Malakali tibbiy xizmat – sog‘lom hayot kafolati

Tibbiyotning oliy maqsadi – inson salomatligini ta’minlashdan iborat. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilayotgan islohotlarning zamirida ham avvalo, inson salomatligini saqlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdek ezgu maqsad mujassam. Shu bois mamlakatimizda yangidan-yangi zamonaviy tibbiyot maskanlari, poliklinika va QVPlar, shifoxonalar va tibbiyot shoxobchalari qad ko‘tardi. Mutaxassis kadrlar va malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash, ularning bilim va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratildi.

Darhaqiqat, poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida faoliyat ko‘rsatayotgan 600 nafardan ziyod malakali shifokor-mutaxassislarning 93 nafarini oliy, 252 nafarini esa malakali o‘rta tibbiyot xodimlari tashkil etadi.

– Har yili jami o‘ng ming nafarga yaqin bemorlar davolanib, o‘z salomatliklarini tiklab qaytayotgan bo‘lsalar, ularning uch ming nafardan ziyodini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi va ularga order tizimida yuz foiz bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Muassasamizda bemorlarning sifatli davolanishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud bo‘lib, zamon talablari darajasidagi ilg‘or texnika va texnologiyalar, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan, – deydi muassasaning davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qodir Mo‘minov. – Yangiliklardan yana biri o‘tgan yilda markazimizda zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan ta’minlangan-intervensional kardiologiya bo‘limining ishga tushirilganidir. Bo‘limga keltirilgan angiograf tibbiy uskunasi yordamida yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni zamonaviy va eng ilg‘or davolash usullari asosida to‘liq davolashga erishilmoqda.

Ha, bugungi kunda gastroenterologiya, kardiotserebral patologiya, gepatobliar, kardiologiya, revmatologiya, pulmonologiya, kardioreablitatsiya, intervensional kardiologiya hamda bir nechta bo‘limdan tashkil topgan “Bolalar birlashmasi” bo‘limlarida tajribali tibbiyot xodimlari aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan markazda 20 foiz bemorlarga order asosida imtiyozli, 80 foiz bemorlarga pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish keng yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababli xodimlarning muomala madaniyati, malaka va tajribalarini doimiy oshirish, ularni zamonaviy davolash usullaridan boxabar qilib borish ishlariga yetarlicha ahamiyat qaratilgan. Jumladan, oliy ma’lumotli shifokor-mutaxassislar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan shartnomalar tuzilgan. O‘rta tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish maxsus tuzilgan komissiyaning tanlovi asosida amalga oshiriladi. Bemorlar uchun uch mahal parhez taomlardan iborat taomnoma tuzilgan. 250 o‘rinli zamonaviy oshxona, davolanish, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari bemorlarning ixtiyorida.

Yana o‘qing:  MEN KO‘ZLAGAN MARRALAR HALI OLDINDA

Konservativ davolash usullari qo‘llaniladigan ushbu ilmiy-amaliy tibbiyot markazida fizioterapevtik muolajalar bilan davolash muhim o‘rin egallaydi. Shu bois fizioterapiya, balneologiya (shifobaxsh balchiq va minerallar bilan davolash) hamda suv bilan davolash muolajalari bo‘limlarining faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerga o‘z salomatliklarini tiklash maqsadida kelgan fuqarolarning tabiiy usulda tez va samarali shifo topishlarini ta’minlamoqda. Muhimi, nufuzli bu muassasa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ushbu markaz o‘tgan yilda yana zamonaviy tekshiruv va davolash apparatlari-angiograf, ezofagogastroduodenoskop, UTT, elektroneyrograf, zamonaviy rentgen tibbiy uskunasi va shu kabi boshqa eng so‘nggi rusumdagi tibbiy texnologiyalar bilan ta’minlandi. O‘z navbatida bu imkoniyatlar tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasininig yil sayin oshib borayotganining yaqqol ifodasidir.

E’tiborli tomoni markazdagi kasallik tarixi va muolajalarning bemorlarga elektron xizmat orqali yetkazilishidir. Bu ortiqcha vaqt va yugur-yugurlarga chek qo‘yish, tahlillarni o‘z vaqtida to‘g‘ri va aniqligini ta’minlaydi. Ma’muriyat, qabulxona, poliklinika va funksional diagnostika bo‘limlarining yangi binoga ko‘chirilishi esa nafaqat shifokorlar, balki bemorlar uchun ham yanada katta qulayliklar yaratdi. Bundan tashqari joriy yil oxirigacha bo‘g‘imlarni ko‘rish va tekshirish uchun yangi – artroskopiya bo‘limining ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Markazning bir guruh malakali mutaxassislari har yili viloyatlarda bo‘lib, aholini chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ular o‘rtasida davra suhbatlari o‘tkazishmoqda. Bu kabi chora-tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirishda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lmoqda.

Maryam AHMEDOVA


Xizmatlar litsenziyalangan.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: