Sog‘lom avlod – millat kelajagi

Toshkentda “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Sog‘lom avlod – millat kelajagi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston parlamenti a’zolari, vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalari rahbarlari, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari, mamlakatimiz va boshqa davlatlar tibbiyot muassasalari mutaxassislari, jamg‘armaning hamkorlari – xalqaro tashkilotlar vakillari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Sog‘lom avlod – millat kelajagi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbarining “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan 2013 yil 23 aprelda qabul qilingan farmoniga muvofiq bir guruh xodimlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Tadbirda Vatanimizning ana shu yuksak mukofotlari topshirildi.

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, o‘z taraqqiyoti va aniq ijtimoiy yo‘naltirilgani bilan ajralib turadigan keng ko‘lamli islohotlar yo‘lini tanladi. Mamlakatimizda aholining 40 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar tashkil etadi. Shu bois jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, aql-zakovati yuksak, mustaqil fikrlaydigan va kelajakka ishonch bilan qaraydigan barkamol avlodni tarbiyalash haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov ta’kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Bu boradagi xayrli ishlarda davlat tuzilmalari qatori mamlakatimizning ko‘plab jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda. Ular orasida Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 23 aprelda qabul qilingan farmoniga binoan tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi alohida o‘rin tutadi. Jamg‘arma xotin-qizlar va bolalar salomatligini mustahkamlash, aholiga sanitariya-gigiyena qoidalarini yetkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Jamg‘arma davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish bilan birga, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalashdek muhim vazifalarga to‘liq javob beradigan o‘zining ko‘plab loyihalarini ham hayotga tatbiq etmoqda.

Anjumanda “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi S.Inomova jamg‘arma faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi.

O‘zbekistonda bolalar huquqlarini, jumladan, farovon, sog‘lom hayot kechirish huquqlarini ta’minlash va himoya qilish mustahkam huquqiy asosga ega. BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro hujjatlardan biridir. Istiqlol yillarida bu sohaga taalluqli 14 qonun, shu jumldan, 2008 yil 7 yanvarda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, davlatimiz rahbarining qator farmon hamda qarorlari, yuzdan ortiq boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Yana o‘qing:  Iftixor hissi

Sog‘lom bolalar tug‘ilishi va voyaga yetishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qator davlat dasturlari amalga oshirilmoqda. Aholining reproduktiv salomatlik sifatini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishni yanada yaxshilash, oila institutini mustahkamlashga doir samarali choralar ko‘rilmoqda. Mamlakatimizda bolalar sog‘lom tug‘ilib voyaga yetishi, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallashi, hayotimizning barcha jabhalarida jadal amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol ishtirok etishi uchun muhim ishlar bajarilmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish doirasida jahon hamjamiyati tomonidan boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida e’tirof etilgan onalik va bolalikni muhofaza qilish milliy modeli yaratildi. Bugun ko‘plab davlatlar O‘zbekistonda yaratilgan modelni hisobga olgan holda, sog‘liqni saqlash sohasida o‘z islohotlar strategiyasini ishlab chiqmoqda. O‘zbekistonning jahon reytingida bolalar salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan o‘n davlat qatoridan joy olgani ham mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ulkan ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganidan dalolatdir.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilovning ta’kidlashicha, tom ma’noda umummilliy harakatga aylangan “Sog‘lom ona – sog‘­lom bola” dasturini hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda eng chekka tumanlardagi xotin-qizlar va bolalarga ham malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Zamonaviy apparatura bilan jihozlangan qariyb 3200 qishloq vrachlik punkti tashkil etildi. Davlat tomonidan kafolatlangan bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim tashkil etilib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Tug‘ruqxona komplekslari va bolalar tibbiyot muassasalarining faoliyati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga javob beradigan ilg‘or tashxis qo‘yish, profilatika va davolash texnologiyalariga asoslangan. Mamlakatimizning barcha hududlarida skrining-markazlar tarmog‘ining tashkil etilishi hisobidan irsiy kasalliklar va rivojlanishda tug‘ma nuqsonlari bor bolalarning tug‘ilishi sezilarli darajada kamaydi. Perinatal markazlar tarmog‘ida yangi tibbiy uslublar ko‘magida eng murakkab holatlarda ham bolalarning sog‘lom tug‘ilishida yordam ko‘rsatilmoqda. Barcha tibbiyot muassasalari xalqaro standartlar asosida tayyorlangan yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlangan. Har yili tug‘ish yoshidagi ayollar va bolalarni ommaviy profilaktika ko‘rigidan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Vitaminlar va mikroelementlar yetishmasligini, xususan, unni to‘yintirish hamda tuzni yodlash orqali oldini olish bo‘yicha dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarning barchasi emlanmoqda. Ushbu chora-tadbirlar natijasida xotin-qizlar hamda bolalar va umuman, mamlakatimiz aholisining kasallanish darajasi ancha kamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tomonidan noyob tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi tashkil etildi. Bu vazifani mamlakatimizning har bir hududida shakllantirilgan sayyor brigadalar mutaxassislari amalga oshirmoqda. Ular oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti, ulardagi psixologik muhit va oila a’zolarining salomatligini o‘rganmoqda. Bunday patronaj tizimi faoliyat ko‘rsatishni boshlagandan buyon zamonaviy tashxis qo‘yish va davolash uslublaridan foydalangan holda, 3 million nafardan ortiq kishi, asosan olis aholi punktlarida yashaydigan xotin-qizlar hamda bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi. Ko‘makka muhtoj oilalarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari bir paytning o‘zida oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng sanitariya-ma’rifat ishlarini ham amalga oshirmoqda. Shu maqsadda mahallalar, ta’lim muassasalarida mutaxassislar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirilmoqda.

Yana o‘qing:  Navro‘z – shukronalik bayrami

So‘nggi ikki yilda jamg‘arma tomonidan o‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lomlashtirish va barkamol tarbiyalashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish borasida o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq etildi. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ishtirokida Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga sakkiz marta “Salomatlik” poyezdi tashkil etildi. Bu poyezdlarning shifokorlar brigadalari tarkibiga mamlakatimiz yetakchi klinikalarining tashxis qo‘yish va davolash bilan shug‘ullanadigan turli soha mutaxassislari kiritilgan bo‘lib, ular aholiga tibbiy maslahatlar bermoqda, davolash va profilaktik yordam ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, joylarda aholi, birinchi navbatda, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarga xayriya yordami ko‘rsatilmoqda, dori-darmonlar, vitaminlar va gigiyena vositalari berilmoqda.

Konferensiyada O‘zbekiston xotin-qizlar va bolalarni bepul skrining-tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha tizim faoliyat ko‘rsatayotgan dunyodagi kam sonli va MDHdagi yagona mamlakat ekani ta’kidlandi. “Ona va bola skriningi” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash doirasida so‘nggi ikki yilda mamlakatimiz skrining markazlarida qariyb uch million neonatal tadqiqot o‘tkazildi. Xavfli guruhga kiradigan chaqaloqlarda irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida zarur preparatlar va maxsus bolalar ozuqalari bepul berilmoqda.

Sog‘liqni saqlash muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy davolash-tashxis qo‘yish asbob-uskunalari, inventar va dori-darmonlar bilan ta’minlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasi, Nukus shahridagi tug‘ruqxona kompleksi, “Chortoq” bolalar sanatoriysi, boshqa tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalariga shunday manzilli yordam ko‘rsatildi. Toshkentda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Tibbiy-ijtimoiy markazining yangi binosi qurilib, to‘liq jihozlandi. Jamg‘arma mamlakatimiz hududlaridagi shifokorlarning xorijiy tibbiyot markazlarida malakasini oshirishga ham ko‘maklashmoqda.

Jamg‘arma xorijiy sheriklar yordamida tug‘ma kasalliklari va rivojlanishda nuqsonlari bor bolalarni mamlakatimizdagi, Avstriya, Germaniya va Janubiy Koreyadagi eng yaxshi klinikalarda bepul va tezkorlik bilan davolashni yo‘lga qo‘ydi.

Xayriya faoliyatiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mehribonlik uylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, nogiron bolalar, serfarzand va kam ta’minlangan oilalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Shubhasiz, sog‘lom turmush tarzini ta’minlashda eng yaxshi vosita — bu jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdir. Shuning uchun xotin-qizlar va bolalar, ayniqsa, qizlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish jamg‘arma faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bu borada sportning tennis va stol tennisi, badiiy gimnastika, sinxron suzish, badminton, voleybol kabi ko‘plab turlari bo‘yicha turli musobaqalar tashkil etilmoqda. Barkamol avlodni tarbiyalashda bolalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish ham muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda har yili yosh musiqachilar, xonandalar, raqqos va rassomlarning respublika hamda hududiy ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilmoqda.

Yana o‘qing:  Ko‘ngillarga solingan ko‘prik

Jamg‘arma tomonidan mamlakatimiz davlat va jamoat tuzilmalari, xalqaro sherik-tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu xayrli ishlar, avvalo, uzoq muddatli samaraga erishish — millat genofondini saqlash hamda yaxshilash, aholining umr ko‘rish davomiyligi va sifatini oshirish maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va voyaga yetishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Mamlakatimizda Obod turmush yili deb e’lon qilingan 2013 yilda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning salomatlik sifatini oshirish bo‘yicha o‘zining insonparvarlik hamda xayriya missiyasini bajarishni yanada faollashtirishi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida onalar va bolalar o‘limi uch baravar kamayganida “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasining ham munosib hissasi bor. Konferensiyada xorijiy ishtirokchilar O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash borasida qo‘llanilayotgan yangicha yondashuv ulkan natijalar berayotganini, bu dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi hamda mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat yuksak samaralar berayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Pribori Oy” kompaniyasining tijorat direktori Mariya Kivisto (Finlyandiya), “Friyedensdorf interneyshnl” xalqaro tashkiloti direktori Tomas Yakobs (Germaniya), Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi vitse-prezidenti (KOFIH) Pak Pyong Ryol (Koreya Respublikasi), Turkiya xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining (TIKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yavuz Jorux, Rossiya Tibbiyot fanlari akademiyasining tibbiy-genetika ilmiy markazi laboratoriyasi mudiri Yekaterina Zaxarova va boshqalar shu haqida gapirdi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha qabul qilingan tavsiyalarda O‘zbekistonda sog‘lom bolalar tug‘ilishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi ishlar sifatini tubdan yaxshilash, bu boradagi ishlarda jamoat tashkilotlarining keng ishtirokini ta’minlash hamda ularning salohiyatidan har tomonlama foydalanish bo‘yicha to‘plangan boy tajribani o‘rganish va keng qo‘llash zarurligi qayd etildi.

“Turkiston” saroyida mehribonlik uylari bolalar ijodiy jamoalari ishtirokida “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan bayram konserti bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev ishtirok etdi.

Anna IVANOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: