Ota ibrati – o‘g‘il bola uchun hayot sabog‘i

Tug‘ilgan kuniga dadasi velosiped sovg‘a qilganidan xursand bo‘lgan Shavkat uni yaqin do‘sti Suhrobning uyi tomon uchirib ketdi.

Ko‘cha boshida do‘stiga duch kelgach, unga velosipedini maqtay boshladi. Suhrob velosipedga havas bilan boqarkan, do‘stidan bir marta minib ko‘rishni so‘radi. Shu topda Shavkatning qizg‘anchiqligi tutib, unga rad javobini berdi.

Suhrob ranjigancha uyiga qaytdi. Eshikni ochiboq, o‘zini onasining quchog‘iga otdi. U Shavkatning otasi velosiped sovg‘a qilganini, chet elga ishlashga ketgan dadasi unga ham xuddi shunday velosiped olib kelishini aytib yig‘ladi. Farzandining so‘zlaridan ayolning ko‘ziga yosh qalqidi. U jigargo‘shasiga nima deb javob berishni bilmasdi. Besh yildan buyon daragi chiqmayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘z oldiga keltirarkan, “Ha o‘g‘lim, dadang, albatta, velosiped olib beradi”, deya oldi xolos.

Xalqimiz azaldan o‘g‘il bola tarbiyasini erkaklarga ishonib topshirgan. Ularni yoshlik paytidanoq ham ruhan ham jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga e’tibor berishgan.

Bugun mutaxassislar ham o‘g‘il bolaning 6 yoshdan keyingi tarbiyasi bilan otalar shug‘ullanishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra ayni paytda dunyo mamlakatlaridagi aksariyat kichik yoshdagi bolalar ota mehri va tarbiyasidan mosuvo ekan. Afsus bilan aytish kerak, yurtimizda ham murg‘ak farzandlaridan uzoqda, o‘zga mamlakatlatlarda mehnat qilayotgan otalar bor.

– O‘g‘il bola oila boshlig‘i, qo‘rg‘oni hisoblanadi, – deydi chiroqchilik Otabek aka Muqimov. – Otam oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan. Bobom olamdan o‘tgach, yaqinlarining moddiy ta’minoti ular zimmasiga tushgan. Yigitlik chog‘idanoq, mashinada xorij davlatlariga yuk tashib, tirikchilik qilgan edi. Bo‘sh vaqtlarida esa avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatgan. Keyinchalik ukalarini yoniga olib, ularga o‘z hunarini o‘rgatgan. Biz ham ana shu kasb mashaqqatlarini ko‘rib, ulg‘aydik. Hozir otamning ishlarini olti nafar farzandi davom ettirmoqda. Aytmoqchimanki, o‘g‘il bola tarbiyasida ota har doim o‘rnak bo‘lishi lozim. Ana shunda ular o‘rtasida mustahkam rishta bog‘lanadi.

Darhaqiqat, oila sha’nini himoya qilish, ayoli va farzandlari baxtini ta’minlash erkak zimmasidagi muqaddas burch hisoblanadi. Afsuski, bugun ko‘p oilalarda farzandlar tarbiyasi bilan faqat onalar shug‘ullanmoqda. Ba’zi odamlar o‘g‘il bolaga qattiqroq turish kerak, deb o‘ylaydi. Biroq bu usul doim ham kutilgan natija beravermaydi.

– O‘g‘il bola tarbiyasida ota-ona bir muncha qiyinchiliklarga duch keladi. Ularni qiziqishlari sari yo‘naltirib, yaxshi inson bo‘lib voyaga yetkazish esa oila kattalaridan sabr-toqat va katta mehnatni talab qiladi, – deydi psixolog Dilfuza Pardayeva. – Afsuski, bugun ayrim oilalarda bu masalaga biroz mas’uliyatsizlik bilan qaralmoqda. Ko‘pincha o‘ta qattiqqo‘llik bilan olib borilgan tarbiya usuli natijasida o‘g‘il bolalar jizzaki, o‘z kuchiga ishonmaydigan bo‘lib ulg‘aymoqda. Ba’zan esa ular boshqalarga o‘z hukmini o‘tkazuvchi xudbin kimsaga aylanishmoqda. Shu sabab, imkoni boricha ularning tarbiyasi bilan otalarimiz jiddiy shug‘ullanishlari, o‘g‘lining yurish-turishiga e’tiborli bo‘lishlari zarur.

Shuningdek, o‘g‘il bolaning tarbiyasiga bobo va tog‘alarni ham jalb qilish yaxshi samara beradi. Yolg‘iz onalar bu borada farzandining erlik g‘ururini sindirib qo‘ymaydigan to‘g‘ri tarbiya usulini topib olishi, pedagog va psixologlar bilan maslahatlashgan holda ish tutishi zarur. O‘g‘il bolalarni otasiz tarbiya qilish yolg‘iz ona uchun g‘oyat mashaqqatli ish ekani tajribadan o‘tgan achchiq haqiqat. Bu kemtiklik ular voyaga yetgani sari kengayib boraveradi. Keyinchalik buning o‘rnini to‘ldirish amrimahol bo‘lib qoladi.

Bir so‘z bilan aytganda o‘g‘il bola har qadamda qattiqqo‘l, shu bilan birga, mehribon otaning maslahatlariga ehtiyoj sezadi. Boshlamoqchi bo‘lgan har bir ishida otasining yo‘l-yo‘riqlari zarur ekanligini anglaydi.

Yana o‘qing:  Ota-onalar majlisi: bunda qanday muammolar hal bo‘ladi?

M. HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: