Katta oilaning katta umidi

“Oilam mening – qutlug’ bog’im” tanloviga

Kuy va qo’shiqqa oshno qalb ezguliklar og’ushida, mehrga to’la. Dilga xush yoquvchi ohanglar kishiga zavq bag’ishlaydi. Maktab sahnasida shirali ovozda kuylayotgan qora qosh, qora ko’z o’spirinni olqishlayotgan ustozlari va do’stlari uning kelajakda ulkan yutuqlarni qo’lga kiritishiga umid bog’lagan bo’lsa, ne ajab.

– Uyimizdagi katta meh­mon­xonaning to’rida osilgan tor hamisha otamni eslatadi. Oiladagi o’n nafar farzandlar orasida voyaga yetgan padarim Tolibjon aka yoshligidan san’atkor bo’lishni ahd qilgan ekan. Shu bois bo’lsa kerak bizni hamisha kuyga, qo’shiqqa oshno bo’lishga undar edi. Maktab sahnasidagi kichkina ijromizdan otamning ko’ngli tog’dek ko’tarilishini ko’rib o’zimizga bo’lgan ishonchimiz yanada ortar edi. Otam berilib tor chertganida so’ri ustidagi uzum barglari mayin shamollarda tebranib, go’yo kuyga jo’r bo’lyotgandek ohista shitirlab qo’yar edi. Har kuni kechqurun oila davrasida bo’ladigan kontsert dasturimizni biz farzandlar orziqib kutardik. Oiladagi bunday hamjihatlik, ota-onamizning bizga har tomonlama o’rnak bo’lishi hayotimizda o’ziga xos ibrat maktabini o’tadi. Afsuski, otam bugun oramizda yo’q, ammo ularning pok niyatlarini amalga oshira­yot­ganimdan baxtiyorman, – deydi iqtidorli san’atkor Firdavs Tolibov.

Firdavs Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 36-umumta’lim maktabini tugatib, Toshkent Madaniyat kollejining an’anaviy ijrochilik bo’limida tahsil oldi. O’ziga xos shirali ovozi bois ko’pchilikning nazariga tushdi. Ko’plab tanlovlarda muvaf­faqiyatli ishtirok etdi. Yaqinda Buxoro viloyatida o’tkazilishi rejalashtirilayotgan «Universiada» sport musobaqalari tantanalarida «Vatan» nomli qo’shig’ini ijro etishni maqsad qilgan yosh san’atkor yigitning hayajoni bir olam. Axir otasidan o’rgangan kuylari uning bolalik qalbiga muhrlanib, bugun katta sahnalar sari yetaklamoqda.

Ha, oila atalmish qutlug’ bo’ston chindan-da muqaddas. Undagi har bir nihol barg yozib, ko’k sari bo’y cho’zadi. Uning bezavol unib-o’sishi avvalo oila atalmish oshyonning ibrat maktabiga bog’liq.

Nodira VOXIDOVA

Яна ўқинг:  Миннатдорлик мактуби

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: