalani samarali hal etishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning asar, ma’ruza va nutqlarida rahbar va boshqaruv kadrlarning ishchanlik va ma’naviy-axloqiy sifatlariga qo‘yilgan talablarni chuqur o‘rganib, tahlil qildik. Islom Abdug‘aniyevich rahbar kadrlarga xos bo‘lgan xislatlarga e’tibor qaratganda, o‘zining ulkan va boy hayotiy tajribasi jarayonidagi o‘ta salmoqli va ilmiy asoslangan dalillarga tayangan.

Jumladan, Birinchi Prezidentimiz “Mavjud salohiyat va imkoniyatlardan oqilona foydalanish – taraqqiyot omili” nomli asarida “Rahbarlarni tanlash va tarbiyalash, kerak bo‘lsa, rahbarlik mehnatiga, to‘g‘riroq aytadigan bo‘lsak, rahbarlik san’atiga o‘rgatish masalasi bugungi kunda boshqarish tizimimizning eng og‘ir muammosi bo‘lib qolmoqda”, – deb rahbar kadrlarni tanlash masalasiga alohida urg‘u berilgan. Mazkur fikrlar “Yutuqlar kaliti odamlar g‘ururini uyg‘otish, ularning salohiyatini, barcha imkoniyatlarini ishga solishda” nomli asarda yanada rivojlantirilib, rahbarlik lavozimiga tayinlanayotgan kadrlarning “tashabbuskor, izlanuvchan, tadbirkor, qat’iyatli, talabchan, adolatli, har qanday sharoitda ham o‘zini yo‘qotmaydigan, davlat va xalq manfaatini himoyalash yo‘lida jonini ham ayamaydigan, boshqalarni ham shunga safarbar qila oladigan bo‘lishi kerak”ligi ta’kidlangan. Bu esa hozirgi kunda ham rahbar kadrlarni tanlash va o‘rniga qo‘yish masalasi uchun mas’ul bo‘lgan mutasaddilardan katta mas’uliyat talab qiladi.

Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasi ikkinchi yig‘ilishida Islom Karimovning so‘zlagan nutqida rahbar faoliyatida axloqiylik fazilatining tutgan o‘rni hamda tarkibiy qismlari bo‘lmish halollik va fidoyilikning ahamiyati to‘g‘risida alohida to‘xtalib: “Odamlarimizning ertangi hayotdan kutayotgan orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishi, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, xalq farovonligi rahbarlarning o‘z vazifasini halol… bajarishiga, qolaversa, fidoyiligiga ko‘p jihatdan bog‘liq”, – deyilgan. Chunki, faqat halol va fidoyi rahbargina qo‘l ostidagi xodimlar, yordam so‘rab kelgan fuqarolarning qonuniy manfaatlari yo‘lida o‘z manfaatlaridan voz kechishga tayyor turadi, odob-ahloq me’yorlariga doimo rioya qilib oriyat, andisha, ezgulik, sahovatlilik, samimiylik, odamiylik, insonparvarlik, or-nomus, kamsuqumlik, kamtarlik va samimiylik tamoyillari asosida ish yuritadi, ko‘ngli ochiq va yuragi toza bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Qo‘ng‘iroq

Islom Karimovning “Yutuqlar kaliti odamlar g‘ururini uyg‘otish, ularning salohiyatini, barcha imkoniyatlarini ishga solishda” nomli ma’ruzasida “Rahbar degan odam fidoyi bo‘lishi, xalqning dardu tashvishlarini, orzu-umidlarini yuragidan, qalbidan o‘tkazib, ularni ro‘yobga chiqarish, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ado etish uchun o‘zining hayotini fido qilishga ham tayyor bo‘lishi kerak”, – deyilgan. Chunki, fidoyilik fazilatining negizida daxldorlik, el-yurtga sadoqat, milliy g‘urur, mehnatsevarlik kabi sifatlar yuzaga keladi.

Rahbar kadrlar faoliyatida intellektual yetuklik xislatining ahamiyati ham Islom Karimov asarlarida e’tibordan chetda qolmagan. “Mavjud salohiyat va imkoniyatlardan oqilona foydalanish – taraqqiyot omili” nomli ma’ruzada

“… el g‘ami va tashvishi bilan yashab, oldida turgan muammolar yechimini topmaguncha, boshlagan ishlarni oxiriga yetkazmaguncha o‘ziga ham, boshqalarga ham tinim bermasdan mehnat qilayotgan insonni” haqiqiy rahbar sifatida qabul qilishlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Islom Karimov o‘zining nutq va ma’ruzalarida boshqaruv kadrlarining kasbiy kamolotiga ijobiy ta’sir qiluvchi fazilat va xislatlardan tashqari, salbiy ta’sir qiluvchi illatlar – befarqlik, dangasalik, tor fikrlash, ko‘zbo‘yamachilik, fisqu fasod, maishatbozlik, qovoq-dimoq qilish, o‘ziga bino qo‘yish, manmanlik, ta’magirlik, loqaydlik, hukmdorlik qilishga intilish, mansabparastlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, havoyilik, balandparvozlik, va’dabozlik, tilyog‘lamalik, qonun mezonlariga bepisandlik, qonunni buzish, o‘z vazifasini suiste’mol qilish, xudbinlik va bu illatlarning zararli oqibati to‘g‘risida ilmiy asoslangan fikrlar bildirilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning asar, ma’ruza va nutqlarida rahbar va boshqaruv kadrlari uchun muhim hisoblangan xislatlarni shartli ravishda to‘rt blokka – ma’naviy-axloqiy, ishchanlik va shaxsiy fazilatlar hamda rahbarlikka zid illatlarga ajratish mumkin.

Shunday qilib, respublikamizda turli darajadagi rahbar kadrlarni tanlash, tayyorlash va o‘rniga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilangan fazilatlarga tayanish Vatanimizning shu bugungi kuni hamda yaqin kelajagida ijtimoiy va iqtisodiy sohadagi turli muassasalarni boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, rahbar kadrlarda bu fazilatlarning yetarli darajada shakllanganligi hamda ularni turli illatlardan xoli bo‘lishlari boshqaruv jarayoni hamda natijasi samaradorligini yanada oshirishga, Vatan va xalq manfaatlarini himoya qilishga yordam beradi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” deb nomlangan risolasida “Buyuk ustozimizning ana shunday o‘git va nasihatlarini qalbimizga, yuragimizga joylab, u kishi boshlagan ishlarini oxiriga yetkazish, shu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishni shaxsan men o‘zimning muqaddas burchim deb bilaman”, – deydi.

Yana o‘qing:  Barcha dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalari ro‘yxati o‘zgartirildi

Demak, rahbar kadrlarni tanlash, ularni tayyorlash va o‘rniga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilangan xislatlarni hisobga olish bugungi kunda va yaqin kelajakda yanada muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Jahongir GULYAMOV,

pedagogika fanlari nomzodi

Jahongir MALLABOYEV,

O‘zMU katta ilmiy xodim tadqiqotchi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: