HISOR SINOATI

Yurtimizning betakror, turfa tabiatini oynai jahon orqali ko‘p bora tomosha qilganmiz. Tabiatning bunday benazir va go‘zalligi kishiga hamisha hayrat va zavq bag‘ishlaydi. Har gal olis manzillarning nabotot va hayvonot olamini kuzatayotganimizda beixtiyor tabiatning go‘zalligiga tahsinlar aytamiz.

Markaziy Osiyodagi eng yirik qo‘riqxonalardan biri bo‘lgan, kengliklari 81 ming gektarga yaqinroq maydonni egallab, Hisor tog‘ tizmalarining shimoli-sharqiy tomonida, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Qamashi, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarining tog‘li qismida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasi ana shunday go‘zal manzillardan biridir. U nafaqat O‘zbekistonning, balki Markaziy Osiyoning durdonasi hamdir. Yashil archazor, butasimon o‘rmonlar, sarhadi ko‘rinmas yaylovlar, daryolar va ko‘llar, botqoqliklaru muzliklar hamda qoya va jarliklardan iborat bu yer nabotot va hayvonot olamining rivojlanishi va ko‘payishida qulay sharoit hisoblanadi. Qo‘riqxona tabiatining mo‘tadil bo‘lishida undagi mavjud daryo va ko‘llarning ahamiyati beqiyosdir. Bir qator daryolarning boshlanishi aynan shu qo‘riqxona hududiga to‘g‘ri keladi. Ularning orasida Oqsuv, Tanxozdaryo va Qizildaryo alohida ahamiyatlidir. Ana shu uchlikning Shahrisabz tumanida birlashishi natijasida Qashqadaryo daryosi hosil bo‘ladi. Qo‘riqxonaning benazir yodgorligi, balandligi 84 metrdan iborat Suvtushar sharsharasi aynan shu daryolarning yuqoridan pastga qarab oqishi natijasidir.

Qo‘riqxona bilan yaqindan tanishar ekansiz, uning tarixiy-geografik nuqtalaridan yana biri bu dengiz sathidan 2750 metr balandlikda joylashgan, chuqurligi jihatdan Markaziy Osiyoda eng uzun bo‘lgan Amir Temur g‘oridir. Olimlarning tekshiruvi natijasida g‘or ichidan tosh davriga oid qurollar va hayvonlarning suyak qoldiqlari topilgan. Rivoyatlarga ko‘ra buyuk sohibqiron Amir Temur o‘zining otliq lashkarlari bilan ushbu g‘orda bir muddat dushmanlari xavfidan saqlangan va yaqin atroflardagi qishloqlardan qo‘shin to‘plab, Kesh hukmronligini qo‘lga kiritishda foydalangan. Shu bois ushbu g‘or buyuk sarkarda nomi bilan atala boshlangan. Kuzatishlarga qaraganda g‘orning uzunligi g‘arbdan sharqqa tomon 870 metr, kengligi esa 7-10 va ba’zi joylari 100 metrga yetadi. Bu yer osti yo‘lining qimmatli tomoni shuki, g‘orning tugash qismida diametri 50-60 metr, chuqurligi 4-5 metr bo‘lgan mamlakatimizdagi eng katta yer osti ko‘li mavjud. Amir Temur g‘orining janubiy tomonida Qal’ai sheron soyining Qizil Shivar kengligida Chilsim g‘ori bor. Ushbu g‘orning yaqin atroflarida diametri 3-5 metr, chuqurligi 30 metrdan 200 metrgacha yetadigan 100 dan oshiq yer g‘ovaklari mavjud bo‘lib, ilmiy jihatdan deyarli o‘rganilmagan. Bundan tashqari qo‘riqxona hududida ilmiy o‘rganilishini kutayotgan G‘o‘l g‘ori, Mansurning g‘ori, O‘g‘rining zindoni kabi g‘orlar ham talaygina.

Yana o‘qing:  Mehnatning bahosi qadr, mukofoti ishonch va rag‘bat

Qor qoploni Hisor tog‘ining tumoridir.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasidagi hayvonot olami ham tabiati kabi turfa va maftunkor. Bu yerda umurtqasiz hayvonlarning 950 dan va sut emizuvchi xayvonlarning 30 dan ortiq turlari uchraydi. O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan “Katta takaburun” ko‘rshapalagi, O‘rta Osiyo qunduzi, Turkiston silovsini, Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘i, bundan tashqari yer yuzida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan Kichik takaburun ko‘rshapalagi, qizil sug‘ur, o‘rmon olmaxoni, qor qoploni qo‘riqxona iftixori hisoblanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda bugungi kunda tabiatning noyob jonzotiga aylanib borayotgan qor qoplonlarining soni 4500-7000 bosh atrofida ekanligi taxmin qilinmoqda. Tabiatning arzandasi bo‘lib borayotgan bu qor qoplonlar Xitoy, Nepal, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Afg‘oniston va Butan kabi mamlakatlar hududlarida uchraydi. O‘zbekiston hududining Jizzax viloyatidagi “Zomin”, Toshkent viloyatidagi “Chotqol” hududlarida uchratilgani kabi “Hisor” davlat qo‘riqxonalarida ham ana shunday noyob jonzotlar mavjud.

– Qo‘riqxona hududidagi qor qoplonlarining sonini aniqlash va ularning turmush tarzini o‘rganish maqsadida o‘tgan yilning noyabr va dekabr oylarida “Yovvoyi tabiatni asrash xalqaro fondi” (WWF) va “Xalqaro Pantera” jamg‘armasi” vakillari bilan Hisor davlat qo‘riqxonasi xodimlari hamkorligida qo‘riqxonaning Qizilsuv bo‘limi Qizildaryo daryo o‘zani bo‘ylab har qanday sharpani sezib, avtomatik tarzda ishlovchi 40 dona “Pantera” rusumidagi fotoqopqonlar o‘rnatib chiqildi, – deydi qo‘riqxona direktori Ziyod Ochilov qo‘riqxona sharoiti bilan tanishtirar ekan.Fotoqopqonlar yig‘ishtirib olinib ular olgan suratlar o‘rganilganda natija kutilganidan ham a’lo bo‘lib chiqdi. Qizil kitobga kiritilgan Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini, Turkiston silovsinini, O‘rta Osiyo qunduzini, qor qoplonining asosiy ozuqasi bo‘lmish yovvoyi to‘ng‘izni va Sibir tog‘ echkilarining 200 dan ortig‘ining, shuningdek, O‘zbekiston tarixida ilk bor ikki dona qor qoplonining ham suratini olishga muvaffaq bo‘lindi. Bu gal mazkur tadbirlar hududi kengaytirilib qo‘riqxonaning Qizilsuv, Tanxozdaryo va Miraki bo‘limlari hududlaridagi fauna vakillarining ko‘p uchraydigan qir va tog‘ yon bag‘irlarida, soylar va daralarda, hamda ularning o‘tib-qaytish ehtimoli ko‘p bo‘lgan yo‘lakchalarda foto va videoqopqonlar o‘rnatildi. O‘tkazilgan tadbir natijasida qo‘riqxona hududida uch juft, ya’ni olti bosh qor qoplonlari suratga olinib, ularning asosiy ozuqa manbalari qo‘riqxona hududida yetarli darajadaligi ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda yer yuzida qor qoplonlari yashaydigan maydonlarning (areallarning) yildan yilga qisqarib ketayotganligi, noqonuniy ovlanishi va ularning asosiy ozuqa manbai hisoblangan tog‘ echkilari, to‘ng‘iz, sug‘ur va hilol kakliklarining sonini kamayib borayotganligi bois qor qoplonlarining soni yildan-yilga kamayib ketayotgan bir davrda O‘zbekistonda qor qoplonlari va ularning asosiy ozuqa manbai bo‘lgan hayvon turlarini saqlab qolish bo‘yicha e’tiborli ishlar amalga oshirilayotganligi jahon qoplonshunos olimlari tomonidan ta’kidlanib, “Yovvoyi tabiatni asrash xalqaro fondi” (WWF) internet saytlarida alohida e’tirof etildi.

Yana o‘qing:  Istiqlolning istiqbolli farzandi

Hozirgi kunga kelib qo‘riqxona hududidagi qor qoplonlarining soni 20-25 boshga yetib ko‘payganligi mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘tgan davr mobaynida tabiatda yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob flora va fauna turlarini saqlab qolish davlatimiz siyosatining eng dolzarb sohalaridan biriga aylanganligidan va bu borada juda ko‘plab e’tiborli ishlar amalga oshirib kelinayotganligidan dalolat beradi.

Avvallari chorva boqish, dehqonchilik, noqonuniy ov qilish va o‘simliklarni terish tabiiy ekotizimlarga mislsiz salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, “Muhofaza etiladigan hududlar” to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi, “O‘zbekiston Bioxilma-xilligini saqlab qolish strategiyasi”, “O‘zbekistonda qor qoplonlarini saqlab qolish strategiyasi va harakat rejasi” ishlab chiqilishi mazkur vohaning tabiiy ekotizimi tiklanib borishiga dasturilamal bo‘ldi.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasi o‘ziga xos ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritayotgan xodimlari tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini amaliyotga tatbiq qilish, aholi o‘rtasida ekologik ta’lim-tarbiya va targ‘ibot ishlarini olib borish yuzasidan bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda yurtimizning o‘ziga xos go‘shasida biologik xilma-xillikni saqlab qolish borasida barcha birdek mas’ul bo‘lishi lozim.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: