Ranglar bog‘ining jajji bog‘boni

Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan purma’no naql bor. San’at ham bir bog‘: ranglar bog‘i, so‘zlar bog‘i, kuylar bog‘i. Usta bog‘bonlar uni shu qadar go‘zal yaratganki, kezgan sari kezgingiz keladi. Unda bor olamni unutasiz.

Ranglar bog‘iga qilgan sayohatlarimning birida nihollarga qo‘ngan Pikassoning kabutarlariga mehr bilan tikilib turgan kichik bog‘bonni uchratdim. Keling, sizni ham u bilan tanishtiray. Voha quyoshining oltin mo‘yqalami yuzlariga o‘zgacha rang bergan bu bo‘lajak rassom Umidaxon bo‘ladi.

Bolaligidan tabiat va uning betakror rang­lariga hayrat ila boquvchi bu iste’dodli qizning chizgan ilk rasmlarini ko‘rgan otasi uni Yakkabog‘ tumanidagi 12-Bolalar musiqa va san’at maktabiga olib bordi. Tinimsiz mashqlar va harakatlar natijasida yosh iqtidor egasi mehridaryo xalqimizning bug‘doy rang qiyofasi, zalvorli tog‘lar salobati, sho‘xchan yaproqlarning raqsini oq qog‘ozga o‘zgacha mahorat bilan tushira boshladi. Tirishqoq, izlanuvchan Umidaxon maktabdan faxriy yorliqlar bilan qaytganda ota-onasi uni san’at sohasiga yo‘naltirib, adashmaganiga yana bir bor amin bo‘ldi.

Maktab chog‘larida Umidaxon “Kamalak yulduzlari”, “Ma’naviyatli yosh avlod” kabi bir qator respublika ko‘rik-tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egalladi. U xalqimizni quvontirgan g‘alabani esa 2017 yil qo‘lga kiritdi. O‘sha yili Umida Qahramonova Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Kazanskiye uzori’” nomli nufuzli xalqaro tanlovda dastgohli rangtasvir yo‘nalishida 1-, grafika yo‘nalishida esa 2-o‘rinni egallab, yurtimizga katta tuhfa bilan qaytdi.

Hozirda u Toshkent Madaniyat kolleji rassomlik yo‘nalishining 3-bosqichida tahsil olmoqda.

Ming bor eshitgandan ko‘ra bir bor ko‘rgan afzal. Yaxshisi, jajji bog‘bonning gulzorida o‘zingiz bir sayr eting. Ishonamizki, Umidaxonning nihollari sizning qalbingizda kurtak ham ota boshlaydi.

Humoyun QUVONDIQOV

Yana o‘qing:  YAXShI YASHASH BAXTI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: