Ilmning nurafshon yo‘li

Bolalikdagi orzularim vaqti kelib ro‘yobga chiqishiga astoydil ishonganman. Bu ishonch va qat’iyatni menga ota-onam o‘rgatishgan. Zero, oilamizning asosini mehr-muhabbat, qo‘llab-quvatlash hamda rag‘batlantirish, ulkan orzularni qo‘rqmay tuzish va buyuk maqsadlar sari odimlash kabi fazilatlar tashkil etadi. Dadam Shavkat Ayupov matematika yo‘nalishida akademik olim sanaladi. Onam Faxriya Ayupova tibbiyot fanlari doktori. Xullas, ilm yo‘lini tutgan mo‘jaz oila.

Ota-onamning vaqti qancha tig‘iz bo‘lmasin, bizga hamisha vaqt topadi. Rejalarimiz va maqsadlarimizni tinglashar, ulkan orzularimiz sari rag‘batlantirib borishar, kerakli maslahatlarini sira ayashmasdi. Shu muhitda uch o‘g‘il va bir qiz ulg‘aydik, kamol topdik va har birimiz ota-onamiz kabi ilm yo‘lini tanladik. Men onam kabi tibbiyot yo‘nalishida izlanish olib borishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Bu yo‘lda izlandim va o‘rgandim. 2008 yilda chet tillari bo‘yicha respublika fan olimpiadasida g‘olib bo‘ldim. Bu muvaffaqiyatga erishishimda ustozim Vali Majidovning o‘rni beqiyos. Ilm olishimda va chet tillarini o‘rganishimda u kishining ko‘plab xizmati singan.

2011 yilda xalqaro “Erasmus Mundus” dasturi bo‘yicha Shvetsiya­dagi Uppsala universitetida malaka oshirib qaytdim. Ayni damda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida “Bolalar nevrologiyasi” mutaxassisligida tahsil olayapman. Kasbimning o‘ziga xos mas’uliyati va salmog‘i bor. Har daqiqa soha yangilik va kashfiyotlar bilan boyib bormoqda. Shifokorning esa bu yangiliklardan boxabar bo‘lishi va ularni o‘rganishi o‘z mehnat faoliyatiga tatbiq eta olishi muhim masalalardandir. Ana shundagina uning tajribasi, bilim va ko‘nikmalari ortadi. Ustozim, Yevropa Nevrologlar assotsiatsiyasi a’zosi Yoqutxon Majidovaning ko‘magi bilan tayyorlagan va respublikamiz hamda xalqaro miqyosidagi ilmiy jurnal va to‘p­lamlarda nashr etilgan qator ilmiy maqolalarim va tezislarim ana shu izlanishlarimning samarasi deb bilaman.

Turmushga chiqib farzandli bo‘lganimdan so‘ng endi bu qizning izlanishlari bir muncha susayadi deganlar ham uchradi. Ammo qaynona va qaynotam, turmush o‘rtog‘im ro‘zg‘or yumushlari va bola tarbiyasida yaqin ko‘makdosh bo‘ldi. Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasini olishimda ham ularning qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyat kasb etadi. Ing­liz, fransuz va grek tillarini chuqur o‘rgandim. Shuningdek, shu yili Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot mutaxassisliklari bo‘yicha Prezident stipendiati bo‘ldim. Joriy yilning dekabr oyida Italiya davlatining Milan shahrida bo‘lib o‘tgan tibbiyotchilar kongressida Parkinsonizm mavzusi bo‘yicha ma’ruza bilan ishtirok etdim. Kelajakda Koreya Respublikasida ta’limning keyingi bosqichini davom ettirish niyatim bor. Olgan ilm va tajribalarimni ustozimga o‘xshab shogirdlarimga o‘rgatsam deyman.

Yana o‘qing:  Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari

Erishgan yutuqlarim borasida so‘z aytsam doimo ko‘z oldimga tinch va farovon, har bir farzandining ta’lim olishi va o‘z ustida izlanishiga zamin yaratib bergan osoyishta Vatanim keladi. Zero, bu muvaffaqiyatimning boshida yurtim, g‘amxo‘r Yurtboshimiz turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi tantanasida Prezidentimizning so‘zlagan nutqlarini oilamiz bilan jon qulog‘imiz bilan tingladik. Ularning purma’no so‘zlarida fidoyilik, kuyunchaklik hamda ertangi kunning istiqboliga bo‘lgan yuksak ishonch mujassam. 2016–yilni Sog‘lom ona va bola yili deya e’lon qilinishi esa yurtdoshlarimizga o‘ziga xos ko‘tarinki kayfiyat baxshida etdi. Jumladan menga ham. Zero, tanlagan kasbim kelajak avlod salomatligi borasida o‘ziga xos mas’uliyat talab etadi.

Dilorom AYUPOVA,

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot mutaxassisliklari bo‘yicha Prezident stipendiati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: