KITOB BAYRAMI – MA’NAVIYAT BAYRAMI

“Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostidagi Respublika “Kitob bayrami”ning Xorazm viloyatidagi tadbirlari qizg‘in ruhda o‘tdi. Ma’naviyat bayrami bu yil ilk bor talabalarni qabul qilishga shay turgan Urganchdagi Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Po‘lat Bobojonov bayram ishtirokchilarini ma’naviyat, adabiyot ayyomi bilan muborakbod etdi. U o‘z so‘zida kitob – millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi sifatida qadrlanishi va aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, yoshlarni milliy istiqlol ruhida tarbiyalash, adabiyotga, ona Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishga qo‘shayotgan samarali hissasini alohida ta’kidladi.

Namunali kitob do‘koni

Respublikamizda joriy yilning aprel-may oylarida har bir viloyatda “Namunali kitob do‘koni” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Ko‘rik-tanlov arafasida viloyatda faoliyat olib borayotgan 21 ta kitob do‘koni chuqur o‘rganildi. Yangidan bunyod etilayotgan kitob do‘konlari xaridorlar uchun juda qulayligi, yorug‘ va shinamligi, kitoblar ko‘pligi va xilma-xilligi, sotuvchilarning xaridorlarga xushmuomalasi bilan alohida ajralib turadi.

Ushbu “Kitob bayrami”da do‘konlarning foto va kitob ko‘rgazmalari ham tashkil etildi. Shuningdek, ushbu tantanada “Namunali kitob do‘koni” ko‘rik-tanloviga yakun yasaldi va ko‘rik-tanlov g‘oliblariga viloyat hokimining diplomi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Urganch shahridagi “Xorazm ma’rifati” xususiy korxonasiga qarashli “Ziyokor” kitob do‘koni I darajali diplom va kompyuter jamlanmasi, “Sharq ziyokori” mas’uliyati cheklangan jamiyat Xiva tumani filialining shu nomdagi kitob do‘koni II darajali diplom va televizor, Bog‘ot tumanidagi “Qutlimurod” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli “Kitoblar dunyosi” do‘koni III darajali diplom va televizor bilan taqdirlandi.

Mangulik jamoli

Ushbu tantanada o‘zbek adabiyotida munosib iz qoldirgan shoir, forsiyzabon tarjimon va Xorazm tarixi bilimdoni, olim Matnazar Abdulhakim xotirasiga bag‘ishlab “Mangulik jamoli” nomli yosh ijodkorlarning ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazildi. “Zamonaviy o‘zbek adabiyotining bilimdoni”, “Matnazar Abdulhakim she’rlarining ixlosmandi”, “Umidli iste’dod sohibi”, ”Eng mohir yosh tarjimon” yo‘nalishlari bo‘yicha maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida alohida-alohida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi bellashuvda Urganch tumanidagi 47– maktab o‘quvchisi Rahima Madaminova, Urganch shahridagi 21 maktab o‘quvchisi Gulhayo Ismoilova, Yangibozor tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi Shohida Yusupova, Bog‘ot tumanidagi 92-maktab o‘quvchisi Diana Abdullayeva g‘olib deb topildi.

Yana o‘qing:  “G‘uncha” bag‘ridagi shodon bolalar

Ushbu yo‘nalishlarda kollej talabalari orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda esa Urganch Ijtimoiy-iqtisodiy maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji talabasi Sevinchoy Sharipova, Xonqa kasb-hunar kolleji talabasi Farog‘at Quronboyeva, Xonqa Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji talabasi Marhabo Matchanova, Gurlan Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji talabasi Rayhon Yangiboyevalar g‘olib bo‘lishdi.

Oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda Urganch davlat universiteti talabalari Nazokat Narimonova, Saodat Sobirova, Kamola O‘rinova va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali talabasi Muyassar Razzoqberdiyevalar munosib o‘rinlarni egallashdi. G‘oliblar “faxriy yorliq”lar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

– Men tanlovning “Zamonaviy o‘zbek adabiyotining bilimdoni” yo‘nalishida qatnashib vohamizning sevimli ijodkorlari bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ushbu tanlovga tayyorgarlik ko‘rish davrida, ustozlarning savollariga javob berish jarayonida bilimimni yanada mustahkamlab oldim, – deydi Urganch shahridagi 21-maktab o‘quvchisi Gulhayo Ismoilova,

– Men tanlovning ”Eng mohir yosh tarjimon” yo‘nalishida badiiy tarjimalarim va texnik adabiyotga oid maqolalarning rus va ingliz tilidan o‘girilgan namunalari bilan qatnashdim. Hozirgi davrda axborot texnologiyalar juda tez sur’atlarda rivojlanib, yuksalib bormoqda. Shuning uchun bu sohaga kelajakda ham munosib hissa qo‘shish niyatidaman. Mukofot esa menga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlaydi, – dedi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali talabasi M. Razzoqberdiyeva.

Darhaqiqat, yosh iste’dodlarning ijod namunalari va chiqishlarini ko‘rib, adabiyot, ma’naviyat, qadriyat o‘lmasligiga, u yangi-yangi yosh iste’dodlarda qaytadan jamol ko‘rsatayotganiga xursand bo‘lasiz.

Yosh rassomlar ko‘rgazmasi

Bayram dasturi doirasida yosh iste’dodli rassomlarning ko‘rgazmasi hamda tanlovi tashkil etildi. Rasmlarda vohaning, qadimiy obidalari, milliy qadriyatlari, allomalarining siymolari, bugungi qaytadan bunyod etilayotgan viloyat manzaralari-ulug‘vor inshootlar, namunali uylar, so‘lim bog‘-rog‘lar ifodalangan edi. Bir so‘z bilan aytganda yoshlar ijodida qadimiy va navqiron Xorazm siyrati va suvrati namoyon bo‘lgan edi. Shu bilan birga o‘z navbatida bolalarning el-yurtga, milliy qadriyatlarga, tarixga bo‘lgan munosabati, muhabbati aks etgan edi.

Viloyat ixtisoslashgan san’at maktab-internati o‘quvchilari Lobar Otaboyeva, Shahnoza Zokirova, G‘ulomjon Saparboyev, Umrbek Solayev bellashuvning g‘olibi deb topildi.

– Maktab-internatimizga vohamizning barcha tumanlaridan kelgan yosh iste’dod sohiblari yig‘ilgan. Ular muassasamiz huzuridagi yotoqxonada yashab, bu maskanda ta’lim-tarbiya oladilar. Ularga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Eng asosiysi bu yerda ijodiy muhit mavjud. Ular bir-birlarining asarlarini ko‘rib, o‘zaro fikr almashib ijod qiladilar. Lekin har birining ijodi o‘ziga xos, – deydi maktab-internat direktori Quronboy Bekchanov.

Yana o‘qing:  Daxldorlik hissi

Faol yosh rassomlarga viloyat hokimligining “faxriy yorliq”lari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kitob – millatning bebaho durdonasi

Viloyat Axborot resurs markazida “Kitob bayrami”ning Xorazm viloyati tadbirlari doirasida “Kitob – millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Urganch davlat universiteti dotsenti, A.Ahmedov “Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, anjumanda UrDU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi A.O‘rozboyevning “Kitobning yoshlar tarbiyasidagi roli”, viloyat Axborot resurs markazi bo‘lim mudiri Z. Xo‘janiyozovaning tizimdagi yangilanishlarni qamrab olgan “Kutubxona – bebaho ma’naviy xazina”, “Xorazm” nashriyoti direktori B.Bekmetovning “Vohada chop qilinayotgan kitoblar mazmun-mundarijasi” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, bolalarning sevimli shoiri Ollabergan Po‘latovning “Qo‘shig‘imsiz bolalar”, “Gul shohida kapalak” kabi yangi kitoblarining taqdimoti ham ushbu tadbirlarga yanada fayz bag‘ishladi.

Tafakkur xazinasining kaliti

Viloyat Axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan “Kitob-tafakkur xazinasining kaliti” mavzusida vohada chop qilingan yangi kitoblar taqdimoti va yosh mualliflar bilan uchrashuv bayram tantanalariga yig‘ilgan yosh qalamkashlar, o‘qituvchi va talabalar uchun taassurotlarga boy bo‘ldi. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Jumaboy Rahimovning “Jaloliddin Manguberdining jahon tarixida tutgan o‘rni” nomli kitobining taqdimoti, voha qalamkashlarining yangi badiiy asarlari taqdimotlari o‘tkazildi. Tadbir so‘ngida viloyatning taniqli yozuvchi va shoirlari, yosh qalamkashlar ijodidan qizg‘in mushoira davom etdi.

Xullas, Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan kitob bayrami keng doirada qizg‘in va ko‘tarinki ruhda hamda qiziqarli o‘tkazildi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: