O‘zbekistonda 3D o‘lchamli kitoblar chop etilmoqda

Mamlakatimizda yoshlarning kitobga bo‘lgan e’tibori, mutolaa madaniyatini oshirish borasida “O‘zbekiston matbuoti” milliy forumi va ko‘rgazmasi, uning doirasida “Bolalar adabiyoti” ko‘rgazmasi, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida “Kitob bayrami” tadbirlari va “Kitob – millatning bebaho ma’naviy va madaniy merosi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya, “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi!” shiori ostida “Bolalar kitobi” festivallari an’anaviy o‘tkazilmoqda.

Noshirlik va kitob mahsulotlarini o‘quvchilarga o‘z vaqtida, arzon narxlarda yetkazib berish maqsadida yangi kitob do‘konlari tashkil etilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmualari yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Kelgusida bu kabi majmualar har bir tumanda ishga tushadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 1755 matbaa korxonasi va bo‘limlari, 122 nashriyot faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan yiliga 4 mingdan ziyod nomdagi, umumiy adadi qariyb 50 million nusxaga yaqin kitob nashr etilmoqda. Noshirlik mahsulotlarining 1 ming nomdan ziyodi bolalar adabiyotiga tegishli. O‘zbek va jahon adabiyoti, mutafakkirlar hayoti va faoliyati, ajdodlarimizning ma’naviy jasorati, qahramonliklariga bag‘ishlangan bu asarlarni istagan kitob do‘konidan topish mumkin.

Yaqindan mamlakatimizda innovatsion texnologiya asosida 3D o‘lchamli kitoblar ham chop etila boshlandi. Bu loyiha O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Colar Technology” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, noshirlik sohasida yangilikdir. Bu loyiha dunyoning sanoqli mamlakatlari tajribasidan o‘tgan.

Buyurtma asosida kitob do‘konlariga yetkazib berilayotgan bu noshirlik mahsuloti bolalarni kitob dunyosiga yetaklashda o‘ziga xos xususiyatga ega. O‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘lgan 3D o‘lchamli kitob xarid qilingandan so‘ng uyali telefonda maxsus dastur yuklab olinadi. Dasturdagi skretch-kod faollashtirilib, kitobdagi rasmlarni ehtiyotlik bilan konturlardan chetga chiqmasdan bo‘yash lozim. Undan so‘ng tasvir ustiga smartfon yoki planshetni olib borasiz. Shu ondayoq monitorda bo‘yalgan rasm harakatlanib, so‘zlashga tushadi. Jonlangan rasm bilan suratga tushib, tayyor fotoni elektron jo‘natish mumkin. Hozir bu kabi kitoblar “Bizning kasblarimiz”, “Hayvonot olamida” va “Sevimli qahramonlar” kabi ruknlarda tayyorlanmoqda. “O‘zbek xalq ertaklari” rukni ostida ham bu kabi innovatsion noshirlik mahsulotini yaratish ustida ish olib borilayotir.

– Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi nashriyot-matbaa hamda kitob savdosi faoliyatini yanada rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Ilhom Zoyirov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi  mamlakatimiz noshirlik sohasida yangi sahifani ochib berdi. Ishlab chiqarishga yangi innovatsion texnologiyalarni jalb etgan holda kitob mahsulotlarini chop etish ko‘lami va sifatini yanada oshirmoqdamiz. Bolalar uchun tayyorlangan 3D o‘lchamli bo‘yash kitoblari ana shu jarayon mahsulidir.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan yoshlarni kitobga oshno qilish borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. “Maktab adabiyoti xrestomatiyasi” ruknida maktab darsliklariga kiritilgan o‘zbek va jahon adiblarining 44 nomdagi asarlari nashr etildi. 2016 yildan keng qamrovli, ya’ni umumta’lim maktablari bilan birga oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari va keng kitobxonlar ommasi uchun “Adabiyot xrestomatiyasi” ruknida kitoblar tayyorlanib, chop etila boshlandi. Bu kitoblarda o‘zbek va jahon adabiyotining yorqin namoyandalari qalamiga mansub sara asarlar joy olgan. “Jahon bolalar adabiyoti” ruknida ham 10 jildli kitoblar nashrga tayyorlandi. 2017 yil davomida bu rukndagi kitoblarning yana besh jildi chop etiladi.

Xalq og‘zaki ijodiga mansub dostonlarimiz yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishda muhim tarbiya omilidir. Bu haqiqatni chuqur anglagan nashriyot-matbaa ijodiy uyining izlanuvchan jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti  bilan hamkorlikda “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” ruknida 100 jilddan iborat kitoblarni nashr etish ishlarini boshlab yuborgan. Hozirgacha “Alpomish”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Qironxon”, “Kuntug‘mish”, “Erali bilan Sherali”, “Shirin bilan Shakar” kabi nomlardagi jildlar chop etildi.

Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning asarlarini nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga ham katta e’tibor berilmoqda. Nurilla Chori, Fozil Farhod, Jo‘rabek Jahon, Bibirobiya Saidova kabi yosh, umidli ijodkorlarning taniqli adabiyotshunoslarimiz, shoir va yozuvchilarimiz so‘zboshisi bilan nashr etilgan kitoblari bunga misol. Yosh qalamkashlar asarlari “Asrimiz va naslimiz umidlari” rukni ostida nashriyot mablag‘i hisobidan chop etilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida shunday gap bor: “…Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor, buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak. Nega deganda, ulug‘ adib Cho‘lpon aytganidek, adabiyot yashasa – millat yashaydi…”.

Mazkur hayotiy haqiqat bugun mamlakatimizda yoshlarni kitobga oshno qilish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, badiiy-g‘oyaviy qiymatga ega kitoblarni chop etish va o‘quvchilarga yetkazish borasida olib borilayotgan izchil ishlarning tub mohiyatini ifodalaydi.

 

Yana o‘qing:  Sovg‘ami yoki g‘avg‘o?

Malohat HUSANOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: