“Universiada – 2016”: tayyorgarlik so‘nggi bosqichda

Sport insonni ham jismonan, ham ma’nan kamolga yetkazadi. Shu bois, yurtimizda yosh avlodni sportga jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush-tarzini keng targ‘ib etish maqsadida qator ibratli ishlar amalga oshirilayotir.

Ayniqsa, mamlakatimizda uch bosqichli sport musobaqalarining tashkil etilishi, farzandlarimiz orasidan ko‘plab yosh iste’dod egalarini kashf etishga zamin hozirlamoqda.

Xabaringiz bor, bu yil Farg‘ona viloyatida talaba yoshlar o‘rtasida “Universiada – 2016”sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda viloyatda ushbu sport anjumaniga katta hozirlik ko‘rilayotir.

Bu galgi “Universiada” o‘yinlari sportning 15 turi bo‘yicha tashkil etilib, unda talabalar basketbol, voleybol, gandbol, stol tennisi, shaxmat, suzish, yengil atletika, taekvando, tennis, futbol, dzyudo, og‘ir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, boks bo‘yicha o‘zaro kuch sinashishadi. Musobaqalar 3 bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 2015 yilning 20 noyabridan 20 dekabriga qadar oliy ta’lim muassasalarida 156 ming talaba ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich bellashuvlari joriy yilning 1 fevraliga qadar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazildi.

Uchinchi – mintaqaviy bosqich esa joriy yilning 8-10 aprel kunlari 4 ta hududda tashkil etildi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan bahslarda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hamda poytaxt oliy o‘quv yurti talabalari ishtirok etgan bo‘lsa, Navoiyda Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari, Namanganda, mezbonlardan tashqari Andijon va Farg‘ona viloyati hamda Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari talabalari o‘zaro kuch sinashdi.

Shuningdek, “Universiada – 2016”ga tayyorgarlikni kuchaytirish, terma jamoalarning sport mahoratini yanada oshirish maqsadida bir qancha musobaqalar ham tashkil etildi. Jumladan, shu yilning 5-9 mart kunlari Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutida poytaxt oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha Respublika “Talaba”sport uyushmasi birinchiligi o‘tkazildi. Unda 7 ta eng kuchli voleybol jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar yakunida Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti birinchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari ikkinchi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti sportchi yoshlari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari “Universiada – 2016” sport musobaqalariga Navoiy viloyatida ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, viloyat pedagogika institutida musobaqaning final bosqichiga yo‘llanma olgan sportchi talabalarga barcha sharoitlar yaratilgan.

Yana o‘qing:  Navoiylik kollej bitiruvchilari

– Bu yil Universiada o‘yinlarida institutimizdan 76 nafar mahoratli talaba ishtirok etishi kutilmoqda, – deydi oliygohning jismoniy madaniyat fakulteti dekani Sherali aka Xojiyev. – Barcha talabalar hozirda murabbiylari ko‘magida musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda. – O‘ylaymizki, ushbu turnirda talabalarimiz ko‘plab fahrli o‘rinlarni egallab, viloyatimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishadi.

Mamlakatimizda qanday musobaqa o‘tkazilmasin, navoiylik talabalar doimo yetakchilar safida e’tirof etiladi. Bu yil viloyat sharafini “Universiada – 2016”sport o‘yinlarida munosib himoya qilishni maqsad qilgan Navoiy pedagogika oliygohi talabasi G‘ofir Aktamov ham dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati va turli xalqaro musobaqalar g‘olibidir.

– Dzyudo bilan bolaligimdan shug‘ullanaman. Chunki sport orqali inson o‘zida jasurlik, mardlik kabi ezgu fazilatlarni shakllantiradi. Universida sport musobaqalari biz kabi yosh sportchilar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, unda ishtirok etish va g‘olib bo‘lish ulkan sharafdir. Qolaversa, ushbu sport o‘yinlari o‘z iqtidorimizni namoyish etish, tajribamizni oshirish uchun ham haqiqiy mardlar maydoni sanaladi. Bundan tashqari yoshlar orasida iliq do‘stona munosabatlarni o‘rnatilishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytsak, 2000 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Universiada sport o‘yinlari yildan yilga yoshlarimiz orasida ommaviylashib bormoqda. Har bir kun esa bizni yoshlik va shijoat bayrami sari yaqinlashtirmoqda. “Kichik olimpiada” nomini olgan bu musobaqa farzandlarimiz orasidan bo‘lajak Osiyo va jahon chempionlari, Olimpiada o‘yinlari g‘oliblarini kashf etishiga ishonamiz.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod”muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: