Qiz bolaning qadrini hayosi oshiradi

Marshrut yo‘nalishidagi mikroavtobusda ketayotgandim, ro‘paramdagi yigit opajon, maylimi o‘rin almashsak, deb iltimos qildi. E’tiroz bildirmadim. Yangi joyga o‘tib, qarshimdagi qirq yoshlardagi oppoqqina ayolga ko‘zim tushgach, iltimos sababini angladim. Ayolning tizzasidan bir qarich yuqorida turgan yubkasi uning qomatiga aslo mos kelmasdi. Nihoyatda keng o‘yilgan burmali to‘r koftasining ochiqligi kishi g‘ashini keltirardi. O‘zi esa telefonda “chaqchaq”lashish bilan ovora.

Nahotki, bir oilaning bekasi, ehtimol bo‘yi-bo‘yiga teng o‘g‘liyu qizi ham bo‘lgan ayol bu qadar ochiq-sochiq kiyinishni o‘ziga ep ko‘rsa?! O‘zi shunday bo‘lsa, qizi qanday ekan? Axir ayolni millat tarbiyachisi deymiz. U telefondan chal­g‘igan chog‘ida ko‘zim bilan yig‘ilibroq o‘tiring, degandek ishora qildim. Ayol bir ijirg‘andi-yu oyoqlarini yig‘ib, ustiga sumkasini qo‘ydi. Yoshroq bo‘lganida ikki og‘iz taxirroq so‘z aytgan bo‘lardim. Ammo… ayolga hech narsa deyolmadim. Biroq ich-ichimdan bir tuyg‘u unga, uning kiyinish odobiga qarshi g‘alayon qilardi.

Balki kiyinish «madaniyati» bilan erkaklarni ham xijolatda qoldirgan bu ayol men o‘ylaganchalik ibosiz emasdir. Lekin odam haqidagi ilk tasavvur uning kiyi­miga qarab paydo bo‘ladi.

Bir dugonam o‘g‘lini uylantirish uchun bir yilga yaqin qiz axtardi.

– Kelin topish shunchalik qiyin­mi, axir ko‘cha to‘la qiz-ku, – dedim toqatim toq bo‘lib.

– Men ham shunday deb o‘ylardim. Biri-biridan chiroyli qizlarga havas bilan qarardim. Ammo kelin tanlashning o‘ziga xos talab va o‘lchovlari bo‘lar ekan. Kelinlikka ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom, milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni biladigan qizni izlayapman. Men o‘zimni ancha zamonaviy ayol deb hisoblayman. Ammo, tor-tanqis kiyimda butun vujudini ko‘z-ko‘zlayotgan shim kiyib, pardoz-andozga berilgan qizdan yaxshi kelin chiqishiga ishonmayman.

– Bular hali yosh, yaxshi kiyingisi, chiroyli ko‘ringisi keladi. Kelin qilib olgach, asta-sekin tarbiyalab, yo‘rig‘ingizga solib olasiz, – dedim maslahat ohangida.

– Fikringizga qo‘shilaman. Qaynonaning uyi ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi. Ammo… Yaqinda shunday voqea yuz berdi. Mahallamizning namunali, obro‘li xonadonlaridan birining sohibi Qodir aka kenja o‘g‘liga kelin oldi. Kelin bo‘lmish chillasi chiqar-chiqmas antiqa kiyimlarda hovliga chiqib, supir-sidir qiladigan bo‘libdi. Qodir aka avval xotiniga aytibdi. Ammo, kelin qaynonasining gapiga ham, ovsinining maslahatiga ham parvo qilmabdi. Qaynotasining tanbehidan so‘ng esa arazlab uyiga ketib qolibdi. Biz qizning onasini mahalla qo‘mitasiga chaqirdik. Onaning o‘zi ham anchagina zamonaviy ayol ekan. Bilasizmi nima dedi:

Yana o‘qing:  "5" bahoga aylangan "2"

– Qizim oyoq-qo‘lli, saranjom-sarishta. Hamma ishni tindiradi. Kalta-kulta kiyim kiydi, deb uni yomonotliq qilolmaysiz. Uyda shunga o‘rgangan. Bir kun, o‘n kunda o‘rgangan odatidan kecholmaydi. Bir yaxshi yarashib turgan bo‘lsa, nega sizlarga yoqmaydi hayronman. Zamoniga yarashada, dedi u tutoqib.

«Erkalatsa onasi, taltayadi bolasi» degan maqolning isboti shu emasmi?! Ammo, kuyov tomon ham o‘z so‘zida turib oldi. Bitta shu kiyim mojarosi tufayli yosh oila barbod bo‘ldi. Shunday ekan ishni boshdan puxta qilganimiz tuzuk. Odobi-odobimizga, didi-didimizga mos oila bilan quda bo‘lgan yaxshi.

O‘ylanib qoldim. Chindan ham o‘zligimizni, ma’naviyatimizni birinchi namoyishi egnimizdagi liboslarimiz ekan. Zamon qanchalik rivojlanmasin didimiz mentalitetimizdan, sharqona axloq-odobimizdan yiroqlashishni ma’qullamaydi. Ayni vaqtda bozorlarimizni, savdo do‘konlarini sezdirmasdan «ommaviy madaniyat»ni ko‘nglimizga, xonadonimizga olib kiruvchi g‘arbona liboslar egallab olgan. Kimdir uni sifatli gazlamasiga, kimdir hamyonbop narxiga, yana kimdir «modniyligi»ga qiziqib xarid qiladi. Afsuski, hech kim bu ko‘ylakni kiysam atrofdagilar qanday qararkan, uydagilar nima der ekan, degan andishaga bormaydi.

– Anvar, Nargiz juda yaxshi qiz. Bir necha yildan buyon birga ishlayapsizlar. Shu qizga sovchi qo‘ysang bo‘lmaydimi? – so‘radim hamkasb yigitdan.

– Men ham bu haqda o‘yladim. Oyim bilan singlimga tanishtirdim. «Ancha po‘rim qiz ekan. Buving rozi bo‘lmaydi», deyishgach o‘ylanib qoldim. Oilamiz katta. Bobom, buvim o‘ta zamonaviy liboslarni uncha qabul qilisholmaydi, – dedi u xijolatomuz.

– Senchi, sen qabul qila olasanmi?

– Meni bobom tarbiya qilgan…

Ayni bo‘y yetgan paytimda chevarga yengsiz ko‘ylak tiktirib keldim.

– Qani ko‘ylagingni kiyib chiq-chi, dedi buvim. Ko‘ylak chiroyimni ochib yubordi.

– Bo‘lmaydi, yech. Bunaqa ko‘ylakda ko‘chaga chiqmaysan. – Buvim to‘nini teskari kiyib oldi. Men yig‘lab yubordim.

– Qizim, bilasanmi bulbul g‘unchaga nima uchun kuyib-yonib roz aytadi. Sirliligi, yopiqligi uchun. Sen ham hayo va ibo pardasiga o‘ralgan g‘unchasan. Qiz bolaning bor go‘zalligi, qadr-qimmati uning hayo va ibosida.

Ha, o‘zligini anglagan, o‘zini, millatini hurmat qilgan har qaysi odam bunday ochiq-sochiq kiyinishni ma’qullamaydi. Chunki, biz ibo malikalari – o‘zbek momolarning avlodlarimiz. Keyingi paytlarda peshma-pesh namoyish qilinayotgan chet el seriallari, yomg‘irdan so‘ng chiqqan qo‘ziqorinday ko‘paygan maza-matrasiz qo‘shiqlarga ishlangan klip «qahramon»laridan yoshlar nimani o‘rganadi? Bu mediamahsulotlarning asosiy tomoshabini bo‘lgan o‘smirlar ularga o‘xshashga intilmaydi, deb kim kafolat beradi.

Yana o‘qing:  “MASH’AL” – dilga yaqin to‘lqin

Ammo biz dunyo tamadduniga juda katta hissa qo‘shgan madaniyatli, ma’naviyatli xalqmiz. Biz bunday bezotlardan o‘rganishga muhtoj emasmiz. Biroq, yoshlik g‘o‘rlik, deydi xalqimiz. Ularni nazorat qilish, tarbiyaga chorlash kattalarning vazifasi. Millatning birinchi belgisi uning axloqidadir.

Balki men kuyinchaklik bilan aytayotgan bu gaplar kimgadir eski mavzu bo‘lib tuyular, hadeb kiyinish odobi haqida gapirish shartmi, deb o‘ylar. Menimcha shart. Sakkizta bolani oq yuvib, oq tarab, jamiyat uchun foydali kishilar qilib tarbiyalagan onam, bolam aytganimni qilmadi, deb o‘z holiga tashlab qo‘yma, bir marta emas, o‘n marta gapir. O‘n besh marta gapir, bittasi bo‘lmasa bittasi qulog‘ida qoladi. Tarbiyada ta’til ham, dangasalik ham yarashmaydi, deydi hamisha.

Onajonimning farzand tarbiyasi borasidagi teran fikrlari bizni hamisha ogohlikka chorlab turadi. Otaning o‘g‘liga, onaning qiziga ibrat bo‘lishi o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi, shunday emasmi?

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: