Inson tabiatning bir bo‘lagi

Shifokor huzuridan ayol tushkun kayfiyatda chiqdi. Hanuz qulog‘ida uning so‘zlari jaranglab turardi: “Sizning dardingizga davo yo‘q. Biz ojizmiz”.

Nahotki, nahotki, degan so‘zlar miyasida charx urgan ayol uyiga qanday yetib kelganini ham sezmay qoldi. U eshikdan kira solib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Tushkun o‘tayotgan kunlarning birida ruhshunos tavsiyasiga ko‘ra ayol uyida gul parvarish qila boshladi. So‘ngra, o‘simliklar haqida kitoblar o‘qidi, ma’lumotlar izladi. Barglar orasida ko‘z ochgan g‘unchalarni kuzata boshladi, turli-tuman ranglarda qiyg‘os ochilgan gullarni ko‘rganda esa bolalardek quvonib ketdi. U butkul ana shu yumushga sho‘ng‘idi. Oylar o‘tib, xonalarni to‘ldirib yuborgan gullarni qo‘ni-qo‘shnilarga ham hadya eta boshladi. Xullas, ana shu gullar tufayli ayol ko‘plab yangi suhbatdosh va do‘stlar orttirdi. Og‘ir darddan esa butkul forig‘ bo‘ldi…

Darhaqiqat, tabiat mislsiz shifokor ekani haqida tortishish noo‘rin. Unda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha omillar mavjud: quyosh, toza havo, suv, o‘simliklar uchun ozuqamanbai bo‘lmish tuproq, tirik organizmlarning fasllar almashinuvi, evrilishlari uchun moslashish usullari kabi. Shu ma’noda tabiatni sayyoramizga hayot baxsh etayotgan ulkan laboratoriyaga o‘xshatish mumkin. Bugungi kunda butun dunyo aholisi o‘rtasida ekologik madaniyat va ekologik tarbiyani oshirish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Boisi, yer kurrasi quyoshdan qulay uzoqlikda joylashgan yagona tirik “gul”, go‘yo. U bitta, boshqasi yo‘q. Ekologik tanazzulga ro‘baro‘ kelayotgan ona yerimizga munosabatni o‘zgartirish, “Tabiatga zarracha ziyon yetkazma!” aqidasi asosidagi yondashuvni insoniyat tafakkurida shakllantirish juda muhim. Shunday ekan ekologik tarbiya qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Bu borada eng optimal palla maktabgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ayni shu fursat boy berilmasligi o‘ta muhim.

Jahon hamjamiyatida bu borada alohida tajriba to‘plangan. Chunonchi, Yevropa mamlakatlarida ekologik ta’lim muassasalari tashkil etilgan bo‘lib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari amaliy mashg‘ulotlarga jalb etiladi va maktablar atrofidagi axlatlar yig‘iladi, chiqindilarni qayta ishlashga doir mavzularda to‘plangan turli ashyolardan o‘yinchoq yoki modellar yasaladi.

Masalan, Shvetsiyada “Mulle” deb ataladigan yashil maktablar bor. Mazkur ta’lim maskanlarida bolalar uch bosqichli jarayonda tabiatni o‘rganadilar, tajriba va kuzatishlar olib borishadi. O‘zini oqlagan bu ta’lim shakli hozirda Norvegiya, Yaponiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Rossiyada ham qo‘llanilmoqda.

Yana o‘qing:  Noan’anaviy dars

Yoki Yaponiya davlatini olaylik.

Tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish yaponlarda go‘dakligidan shakllantiriladi va umri davomida aholi uqtirilgan qoidalar asosida atrof-muhitga e’tiborli bo‘lishadi.

Shunday bo‘lsada, rivojlangan mamlakatlarga xos bo‘lgan maishiy chiqindi masalasi Yaponiyada ham keskin muammo bo‘lib turibdi. Endilikda Kunchiqar mamlakatda ularni qayta ishlash sanoati taraqqiy etib, bu borada o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Chunonchi, hozirda Yaponiyadagi jami qog‘ozning 50 foizi qayta ishlangan mahsulot sanaladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ta’limning boshlang‘ich bosqichida bolalarga Judi Fridman, Maura O’Konner dasturlari o‘qitiladi. Ushbu dasturlar yordamida jajji o‘quvchilar tabiat qo‘ynida turli tajribalarni amalga oshirib, atrof-muhitni kashf etib boradilar. Suv, havo, yer va tabiatni asrash yuzasidan nimalar qilish zarurligini o‘rganadilar. Birgina misol, Judi Fridman dasturi qahramoni “quvnoq baqaloq” Jilli Jem kichkintoylarga tez yuvinib, shu yo‘l bilan suvni tejash, buning uchun dush qabul qilayotganda qisqa qo‘shiq kuylash kerakligini o‘rgatadi. So‘ngra bu yo‘l bilan necha litr suvni iqtisod qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

Xalqimizda ham, azal-azaldan milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya usuli mavjud. U insonning ham botinan, ham zohiran kamol topishiga, shu o‘rinda, tabiatga nisbatan munosabatini ham o‘z ichiga olgan. Tiynatimizdagi o‘ziga xoslikni ta’minlaydigan yaxlit o‘zak, ya’ni milliy qadriyatlarga bepisandlik oqibatida oramizda tirik borliqqa nisbatan manqurtlarcha yondashuvchi, o‘zi ichadigan suvga chiqindi tashlab, nonni axlatga tashlaydiganlar paydo bo‘ldi. Vaholanki, ajdodlar o‘gitida tabiat farzandlari – jonivorlarga ozor berish katta gunoh ekani, turar joyni pok saqlash va suvni bulg‘amaslik insoniylikning oliy ko‘rinishi ekani zikr qilingan.

Tasavvur qiling, farzandingizni ilk bor o‘rmonga yoki tabiat qo‘yniga olib bordingiz. Uning ko‘z o‘ngida tamoman o‘zga olam namoyon bo‘ladi. Tabiat go‘shasida kichkintoyning borliqni idrok etadigan barcha sezgi hissiyotlari junbushga keladi. Turli giyoh, o‘t-o‘lanlar, gullar, o‘simlik va daraxtlarning anvoyi iforlari, tabiat farzandlari bo‘lgan hayvonlar, qushlarning ovozlari, turfa ranglarni aytmaysizmi, barchasi bola ongiga chuqur muhrlanadi. Aynan shu yerning o‘zida bolalarga mitti jonivorlar, kapalak, chumolilarning harakatini ko‘rsatish, kuzatish, ularning hayot tarzini tushuntirish, tabiat, o‘rmon hayoti qat’iy qonuniyatlar asosida bardavom bo‘lib, u tirik ekanini qiziqarli tarzda so‘zlab berish juda muhim. Bunday farahbaxsh go‘shalarda inson gulxan yoqib, cho‘g‘ni o‘chirmasdan ketishi, o‘zidan keyin chiqindilarni qoldirishi gunohga teng ekani va jinoyatligini tushuntirish maqsadga muvofiqdir. Shu tariqa bolada ekologik tarbiya shakllanib boradi. Aytmoqchimizki, ular bilan manzarali oshyonlarga chiqish oddiy sayr bo‘lib qolmasligi kerak. Boz ustiga, oilaviy ekskursiya vaqtidagi topilmalar, ya’ni tabiiy mahsulotlar – sabzavot, mevalar, urug‘lar, gullar, toshlar, qurigan yaproqlardan uyda birgalikda tasviriy asarlar yaratish naqadar maroqli. Ular turli xil applikatsiya, rasm yoki buyumlar bo‘lishi mumkin. Bunday tadqiqotni oddiy tomorqada ham amalga oshirishning imkoni bor. Otasining yonida kuymalanayotgan bolajonga tomorqa burchagida bir parcha yer ajratib berilsa, u ham turli savzavotlarning urug‘larini o‘zi ekib, o‘stirsa, kuzatib, hosilidan kattalarni bahramand etsa, yosh tadqiqotchi qalbida qanday yaxshi fazilatlar ildiz otishini bir o‘ylab ko‘ring-a. Agar uning ekkan “arzandalari” haqidagi kuzatishlari qayd etib boriladigan kundalik tutilsa, har bir jarayon natijasi yozib borilsa-ku, bu uni intizom va sabrga o‘rgatardi.

Yana o‘qing:  Urganch manzaralari: kecha va bugun

Yosh avlodga ona tabiatni sevish, ardoqlash fazilati nechog‘li chuqur singdirilsa, pirovardida ularning qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat hissi ulg‘ayib boradi.

Feruza AKRAMXODJAYEVA,

O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi katta ilmiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: