Harakat majburiyati va madaniyati

Har tong uyqudan uyg‘onib, yuz-qo‘limizni yuvib, yaqinlarimizga salom beramiz. Nonushta qilib bo‘lgach, oynaga qarab, ish, o‘qishga otlanamiz. Hammasini risoladagidek, ketma-ketlikda bajaramiz. Ammo ostonadan hatlab o‘tishimiz bilan bu tartib negadir uy ichida qolib ketadi. Aslida, ana shunday yozilmagan qonunlar hayot mezonini belgilab beradi. Soniyalar taqdirimizni hal etadi. Kunora quloqqa chalinayotgan noxush yo‘l harakati hodisalari nafaqat yozilmagan, balki yozilgan qonunlarga ham rioya etmayotganimiz oqibatida yuzaga kelmoqda.

Har birimiz piyoda, yo‘lovchi yoki haydovchi sifatida yo‘l harakati ishtirokchilarimiz. Har kim yo‘lda xavfsiz harakatlanishni xohlaydi va shuning uchun yo‘l harakati qoidalari joriy etilgan. Qoidabuzarga jazo tayinlanib, shu yo‘l bilan tartib saqlanishi belgilangan.

Afsuski, olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim yurtdoshlarimiz yo‘llarda harakatlanish madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratmayapti.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 30 iyuldan 5 avgustgacha respublikamiz avtomobil yo‘llarida jami 160 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilganini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, ushbu hodisalarda 44 nafar fuqaro halok bo‘lib, 142 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Qoidalarni pisand qilmaslik natijasida, kimdir beva, kimdir yetim qoldi, yana kimdir suyanchig‘idan ayrildi!

 

Elektron planshetlar dasturi yaratilmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra bugungi kunda yo‘l harakati hodisalarining 54,5 foizi piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda. Bunga asosan ularning svetofor ishoralariga, yo‘l belgilariga, yo‘l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo‘lning piyodalar uchun taqiqlangan qatnov qismida bo‘lishi, harakat vaqtida telefondan foydalanishi sabab bo‘lmoqda.

Yo‘ldagi falokatlar asosan 19: 00 va 21: 00 oralig‘ida sodir bo‘ladi. Bu vaqtda qorong‘u tushishi haydovchining ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu sabab u to‘satdan paydo bo‘lgan piyodani, chetroqdagi yo‘l belgilarini ilg‘amay qoladi. Buni hisobga olgan holda ayni shu vaqtlarda piyodalardan yanada hushyorlik talab etiladi. Yo‘l harakati hodisalari tafsiloti o‘rganilganda piyodaning mobil telefonidan foydalanib ketayotgani, belgilangan maxsus o‘tish joylaridan o‘tmagani va boshqa shu kabi ehtiyotsizliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlanadi. Bu kabi holatlarda yo‘l-transport hodisasi yuz bersa, mas’uliyat baribir haydovchining zimmasiga yuklanadi.

Shu bois, yurtimizda elektron planshetlar dasturi yaratilmoqda. Unga ko‘ra yo‘l harakati xavfsizligi xodimi qoidani buzgan piyodaning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda planshet yordamida uning yuzini suratga tushiradi va tezda shaxsini aniqlaydi. Qoidani buzganlik darajasiga qarab, uy manziliga jarima qog‘ozi yuboriladi. Mazkur planshetlar joriy yilning oxirigacha amaliyotga joriy etiladi.

Yana o‘qing:  Yorug‘ kunlar saodati

 

Maktab atrofida YPX

 

– Yaqinda juda ayanchli voqea sodir bo‘ldi, – deydi Respublika Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmat rahbari Akmal Yunusov. – Samarqand viloyatining Jomboy tumanida taksi haydovchisi ikki yoshli bolani o‘z avtomobilida urib yuboradi. Bola voqea joyida vafot etdi. Men bu ko‘ngilsiz hodisaga haydovchidan tashqari, bolaning ota-onasini ham aybdor qilgan bo‘lardim. Chunki ular farzandini qarovsiz qoldirmaganda edi, bu voqea butunlay sodir bo‘lmasdi.

Hozirda yo‘llarimizda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida nazoratni yanada kuchaytiryapmiz. Yo‘llardagi kamera va radarlar sonini oshiryapmiz. Sababi yuqoridagi kabi fojialarga asosan tezlikni me’yordan oshirish sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, respublikamizdagi barcha yo‘l belgilarini nur qaytaruvchi belgilarga almashtiramiz. Uning xususiyati shundaki, bu belgilar kechasi nur taratadi va avtomashina haydovchilari qorong‘uda ham ularni bemalol ko‘ra olishadi. Shuningdek, piyodalar o‘tish yo‘llariga maxsus bo‘yoq suriladi. Uning tarkibidagi moddalar mashina chiroqlarida uzoqdan yorug‘lik taratadi va haydovchiga piyodalar yo‘lagiga yaqinlashayotganidan darak beradi. Mazkur tarbirlarni amalga oshirish allaqachon boshlab yuborilgan. 2022 yilgacha yurtimizning barcha hududlaridagi yo‘l belgilari va chiziqlari yangi ko‘rinishda bo‘ladi.

Shuningdek, hozirda maktab atroflariga yo‘l harakati nazoratchilarini joylashtirish ishlarini olib boryapmiz. Dars boshlanishi va darsdan so‘ng nazoratchilar maktab atrofida o‘z vazifasiga kirishadi. Ular hududga mashinalarning kirishini, harakatlanishini nazorat qiladi. Hatto, ota-onalarning avtoulovi ham belgilangan chiziqdan o‘tmaydi. Bu bilan bolalar maktab atrofida xavfsiz harakatlanadi.

 

Madaniyatni madaniyatsizdan o‘rgan

Tasavvur qiling, siz mashinangizda qizilchiroqda to‘xtab turibsiz. Chap yoningizdagi oldinroqda turgan mashina siz harakatlanayotgan yo‘lga o‘tish uchun ishora beryapti. Bunday vaziyatda unga yo‘l berishingiz sizning madaniyatli inson ekaningizni bildiradi. Qolaversa, chirog‘i yonib-o‘chayotgan mashina sizdan oldinda bo‘lgani sabab, o‘tishga haqliroq sanaladi Agar bu holatda siz unga yo‘l berishni istamay, haraktni tezlashtirsangiz, soniyalar ichida uch narsangizdan ayrilishingiz mumkin: sog‘lik, boylik, hayot…

Sog‘lik – qo‘lingizni pichoqda jarohatlab olsangiz, o‘rni bitgunicha haftalar kerak bo‘ladi. Yo‘l-transport hodisasida orttirilgan jarohat esa oylab, yillab davolanadi. Bundan tashqari uning bir umrga tatigulik asorati qolishi ham mumkin.

Boylik – siz o‘zingizni va “urgan” mashingangizning ta’mir xarajatlarini ko‘tarishga majbursiz. O‘zingiz va yana bir haydovchining davolanishi uchun kerak bo‘ladigan dori-darmonlarni falon so‘mga olib berasiz.

Yana o‘qing:  Oltin me’yor qoidasi

Hayot – siz muhim hisoblamagan yo‘l madaniyatining achchiq xotimasi.

Shunday ekan har birimiz o‘z majburiyatimizni to‘la his etgan holda yo‘llarda madaniyatli yo‘lovchi va haydovchi sifatida harakatlanaylik!

 

Dildora FAYZIYEVA

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: