OILADAGIDEK MUHIT, RISOLADAGIDEK TA’LIM-TARBIYa

Mustaqilliklik yillarida O‘zbekistonda bolalarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga doir mukammal huquqiy tizim yaratildi. Xalqaro hujjatlar amaldagi milliy qonunchilikka to‘la implementatsiya qilindi. Jumladan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan, ya’ni ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, imkoniyati cheklangan bolalar masalasiga ham alohida e’tibor berildi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy qo‘llab– quvvatlash va reablitatsiya qilish bo‘limi mudiri Huri Qolboyeva bilan shu xususda suhbatlashdik.

Huri opa, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan, ya’ni, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, o‘qitish va ijtimoiy himoya qilishga doir me’yoriy hujjatlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularni barkamol avlod sifatida tarbiyalash masalalari mamlakatimizda asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu ezgu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, “Oila” kodeksi, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston bolalarining farovonligini ta’minlash” bo‘yicha harakat dasturining uzviy davomi bo‘lgan “Bolalarni tarbiyalashni takomillashtirishga, sog‘lom va barkamol avlodni takomillashtirishga qaratilgan vazifalarga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlar, shuningdek ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasi va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator davlat dasturlari va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan, ya’ni ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta’lim tarbiyasi bilan birga ularning kelajakda biror kasbni egallab, turar-joyga ega bo‘lib, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishiga yuksak ko‘mak berilmoqda.

“SOS” Kinderdorf Interneshnl Xalqaro tashkiloti hamkorligida 2000 yil poytaxtimizda “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi” tashkil topgan edi. O‘zini to‘la oqlagan ushbu usul keyinchalik yanada rivojlantirildi va shaklan takomillashtirildi.

– Juda to‘g‘ri ta’kidladingiz. 2006 yilda Samarqandda, 2013 yili Urganchda “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi” faoliyat yurita boshladi. Hozir oila sharoitiga yaqinlashtirilgan bu usulda uchala muassasada ona va bola tarbiyasiga mas’ul kishilar qaramog‘ida 267 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berilmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda respublikamizdagi 23ta “Mehribonlik” uylaridan ikkitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 22 maydagi qarori bilan Bolalar shaharchasiga aylantirildi. Ular Andijon va Guliston shaharlarida joylashgan bo‘lib, shaharchalarda 149 nafar bola oila sharoitida tarbiya olmoqdalar. Ular mehribon tarbiyachi-ona boshchiligida 6-8 nafardan iborat bir oila bo‘lib, barcha sharoitlarga ega alohida kottejlarda yashab kelmoqdalar.

Yana o‘qing:  “KARIM-MUKARRAM STOMA”: AHOLI TIBBIY XIZMATDAN MAMNUN

Oilaviy ko‘rinishdagi ta’lim-tarbiya berishning yangi muqobil shakli – “Oilaviy bolalar uylari” ham shakllantirildi.

– Ha, bugungi kunda Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ikkita “Oilaviy bolalar uylari” mavjud bo‘lib, ularda 12 nafar bola tarbiya topmoqda. Bolalarni ma’lum bir oilalar o‘z qaramog‘iga olishgan. Ushbu bolalar ham xuddi “Mehribonlik” uylaridek davlat nazorati va ta’minotidadirlar.

Darhaqiqat, bolalar va yoshlarning ma’naviy hamda jismoniy imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish va uni ezgu-maqsadlar yo‘lida safarbar etishga ko‘maklashishga davlatimiz, jamiyatimiz birlamchi vazifa sifatida qaramoqda. Ana shu sa’y-harakatlarning natijasi xususida ham gapirib o‘tsangiz.

– Bu yo‘nalishdagi tarbiyalanuvchilarga bo‘lgan e’tibor tufayli ularning barchasi akademik litsey va kollejlarda, shuningdek keyinchalik ba’zilari oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirmoqdalar. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent yuridik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlariga “Mehribonlik uy” lari tarbiyalanuvchilaridan 2007 yilda 12 nafar bola, 2009 yilda 14 nafar, 2011 yili 15 nafar, 2013 yilda 22 nafari talaba bo‘ldi. Ularni mustaqil hayotga tezda o‘rganib olishlari uchun uy-joy bilan ta’minlanashga ham alohida e’tibor berilyapti, ba’zi viloyatlarda maxsus “Yoshlar uyi” ishga tushdi.

Zero, kishining ruhiy holati, kayfiyatidagi keskin o‘zgarishlar uning jismoniy holatiga ta’sir etadi. Ruhiy holat bilan jismoniy holat o‘rtasidagi muvozanat va barqarorlik sihat-salomatlik garovidir. Tan va ruh uyg‘unligi saodatdir, deya o‘rgatadi sharq falsafasi ham. Shuning uchun ham istiqlolning ilk kunlaridanoq ular orasida sportga bo‘lgan mehrni yuksaltirishga ham alohida e’tibor berila boshlandi.

Ushbu yo‘nalishdagi muassasalarda mamlakatimizning ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib tushgan sport majmualari, sport maydonlari bunyod etildi. Qizlar sportiga e’tibor kuchaytirildi. Qizlar o‘rtasida badiiy gimnastika, suv sporti, tennis va boshqa sport turlari keng yo‘lga qo‘yildi. Har bir muassasada futbol, voleybol, qo‘l to‘pi tennisi bo‘yicha jamoalar mavjud. Ular yon atrofdagi sport majmualariga faol qatnashadilar. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 4-sonli,Toshkent shahridagi 23-sonli, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 15-sonli “Mehribonlik” uylarida basseynli sport komplekslari bunyod etildi. Albatta, bu imkoniyatlar, shart-sharoitlar ularning ruhiyatini yuksaltiradi.

2010 yilda Surxondaryodagi 12-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi Veronika Volodina san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2012 yilda Toshkent shahridagi 23-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari esa Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan badiiy havaskorlar tanlovida ishtirok etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Toshkent shahar 21-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Anna Isayeva sambo bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi. Buxoro viloyatidagi 32-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Diana Sulaymonova sambo bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ikki marta g‘olib bo‘ldi. 29-Mehribonlik uyidan Stepan Partnov boks bo‘yicha 2013 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada 1-o‘rinni egalladi.

Yana o‘qing:  Qizil lavlagi

Hammamiz yaxshi bilamiz-ki, YUNISEFning ijtimoiy monitoring va boshqa tadqiqotlarida O‘zbekistonda bolalarning sog‘ligini asrash, ularni kasbga yo‘naltirish borasida davlat xarajatlari hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng kattaligi, onalar va bolalar farovonligining ayrim ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimiz xalqaro forumlarning yaqin kelajak uchun ishlab chiqqan tavsiyalardan o‘zib ketganligi ta’kidlanadi. Bu bizni quvontiradi.

– Mamlakatimizda bolalar manfaatlari – oliy qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Shuning uchun tegishli vazirliklar tomonidan ta’lim va ovqatlantirish normativlari ishlab chiqilgan. Xalqimizning “Yetim haqidan qo‘rq” degan haqli iborasi mavjud. Tarbiyachilarimiz ushbu o‘zbekona qadriyatlarga alohida e’tibor beradilar. Masalan, mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlari hisobga olingan holda yozgi dam olish oromgohlari tashkil etiladi. “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun ham yozgi ta’tilni ko‘ngilli o‘tkazish maskanlari mavjud. Bu yil yozda ana shulardan xabar olgani bordim. Siz so‘rayotgan normativlarga alohida e’tibor berdim. Bizda har bir bola bir kunda qancha moddiy ta’minot olishi belgilangan. Unga monandligini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, ular tarbiyalanayotgan joyda ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari, tanlovlar ko‘p tashkil etilmoqda.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur…

Oydin SA’DULLAYEVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: