Sidqidildan mehnat qilgan kam bo‘lmaydi

deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Baxtiyor Abdiyev

Intilgan, ezgu ishlarga salohiyatini sarf qilgan kishining mehnati besamar ketmaydi. Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashgan maktab –internati matematika fani o‘qituvchisi Baxtiyor Abdiyevning faoliyati bunga yorqin misol. 24 yil davomida ko‘plab yoshlarda ilm-fanga mehr uyg‘otgan, ular qalbida yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantira olgan muallim bugun nafaqat tumanning balki, Qashqadaryo viloyatining ham ko‘zga ko‘ringan, obro‘li o‘qituvchilaridandir. Uning yosh avlod kamoloti yo‘lidagi samarali mehnatlari munosib baholanib, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” arafasida “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

– Yomon kasbning o‘zi yo‘q, – deydi “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi”, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Baxtiyor Abdiyev. – Sidqidildan mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Ilk faoliyatimni boshlagan yillardan buyon o‘quvchilarda fanga mehr uyg‘otishni dilimga tuggan edim. Ular fanni oson o‘zlashtirishlarini ta’minlash uchun “Matematika fanini o‘qitishni takomillashtirish”, “Ko‘phadli ko‘paytuvchilarga ajratishning bir necha usullari”, “Cheksiz kamayuvchi geometrik progressiya yig‘indisini hisoblash”, “Ko‘rsatkichli tenglamalarni yechish” kabi dars ishlanmalarim metodik qo‘llanma sifatida chop etildi. “O‘quvchilarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash” mavzusida forum tashkil etdik. 2002 yilda Davlat Test markazi tomonidan o‘tkazilgan “Pedagogik testlarning ijodkor muallifi” tanlovida ikkinchi o‘ringa loyiq topildim. Izlanishlarim samarasini berdi. Ikki nafar o‘quvchim xalqaro fan olimpiadasida g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Shu vaqtgacha 25 nafar shogirdim esa fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Bitta o‘qituvchiga bundan ortiq baxt bormi?!

Baxtiyor Abdiyev yoshlarga faqat fan sirlarini o‘rgatish bilan birga, ularning qalbida salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilish hissini ham shakllantiradi. Uning shogirdlari orasida fan nomzodlari va “O‘zbekis­ton Xalq ta’limi a’lochi”lari bor.

– O‘qituvchi jamiyatning faol a’zosi, – deydi B.Abdiyev. – U nafaqat bilim berishi, balki yurish-turishi, o‘zini tutishi, intilishi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozim. O‘quvchiligimda o‘qituvchilarimizga havasim kelardi. Men ham ulardek obro‘-e’tiborli bo‘lishni istardim. Niyatimga yetdim. “Mehnat, mehnatning tagi rohat”, deb bejiz aytilmagan ekan. Bayram arafasida davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanganim menga yangi ruh bag‘ishladi. Hozirda menda ilmiy ish qilish istagi paydo bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Baxtli mamlakatning baxtiyor farzandlari

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: