Suzish – ruhiyat va salomatlik tayanchi

Oqila G'aniyeva Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 43-son Bolalar va o`smirlar sport maktabida sportning suzish turi bo`yicha murabbiya. U yaqinda O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 22 yilligiga bag`ishlab «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O`zbekiston!» shiori ostida o`tkazilgan sport festivalida birinchi o`rinni egalladi.

Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur festivalda sportning yettita – stol tennisi, gimnastrada, voleybol, shaxmat, suzish, yengil atletika, nishonga olish yo`nalishlari bo`yicha respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan ishtirokchilar o`zaro kuch sinashdilar. Oqila G'aniyeva 50 metr masofaga kross usulida suzish musobaqasida 100 nafar sportchi qizlar orasida g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Asli farg`onalik bu qiz sportning gimnastika turi bilan shug`ullana boshlaganida besh yoshida edi. Qizaloqdagi sportga bo`lgan qiziqish va iste'dodni anglagan bokschi tog`asi Abduqahhor To`ychiyev uni sport olamiga ilk bor yetaklagan ustozidir.

2004-yilda Marg`ilon peda­gogika kollejining jismoniy tarbiya fakultetiga o`qishga kirganidan keyin u sportning karate va voleybol turlari bo`yicha to`garaklarga qatnashdi. Bilim dargohi miqyosida o`t­kaziladigan barcha sport bellashuvlarida nufuzli o`rinlarni qo`lga kiritib, ustozlari va tengdoshlari orasida e'tibor qozondi.

Kamtarin, tirishqoq qiz mehnatlari evaziga 2008-yilda O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga grant asosida o`qishga qabul qilindi. Ustozi Farhod Ikromovdan saboq olib suzish yo`nalishida o`z bilimlarini mustahkamladi. Suzish qonun-qoidalari, texnik taktikalarini ham amaliy ham nazariy jihatdan chuqur o`rgandi. Universitet miqyosida o`tka­ziladigan sport muso­baqalarida g`oliblikni qo`lga kiritdi. 2009-yilda Andijon viloyatida o`tkazilgan Universiadada, 2010-yilda Respublika qishgi suv sporti musobaqalarida hamda 2011-yilda Toshkentda o`tkazilgan Yozgi suv sporti bellashuvlarida 1-o`rin sohibasi bo`ldi.

– Sportning suzish yo`nalishi inson ruhiyatini ko`tarish bilan birga umurtqa-pog`ona yallig`­lanishi, tuz to`planishi, skoleoz kabi kasalliklarning, ayniqsa, shamol­lashning oldini olishda nihoyatda muhim. Shuningdek, organizmda qon aylanishini yaxshilaydi. Mazkur sport turi bilan shug`ullanishdan oldin organizmni chiniqtirish lozim. Issiq haroratdan asta-sekinlik bilan salqinroq, keyinchalik sovuq haroratga o`tish bilan organizmning chiniqtirilishi to`g`ri bo`ladi.

Oqila G'aniyeva ham iste'dodli bolalarning jismoniy hamda ma'naviy jihatdan barkamol bo`lib voyaga yetishlaridek sharafli ishga munosib hissa qo`shib kelayotgan murabbiyalardan. U o`zi faoliyat olib borayotgan ta'lim dargohida 50 nafardan ziyod o`quvchilarni to`rtta guruhga ajratib suzishga o`rgatadi.

Яна ўқинг:  ORZUYIM

– Kichik yoshdagi bolajonlarni turli o`yinlar bilan suvga sho`n­g`ishga jalb etaman. Keyinchalik «Marraga kim tez yetib kelish» o`yiniga o`tamiz. Birinchi navbatda suzish texnikasiga e'tibor berish kerak,– deydi yosh murabbiya.

U bolalarga asta-sekinlik bilan uzoq masofalarga suzishni vazifa qilib beradi, guruhida ayniqsa, qizlarning ko`pligidan juda mamnun gapiradi. Chunki ular bo`lajak onalar. Jismonan sog`lom onadan sog`lom farzand dunyoga keladi. Buni ota-onalar ham bugungi kunda yaxshi anglashadi.

Istiqlol yillarida yurtimizda «Sog`lom onadan sog`lom bola» tamoyilining dasturilamal qilib belgilanishi xotin-qizlar sportining rivojlanishiga turtki bo`ldi. Aholini sog`lomlashtirish, xalqimiz orasida sog`lom turmush tarzini shakl­lantirish, sog`lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda sportning o`rni va roli beqiyosdir. Jumladan, yosh avlodning sog`lom va barkamol unib-o`sishlari, o`z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun ulkan imko­niyatlar yaratib berilayotgani, qator sport-sog`lomlashtirish maj­mualarining barpo etila­yotganligi, mamlakatimiz miqyosida nufuzli sport musobaqalari o`tkazilib kelinayotgani kelajak avlodning sog`lom bo`lishiga zamindir.

Muhabbat XO`JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: