Sog‘lom bola – oila va yurt quvonchi

Bola kulgusi yangragan har bir oshiyon jannatmakon go‘shadir. Axir hayotimiz mazmuni zurriyodlarimizning sog‘-salomat kamolga yetishi har birimiz uchun bebaho boylikdir.

Ba’zan bexos isitmalab qolgan o‘g‘limiz yoki qizimizning dardiga shifo ulashgan qo‘li yengil shifokorlarga ich-ichimizdan tasannolar aytamiz. Bu borada Samarqand shahar Bolalar shifoxonasida ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda 220 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari mehnat qilayotgan ushbu muassasada chaqaloqlar bo‘limi, nevrologiya va kardiologiya, pulmonologiya, intensiv davolash, fizioterapiya, laboratoriya kabi bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Bu borada bo‘lajak onalarga tegishlicha maslahat beramiz. Ona homilador bo‘lmasdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Bu borada oilada otaning mas’uliyati ham kam emas. Chunki, har ikkalasi tug‘ulajak bola uchun jiddiy qayg‘ursagina ijobiy natijalarga erishish mumkin. Shuningdek, oilada tibbiy savodxonlikni shakllantirish ham albatta ijobiy natija beradi.

173 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonamizda bemorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Mavjud EKG, UTT, ensefolagramma, sun’iy­ nafas olish tibbiy uskunasi, rentgen apparati bemorlar uchun har tomonlama qulaylik yaratmoqda. Chunki, davolash muolajalarini to‘g‘ri tashxisida albatta zamonaviy tibbiy uskunalar o‘ziga xos o‘rin tutadi. Shuningdek, bemorlar ortiqcha yugur-yugurlardan xoli bo‘lgani holda shifoxonaning o‘zida ushbu apparatlarda tekshiriladi. Bu yerda nafaqat Samarqand viloyatidan balki Navoiy, Buxoro hamda Jizzax viloyatlaridan kelgan bemorlar ham davolanishmoqda, – deydi muassasa bosh shifokori Tozagul Xoliqova biz bilan suhbatda.

Tozagul opa aytganidek shifoxonada ish faoliyatini boshlagan har bir yosh mutaxassis malakali shifokorlarga biriktirilgan. Ularning to‘plagan boy tajribasi yoshlar uchun qo‘l kelmoqda. Mavjud davolash xonalaridagi shart-sharoitlar risoladagidek. Shifoxonada mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini amalga oshirib kelmoqda. “Go‘dak hayotida ona sutining ahamiyati”, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Yuqumli kasalliklar va ularning oldini olish”, “Sog‘lom turmush tarziga amal qiling” kabi mavzulardagi davra suhbatlari shular jumlasidandir.

– O‘g‘lim Samariddinni ushbu shifoxonaga olib kelganimizda ahvoli og‘ir edi. Bizni shirin so‘z bilan kutib olgan shifokorlarning o‘z vaqtida qo‘ygan to‘g‘ri tashxisi bois bolamiz tezda sog‘ayib oyoqqa turdi. Bu yerdagi mavjud sharoitlardan mamnunmiz, – deydi navoiylik Shahnoza Hidoyatova.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar (2015–36)

Darhaqiqat, Samarqand shahar bolalar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning qay biri bilan suhbatlashmang shifoxonadagi mavjud shart-sharoitlardan mamnunligining guvohi bo‘lasiz.

Ha, farzand – oila gultoji. Uning sog‘-salomat ulg‘ayib kamolga yetishi esa ota-onaning cheksiz baxtidir. Ana shu salomatlik yo‘lida astoydil ter to‘kayotgan Samarqand shahar bolalar shifoxonasining qo‘li yengil shifokorlariga ertamizning munosib vorislari bo‘lmish bolalar salomatligi yo‘lida aslo hormang, deymiz.

Axtam BERDANOV,

Samarqand viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: