Oromgohlar bolalarni chorlaganda…

Yoz serquyosh va orombahsh kunlari bilan insonga xush kayfiyat ulashadi. Ayniqsa bu faslni kattalardan ko’ra bolajonlar intiqlik bilan kutishadi. Negaki, yil davomida biroz horiqqan bolalar navbatdagi o’quv yiliga kuch to’plashlari uchun so’lim oromgohlar bag’rida hordiq chiqarishadi.

Sir emaski, yurtimizda bolalarni yozgi sog’lomlashtirish chora-tadbirlari bo’yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan mazkur soha rivojiga ko’rsatilayotgan e’tiborning yil sayin ortayotgani bois, mana ikki yildirki dam olish va sog’lomlashtirish oromgohlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo’yicha har yilga mo’ljallangan Manzilli dastur tasdiqlanmoqda. Unga muvofiq respublikada mavjud oromgohlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, yangi dam olish maskanlari barpo etilmoqda.

O’tgan 2012 yil dasturga muvofiq 30 dan ortiq oromgohlar kapital ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinib, 3 ta yangi oromgoh qurilib foydalanishga topshirilgan bo’lsa, joriy yilda 2 ta yangi oromgoh barpo etildi. 15 ta oromgoh rekonstruksiya, 19 tasi to’liq ta’mirlandi. Bu yil respublikamiz bo’yicha 1000 ta bolalar oromgohlar bolajonlar ixtiyoriga topshirildi. Xususan, 210 ta statsionar, 790 ta kunduzgi, ya’ni maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi oromgohlar, 50 ta mehnat va dam oldirish oromgohlari faoliyat ko’rsatmoqda.

Shunga alohida urg’u berildiki, bolalar uchun mo’ljallangan oromgohlar faqatgina jismoniy sog’lomlashtirish markazlari sifatidagina emas, balki, ularni ma’naviy-intellektual rivojlantirish maskanlariga ham aylantirilgan.

Yuqorida qayd etilgan oromgohlarda mavsum davomida 270 ming 350 nafardan ortiq o’g’il-qizlar har tomonlama hordiq chiqarib sog’lomlashtiriladi. Bu ko’rsatkich o’tgan yillarga nisbatan 10 ming nafarga ko’p demakdir. Bugungi kunda oromgohlarda bolalar xavfsizligini ta’minlash, ularni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oromgohlarga malakali pedagog va tibbiyot xodimlarini jalb etish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha oromgohlarda turli toifadagi 15 ming 729 nafar pedagog kadrlar, 1 ming 135 nafar tibbiyot xodimlari, 1 ming 87 nafar sport yo’riqchilari va boshqa soha xodimlari jalb etilishi ham oromgohlarda bolalar xavfsizligini ta’minlash bo’yicha qilinayotgan sa’y-harakatdir.

Birgina ixtisoslashtirilgan oromgohlar misolida ko’radigan bo’lsak, bu yilgi mavsumda bunday oromgohlar sonining ortishi bilan birga, ular mazmunan boyitildi ham. Xususan, 2011-yildan «Intellektual rivojlantirish», «Tarbiya va sport», «Mehnat va dam oldirish» oromgohlari bilan bir qatorda joriy yilda «Ekologik-biologik», «O’lkashunoslik», «Texnik ijodkorlik», «Ijtimoiy moslashuv» oromgohlari ham faoliyat ko’rsatadi. Har bir ixtisoslashtirilgan oromgohga bolalar qobiliyati, iqtidori va qiziqishi bo’yicha qamrab olinadi.

Яна ўқинг:  Yozgi ta'til boshlanar

«Intellektual rivojlantirish» oromgohlarida esa O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlari g’oliblari bo’lgan iqtidorli bolalar hordiq olishadi. «Tarbiya va sport» oromgohlariga bolalar joylardagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari bilan hamkorlikda jalb etiladi. «Ijtimoiy moslashuv» oromgohlarida esa jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar imtiyozli asoslarda sog’lomlashtiriladi.

Ma’lumki, bolalar oromgohlarida asosan 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar dam oladilar. Amaliyotga kiritilganiga hali uncha ko’p vaqt bo’lmagan «Mehnat va dam oldirish» oromgohlariga esa 15 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlar jalb etilib, dam olish bilan birga, ularga dastlabki mehnat ko’nikmalari ham singdiriladi. Bu turdagi oromgohlar respublikamizning har bir hududida mahalliy hokimliklar, kasaba uyushmalari va korxona, tashkilot va muassasalar hamkorligida tashkil etiladi. Ular soni bu yil 2 barobarga ortdi.

Davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo’qotgan oilalar farzandlari, «Mehribonlik uy»lari va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarni imtiyozli sog’lomlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, joriy yilda jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlarning 30 ming nafardan ortiq farzandlarini imtiyozli sog’lomlashtirish rejalashtirilgan.

«Obod turmush yili» Davlat dasturi doirasida O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va «Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda mahallarda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo’lgan 600 nafar o’g’il-qiz imtiyozli asoslarda sog’lomlashtiriladi.

Bu yilgi oromgohlarning o’ziga xosligi shundaki, ularning ish dasturiga ilk bora xorijiy tillarni o’rgatish bo’yicha maxsus to’garaklar faoliyati kiritildi. Mazkur yangilik – Davlatimiz rahbarining «CHet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yo’lidagi sa’yi-harkatlardan biri bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Shuningdek, madaniy tadbirlar sifatini oshirish maqsadida Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «O’zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan maxsus dasturlar ishlab chiqildi. Ushbu dasturlarga muvofiq Respublikamizning har bir hududida faoliyat ko’rsatuvchi bolalar oromgohlariga maxsus jadval asosida taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilar, «Nihol» mukofoti sovrindorlari tashrif buyurib, konsert dasturlarini namoyish etadilar.

Oromgohlarning barchasi badiiy adabiyotlar, zarur sport jihozlari bilan ta’minlangan. Ularda olib boriladigan jismoniy tarbiya va sport ishlari bo’yicha ham maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Shunga muvofiq har bir oromgohda turli sport musobaqalari, oromgohlararo spartakiadalar, xotira turnirlari o’tkaziladi.

Яна ўқинг:  Марғилон ипагидан яралган мўъжиза

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: