TADBIRI BORGA IMTIYOZ HAM, ShAROIT HAM BOR

Ismatilla aka har doimgidan biroz barvaqt uyg‘ondi. Yuz-qo‘lini yuvib, dasturxon atrofiga kelib o‘tirdi-da nonushta bahona bugun qilinishi lozim bo‘lgan ishlar rejasini tuza boshladi.

Eng avval bozorga borib, lavh yasash uchun pishiq yong‘oq yog‘ochini qidirib topish kerak, xayolidan o‘tkazdi, u. Ertaroq bormasa, yaxshi yog‘ochning xaridori ko‘p, puliga ham talashmay, olib ketib qoladi. O‘tgan gal ham xuddi shunday bo‘lgan edi. Bozorga sal kechroq borgani uchun ko‘nglidagi yog‘ochni topa olmagandi.

Shu paytda hovlilarni supurib bo‘lgan Nargiza opa ham dasturxon oldiga kelib o‘tirdi. Ismatilla akaga piyolada choy uzatarkan, kechagi voqea yodiga tushib, gap boshladi.

– Ha, aytgancha dadasi kecha siz yo‘qligingizda, qo‘shni mahalladagi Nurmat ota kelib ketgan edi.

– Tinchlik ekanmi, nima gap, – hayron bo‘ldi Ismatilla aka.

– Hech gap yo‘q, tunov kuni hovlisi etagidagi keksa yong‘oq daraxtini kesishgan ekan. Sizga aynan shunday yog‘och kerakligini bilib, yo‘qlab kelibdi, – dedi Nargiza opa bamaylixotir.

Bu gaplarni eshitib, Ismatilla akaning ko‘zlari sevinchdan porlab ketdi. Apil-tapil choyini ichib, darvoza oldidagi mashinasini o‘t oldirib, Nurmat otaning uyi tomon yeldek uchirib ketdi.

“Erta turganning rizqi ulug‘ bo‘lar”, degani bejiz emas ekan, xayolidan o‘tkazdi Ismatilla aka yo‘l-yo‘lakay ketib borarkan. Mana, barvaqt uyg‘ongan edi, Xudo ham ishini o‘ngladi. Qidirgan narsasi yonginasidan topildi, qoldi. Endi yog‘ochni olib, ishga kirishsa ham bo‘ladi…

Poytaxtimiz markazidagi Abulqosim madrasasi. O‘ziga xos me’moriy yechim asosida bunyod etilgan bu maj­muaga kirib borar ekansiz, o‘zingizni xuddi o‘rta asrlarga tushib qolgandek his etasiz. Aytish mumkinki, ushbu madrasa bugun nafaqat yurtimizga kelgan chet ellik sayyohlarning sevimli maskani, balki “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tassarrufida faoliyat olib borayotgan ko‘plab hunarmandlarning ijod ustaxonasi hamdir.

… Ertalab ishga kelgan yog‘och o‘ymakori Ismatilla Jo‘raboyev ustaxonasi eshigini ochib ichkariga kirarkan, atrofga bir qur nazar tashladi. Bolaligidan ustozi “Ishingning avvali tozalik bo‘lsin”, deb o‘rgatgani uchunmi, har bir kunni ozodalik bilan qarshi oladi…

Azaldan hunarmandlar maskani hisoblangan Toshkentda chilangaru chevarlar, kosibu yog‘och o‘ymakorlari, qo‘yingki, turli hunar egalariga istiqlol bois yana yangi imkoniyat eshiklari ochildi. Poytaxtning “Birlik” mahallasida tug‘ilib, o‘sgan qahramonimiz Ismatilla Jo‘raboyev ham ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib, bugun usta-hunarmand degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Mana o‘n yildirki, u yasayotgan yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlari nafaqat yurtimiz aholisi, balki xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Yana o‘qing:  Burch, mas’uliyat va sharaf

– Bu sohaga biroz kechroq – o‘n yetti yoshimda kirib kelgan bo‘lsam-da, ko‘p­lab yutuqlarga erishdim, – deydi Ismatilla aka. – Albatta, bu muvaffaqiyatlarda akam Hikmatillaning o‘rni beqiyos. Boisi, u mening birinchi ustozim hamdir.

Ismatilla akaning gaplarini eshita turib, stol ustidagi lavh, shaxmat doskalari, qalamdon kabi yog‘och o‘ymakorligi buyumlariga nazar tashlarkanman, bularning har biri ustaning ko‘z nuri, qalb qo‘ri bilan yaratilganiga ishonch hosil qilaman. Ayniqsa, mahsulotlarning bejirimligi, nafisligini ko‘rib, beixtiyor uni yasagan qo‘llarga tahsinlar aytasan, kishi. Bu orada Ismatilla aka qo‘liga bir lavhni olib, yonimga keldi-da, gap boshladi.

– Ilk bor mus­taqil o‘zim sabzi taxtakach yasab, akamga ko‘rsatganimda, rosa quvongandi. Bugun o‘zim ham usta-hunarmand degan nomga sazovor bo‘lib, mana bunday bejirim buyumlar yasamoqdaman, shogirdlar tarbiyalamoqdaman. Qo‘l ostimdagi bolalarning birortasi chiroyli buyum yasaganini ko‘rsam, qilgan ishimning samarasidan ustozlik mashaqqatlarini unutganday bo‘laman.

Shu topda ustadan bu qanday yog‘ochdan yasalgani haqida so‘rayman.

– Sizga aytsam, – so‘zida davom etdi hunarmand, – yog‘och bizning nonimizdir. – U qanchalik yaxshi bo‘lsa, qilgan ishimizning sifati ham shunga yarasha bo‘ladi. Mana bu ko‘rib turganingiz lavhni yong‘oq yog‘ochidan tayyorlaganman. Nega, aynan yong‘oqdan dersiz. Bilsangiz, yong‘oqning nafaqat mevasi, balki daraxtida ham katta miqdorda yod moddasi mavjud. Bu esa uning pishiqligi va biz yasagan buyumlarning uzoq muddat asl holini yo‘qotmagan holda saqlanishini ta’minlaydi. Qolaversa, yong‘oq daraxtidan yog‘och o‘ymakorligi buyumlarini tayyorlash juda oson, biror narsa yasamoqchi bo‘lsangiz sira qiynalmaysiz.

Shu o‘rinda bir gap. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, yurtimizdagi ma’naviy tiklanish jarayonida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati ham o‘zining yangi davriga qadam qo‘ydi. Milliy hunarmandchilik gullab-yashnadi, keng quloch yozdi, ustalar qadr topdi. Hunarmand ishlab chiqaruvchiga, tadbirkorga aylandi. O‘zi yaratgan mahsulotni emin-erkin sotish, ko‘rgazmalarda namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, ular uchun qator soliq imtiyozlarining joriy etilishi, yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish va yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarimizga hurmat, sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.

– Esimda sobiq tuzum davrida u­yi­miz etagida akamning ustaxonasi bo‘lardi, – deydi Ismatilla Jo‘raboyev so‘zida davom etarkan. – Davlat tomonidan hunarmandlar qattiq tazyiqqa uchragani sabab, akam asosan tunda ishlardi. Tayyorlagan mahsulotlarini sotishniku aytmasa ham bo‘ladi. Shukrki, mustaqillik barcha soha vakillari qatori biz hunarmand­larga ham keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Istiqlol birinchi galda bizga erkinlikni qaytarib berdi.

Yana o‘qing:  Har kun, har dam shukrona...

Darhaqiqat, bugun yurtimizda xalq badiiy hunarmandchiligi, amaliy san’at vakillari Istiqlol shabadasidan erkin nafas olib, shu yurt, shu millat kelajagi, ertasining nurli bo‘lishi uchun zavq bilan mehnat qilmoqdalar. Milliy hunarmandchilikka e’tibor – tariximizga, o‘zligimizga, kelajagimizga e’tibordir. Soha vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik esa millatimiz nomini butun dunyo bo‘ylab sharaflashga xizmat qilmoqda.

Quvonarlisi, hozirda o‘zbek hunarmandlari dunyoning rivojlangan mamlakatlarida o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ismatilla Jo‘raboyev ham bundan bir necha yil muqaddam ana shunday tadbirlardan birida yurtimiz nomini munosib himoya qilgan edi.

– O‘shanda Germaniya davlatida o‘tkazilgan ko‘rgazmada qatnashgan edim, – deydi qahramonimiz. – Tadbir juda yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan kelgan hunarmandlar, amaliy san’at ustalari o‘zlari yasagan mahsulotlar bilan ishtirok etgandi. Tadbir davomida o‘zim ham ko‘rgazmaga kelgan mehmonlarning yaratgan ijod mahsullari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldim, ular bilan fikr almashdim, taj­riba orttirdim. Lekin ko‘rgazmani kuzata turib shunga amin bo‘ldimki, yurtimiz hunarmandlari o‘zining yuksak didi, dunyoqarashi, madaniyati, yasagan narsalarining bejirimligi va nafisligi bilan dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan hunarmandlardan ajralib turar ekan. O‘shanda tadbir tashkilotchilari ham biz o‘zbekistonlik hunarmandlar va amaliy san’at ustalarining ijodiy ishlariga yuksak baho bergan edi.

Insoniyat aql-tafakkuri, ijodiy izlanishi, hamda qalb qo‘ri bilan yaratilgan ijod mahsulidan go‘zal san’at asarlari paydo bo‘ladi. Ayniqsa, hunaringiz orqali yasalgan buyumlarda ichki kechinmalaringiz, mehr-muhabbat tuyg‘ulari, odamiylik fazilatlarini aks ettira olish chinakam mo‘jizadir.

Qo‘limda Ismatilla aka yasagan lavhlardan biri. Unga qarab turib, hunarmand ushbu buyumni yasashda hech qanday mixdan foydalanmaganiga guvoh bo‘ldim. Yuz-ko‘zimdan ajablanganimni sezgan qahramonimiz, o‘z bilganlarini men bilan o‘rtoqlashdi:

– Ushbu lavhda hech qanday mixdan foydalanilmaydi. Barchasi yog‘ochdan yasaladi. Oralaridagi qatorlarning ochiq joylariga arra bilan ishlov beriladi. Bu esa ustadan sabr-matonat, yuksak mahoratni talab etadi.

… Ustaxonaning naqshinkor eshigi ochildi. Kuz quyoshining zarrin nurlari xonaga yanada nurafshonlik baxsh etdi. Ostona hatlab kelgan mehmon suhbatimizni bo‘lganidan xijolatomuz jilmaydi. U yurtimizga kelgan chet ellik sayyohlardan biri ekan. Qo‘limdagi lavhni ko‘rgan mehmon ham uning qanday yasalgani bilan qiziqdi. Usta menga keltirib o‘tgan ma’lumotlarni mehmonga yana qayta tushuntirdi.

Yana o‘qing:  Tarixiy ko‘prikning zamonaviy qiyofasi

– Avval ham yurtingizda bir necha bor bo‘lganman, – deydi angliyalik mehmon Jon Evans. – Bu mehmondo‘st diyorga yana kelib, shunga amin bo‘ldimki, qisqa vaqt ichida poytaxtingiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketibdi. Bir-biridan go‘zal imoratlar, keng va ravon yo‘llar, muhtasham ko‘priklar kishini hayratga soladi. Lekin men baribir mamlakatingiz hunarmandlari va ular yasagan buyumlardan lol qolaman. Nahotki, shularning bari insonning qo‘llari bilan yaratilgan bo‘lsa, deb ajablanaman.

Sizga aytsam, shu kungacha dunyoning juda ko‘plab mamlakatlarida sayohatda bo‘ldim. Ularning urf-odati, yashash-tarzi, madaniyati, orzu va intilishlari bilan yaqindan tanishdim. Lekin shuni ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekistondan olgan taassurotlarim butkul o‘zgacha. Bu mamlakatni sehrli diyorga o‘xshataman. Xalqingiz qo‘lga kiritgan ilm-fan yutuqlarini qancha o‘rganganing sari u senga o‘z mo‘jizalarini ochaveradi.

Ha, yurtimiz go‘zal, yurtdoshlarimiz qalbi esa mehr-muhabbatga limmo-lim.

Sa’dullo TURSINOV,

Muallif olgan suratlar.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: