O‘ZBEKISTON YOSHLARI: bilimlar bahsida birinchi

O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, al Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ bobokalonlarimiz jahon ilm-fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Keyingi avlodga ularning meroslari hamon yo‘lchi yulduz, dasturilamal bo‘lib kelmoqda.

Poytaxtimizda ikkinchi bor o‘tkazilgan kimyo fani bo‘yicha 47-xalqaro Mendeleev olimpiadasi yurtimizda buyuk ajdodlarimizning chinakam vorislari kamolga yetayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Olimpiada ishtirokchilari 11 oltin, 23 kumush va 36 bronza medali uchun musobaqalashdilar. O‘zbekistonlik yoshlar 2 oltin, 5 kumush va 8 bronza medalini qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.

Moskva davlat universitetining kimyo fakulteti dekani, akademik Valeriy Lunin olimpiada yuqori saviyada o‘tkazilganini ta’kidlar ekan, mamlakatimiz rahbariyatiga ishtirokchilar uchun yaratilgan barcha sharoitlar, mehmondorchilik uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.

Kimyo fani bo‘yicha kollej va akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mazkur bellashuvda Ozarbayjon, Litva, Belarus, Vengriya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Makedoniya, Moldova, Ruminiya, Turkiya kabi davlatlardan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat 17 jamoa tarkibida 117 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ularning har biri ushbu xalqaro musobaqaning g‘olibi bo‘lish va oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘tish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun bellashdilar.

Ishtirokchilar kimyo fani bo‘yicha ikki nazariy va bitta eksperimental (amaliy) sinovdan o‘tishdi. Birinchi nazariy turda ixtisoslashtirilgan kimyo sinflari dasturiga mos keladigan 8 majburiy vazifa qamrab olindi. Ikkinchi tur kimyo fanining noorganik kimyo, organik kimyo, analitik kimyo, fizikaviy kimyo, biokimyo va polimerlar bo‘limlari bo‘yicha uchtadan savol keltirilgan bo‘lib, ishtirokchilar o‘z xohishiga ko‘ra ulardan birini yechishi kerak edi. Eksperimental tur davomida ishtirokchilar moddalarni kimyoviy tahlil qilish va taklif etilgan uslubiyot asosida sintezni o‘tkazish bo‘yicha o‘z salohiyatlarini namoyon etishdi.

Yoshlarning bilimdonlik musobaqasini nazorat qilish va g‘oliblarni aniqlashda 24 nafar jamoa rahbarlari, 4 nafar xalqaro tashkiliy qo‘mita a’zolari, 19 nafar xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari hamda 20 nafar milliy ekspertlar jonbozlik ko‘rsatdilar.

Bilim maskani binosida olimpiadaning ikkala turini o‘tkazishga ko‘maklashadigan barcha qulayliklar e’tiborga olinganligi jarayonning ko‘ngildagidek o‘tishiga imkon yaratdi. «ELXOLDING» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan olimpiadaning amaliy turini o‘tkazish uchun kerakli laboratoriya jihozlari, reaktivlar yetkazib berildi hamda 120 o‘quvchi o‘rni namunali tashkil etildi.

Yana o‘qing:  Ezgu amallar ayyomi

Tashkiliy qo‘mita va xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari olimpiada o‘tkaziladigan joyda va mehmonxonada zarur texnik vositalar, xalqaro telefon aloqasi hamda yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmog‘iga ulangan kompyuterlar, nusxa ko‘paytirish moslamasi, kanselyariya mollari bilan ta’minlangan alohida xonalarda ish olib bordilar.

Olimpiada ishtirokchilariga maxsus emblema tushirilgan sumka, futbolka, kepka, ruchka, bloknot, xalat, kitoblar, Toshkent shahar va olimpiada o‘tkaziladigan joy xaritasi, beyjiklar taqdim etildi. Shuningdek, ularga mamlakatimizning ta’lim tizimi, madaniy obidalari va so‘lim joylari bilan tanishish imkoniyati ham yaratildi.

Olimpiada ishtirokchilarining fikr-mulohazalari

Mariya Anapolskaya,

Ukraina, Kiyevopichersk litseyi o‘quvchisi:

– Men O‘zbekiston haqida internet orqali ko‘p o‘qiganman va eshitganman. Uning o‘ziga xos betakror go‘zalligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, eshitganlarim naqadar to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildim. Men bu yerga kelib do‘stlar orttirganimdan nihoyatda baxtiyorman.

47-xalqaro Mendeleev olimpiadasi yuqori saviyada o‘tkazildi. Biz barcha sharoitlar yaratilgan «O‘zbekiston» mehmonxonasida istiqomat qildik. «Mustaqillik» maydonida bo‘ldik, «Temuriylar tarixi» davlat muzeyi bilan tanishdik. O‘zbekiston haqida do‘stlarimga aytadigan taassurotlarim juda ko‘p.

Muborakxon Qurbonova,

Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti qoshidagi 1-akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi:

– Bilim dargohimizdan olti nafar o‘quvchi fan olimpiadasining shahar, respublika bosqichlarida g‘olib bo‘lib, mazkur 47-xalqaro Mendeleev olimpiadasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdik. Bunda albatta ustozlarimiz Yelena Delyaridi, Saidikrom Saidumarovlarning bizga bergan bilimlari asqotdi. O‘zim ingliz, fransuz, ispan tillarini mukammal o‘rganyapman. Til bilganim xalqaro olimpiada jarayonida menga juda qo‘l keldi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan do‘stlarim bilan o‘zaro bilim va tajribalarimizni o‘rtoqlashish imkoniga ega bo‘ldik. Men imtihonsiz o‘qishga kirish sertifikatini qo‘lga kiritdim.

Bir hafta davom etgan 47-xalqaro Mendeleev olimpiadasi muvaffaqiyatli yakunlandi. O‘zbekistonlik yoshlar o‘z bilim va salohiyati bilan hech kimdan kam emasligini namoyon etdilar. Bu esa har tomonlama rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash, yangicha fikrlaydigan, mustahkam bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasi, desak mubolag‘a emas. O‘zbekistonlik yoshlarning bugungi kunda turli xalqaro intellektual va sport musobaqalarida, fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari buning yorqin isbotidir.

Nikita Shlapakov,

Rossiya, Chelyabinsk shahridagi 97-sonli litsey o‘quvchisi:

– Olimpiada bahslari o‘tkaziladigan xonalar shinam va qulayligi bilan menga juda ma’qul bo‘ldi. Biz olimpiada sabab yanada ko‘proq do‘stlar orttirdik, o‘zaro tajriba almashdik.

Yana o‘qing:  Katta oilaning katta umidi

Biz do‘stlarimiz bilan Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida bo‘lganimizda, u yerdagi bolalarning iqtidorini ko‘rib, hayratga tushdim va yana bir bor O‘zbekiston iste’dodlar yurti ekanligiga ishonch hosil qildim. «Bunyodkor» sport kompleksi o‘zining ulug‘vorligi bilan bizni hayratda qoldirdi.

O‘zbekistonning tabiati, yashillikka, gullarga burkangan Toshkent shahri, betakror tarixiy obidalarga boy Samarqand shahri meni o‘ziga maftun etdi. Men o‘qishdan bo‘sh paytlarimda akrobatika, raqs bilan shug‘ullanaman. Dam olish kunlarim tabiat qo‘yniga chiqib hashorotlar to‘plamini yig‘aman. Tabiat o‘z go‘zalligi bilan kayfiyatimga, salomatligimga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Men kelajakda kimyo yo‘nalishida ilmiy ishlar olib borib, shu fanda yangilik yaratishni niyat qilganman.

Dilshoda OrtiQboyeva,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi 2-bosqich o‘quvchisi, oltin medal sohibasi:

– Haqiqiy bilim va do‘stlik bayramiga aylangan ushbu Mendeleev olimpiadasi barcha ishtirokchilarning yodida bir umrga saqlanib qoladi. Biz turli davlatlardan kelgan tengdoshlarimiz bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ular bizning yurtimiz haqida to‘lqinlanib gapirganlarida shu yurt farzandi ekanimizdan qalbimizda faxr va g‘urur tuyg‘ularini tuydik. Kelajakda ular bilan o‘zaro bilim va tajribalarimizni almashib turishga kelishib oldik. Olimpiada jarayonida biz yoshlar uchun ta’lim sohasida yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, o‘z bilimimizni namoyon etish hamda kasb-hunar o‘rganish borasidagi g‘amxo‘rliklar uchun mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimovga tashakkurlar aytamiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: