QAHRAMON ONANING QUVONCHI CHEKSIZ

Yangi yil ayyomi Xiva shahridagi “Mehribonlik” uyi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari uchun qo‘sha-qo‘sha quvonchlar olib keldi. Mehr maskani rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Vera Borisovna Pak bu gal nafaqat bayram qutlovlarini, balki kelin salomlarini ham qabul qilib oldi. Bu yerda tarbiyalanib, katta hayotga yo‘llanma olgan Amirbek, Umarbek, Xushnudbeklarning hayot yo‘ldoshlari –Sultonposhsha, Maftunaxon, Dilbarxonlaring nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu baxt kechasiga mehr maskanida tarbiya topayotgan o‘n uch nafar o‘g‘il-qizning muchal to‘ylari ham nikoh kechasiga, yangi yil shodiyonalariga ulanib ketdi.

Yoshlarning unutilmas onlarini munosib nishonlash uchun Urganchdagi “Al’biazim” korxonasi homiyligida to‘y dasturxoni yozildi. Chor-atrof bayramona bezatildi. Xiva tumani hokimi D. Allaquliyev baxtli onlarning sohiblarini samimiy muborakbod etib, ezgu-istaklar bildirdi. Ustoz pedagog, O‘zbekiston Qahramoni Anora Mahmudova yangi hayotga, baxt ostonasiga qadam qo‘yayotgan kelin-kuyovlarni tabrikladi. Buyuk mamlakatimizga munosib farzandlar va namunali oila bo‘lishga chorladi.

“Mehribonlik” uyi direktori, O‘zbekiston Qahramoni V.Pak yoshlarning boshini qovushtirib, savob ishga bosh qo‘shgan mehri daryo insonlarga, homiy tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Onaxon davra to‘rida yal-yal yashnab, ona yurtga, ustozlarga ta’zim qilayotgan farzandlariga qarata: – “Hayot yo‘llaringizda, Sizlarga oq yo‘l tilayman, aziz o‘g‘illarim, qizlarim! Sizlarning boshingizni silagan, gullab-yashnayotgan yurtimizga gujumdek soya, uzumdek meva bergaysizlar!” – dedi tabrik so‘zida ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan.

Bu barcha-barchaning ayni paytdagi dil izhorlari bo‘ldi. Beixtiyor mamlakatimiz Prezidentining quyidagi so‘zlarini esladik: “Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak”. Darhaqiqat, ezgu ishlar bilan boshlangan yil qutlug‘ kelgusidir!

Sh.MAShARIPOVA,

Xorazm viloyati

Яна ўқинг:  Юксак чўққилар сари...

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: