Kitobga oshno dil

“Kitob – tafakkur qo‘sh qanoti”, deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, inson kitob mutolaa qilsa, uning dunyoqarashi, fikrlashi va tasavvurlari asta-sekin sayqallanib boradi. Bora-bora kishi teran fikrli shaxs bo‘lib kamol topadi. Shuning uchun kitob har bir davrda, har qanday zamonda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan.

O‘z shogirdlarini kitob bilan oshno bo‘lishga undagan, shuningdek, ularni kitobning chin ixlosmandlariga aylantirgan tajribali noshir, hozirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida “Kitob grafikasi va miniatyura” kafedrasi katta o‘qituvchisi Jannat opa Bekiyeva ham ziyoli va kitobsevar, fidoyi ayollardan biridir. Bolaligidan kitobga mehr qo‘ygan Jannat opa kelajagini murabbiylik sohasi bilan bog‘ladi. U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomladi. Uning bu yo‘lni tanlagani bejizga emas edi. Sababi, ota-onasi Tentemish aka va Koshimkan opalar ham ma’rifatning chin ixlosmandlari bo‘lishgan.

Jannat Bekiyeva faoliyati davomida “O‘zbekiston ensiklopediyasi”, “Islom”, “Mehnat”, “Mitti yulduz” nashriyotlarida faoliyat olib borib, yuzdan ortiq kitoblarni tayyorlashga hissa qo‘shib, insonlarga ma’rifat ziyosini tarqatishda o‘z xizmatini ayamadi.

Hozirda Jannat opa bilim dargohida kitob yaratishda bosib o‘tiladigan jarayonlarning sir-sinoatlarini yosh avlodga o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, talabalarga kitobni maketlashtirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlash bilan mashg‘ul.

– Qaysi bir nashriyotga bormay, har yerda talaba va shogirdlarimni ko‘rib ko‘zim quvnaydi. Ular mening kasbim orqali topgan ulkan boyligimdir, – deydi Jannat opa Bekiyeva.

Qachonki, ayol ko‘nglida mehr-muhabbat bo‘lsa, kitobni sevsa, dunyo hamisha go‘zal va maftunkor bo‘ladi. Zero, ayol hayot ijodkoridir.

Dilafro‘z ESHONXONOVA

Yana o‘qing:  Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: