Yorug‘ kunlar saodati
Qiz bolalarni ommaviy sportga jalb etish borasidagi ko‘rsatgichlar 2005-yilda 24 foizni, jumladan, qishloq joylarda 22 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kungi kelib ularning 47 foizi, qishloq joylarda esa 44, 7 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
…Gavhar opaning ikki farzandidan so‘ng ko‘rgan bolalari go‘dakligida birin-ketin vafot etdi. Navbatdagi chaqaloq tug‘ilganida qaynonasi bilan maslahatlashib, qizaloqqa Turdixon deb ism qo‘yishdi. Go‘dakni ehtiyotlab, avaylab, mehr bilan parvarishlashdi. Shunga qaramay, qizaloq tez-tez kasal bo‘lar edi. Gavhar opaning dadasi: “Qizingizni biron sport turiga bering.
Salomatligi tiklanadi”, deb qayta-qayta ta’kidlar edi…
2006-yil. Televizor orqali yirik sport tadbirini tomosha qilish paytida 5 yoshli Turdixon sport gimnastikasi bo‘yicha qizlarning dastur ijrochiligini ko‘rib, shu sport turiga qiziqib qoldi. Ota-ona maslahatlashib, farzandini uyi yaqinida joylashgan sport maktabidagi sport gimnastikasi bo‘yicha seksiyaga olib borishdi. Turdixon ushbu sport turi bilan jiddiy mashq qilishni boshlab yubordi. Asta-sekin natijalar ham qo‘lga kiritila boshlandi. Bir yildan so‘ng Farg‘onadagi respublika turnirida u ikkinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘istonda o‘tkazilgan chempionatda ham sovrindorlar safidan joy oldi. Sakkiz yoshida kattalar o‘rtasidagi ikkinchi toifada Respublika chempioni bo‘ldi. Murabbiyi Irina Karimjonova qoramag‘izgina, qotmadan kelgan, intiluvchan va mehnatkash qizning qobiliyatini tezda payqadi. Mashg‘ulotlarda unga juda katta talablar qo‘ysa-da, qobiliyatli shogirdidan umidi katta edi. Turdixonning natijalari yil sayin yaxshilandi. U 2011–2014-yillar oralig‘ida Germaniya va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2014-yili yurtimiz mezbonlik qilgan sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionatida Turdixon mintaqadagi yetakchi sportchilar qatorida shohsupaga ko‘tarilib, madhiyamiz yangrab, yurtimiz bayrog‘i yuqoriga ko‘tarilganda ko‘zlariga yosh qalqidi. Uni minbardan kuzatayotgan onasi Gavhar opa bilan otasi Ma’ruf akaning ko‘nglidan o‘tganlarini esa so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Qizlari uchun faxr-iftixor, yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijobiy ishlardan shukronalik hissi bu ota-onani nihoyatda baxtiyor qildi…
Bu – biron kinofilm uchun atayin yozilgan ssenariy yoki maqola uchun tayyorlangan material emas. Uning qahramonlari ham, ularning ismlari ham haqiqiy. Voqealari ham hayotiy. Bu – sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempioni Turdixon Islomova haqidagi samimiy hikoyaning debochasi…
2016-yil boshida Turdixon Islomova Rossiya hamda Latviyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda odatdagidek g‘olib bo‘lib qaytdi. Bugungi kunda u sport gimnastikasi bo‘yicha terma jamoaning yetakchi atleti. O‘n besh yoshli bu qizchaga kattalar umid bilan, yosh bolalar havas bilan qarashadi. Murabbiyi Irina Karimjonova uning mehnatkashligi, sabr-toqati, tartibli va intiluvchanligini yuqori baholaydi. To‘g‘rirog‘i, shogirdining bu fazilatlarini, faqat bizga, jurnalistlarga aytadi. Sport zalida esa unga nihoyatda katta talablar qo‘yib, sport ustalari o‘rtasida musobaqalarga chiqishi uchun tayyorlaydi.
10 sm qalinlikdagi yerdan 125 santimetr balandlikda joylashgan sport anjomida mohirona element bajarish uchun gimnastikachi yillar davomida tinmay mashq qilishi kerak. Mag‘lubiyatli damlarida esa o‘rnidan turishga kuch topib, tanlagan yo‘lidan davom etish uchun iroda va sabr-toqat talab etiladi. Turdixonning sportchi sifatidagi o‘ziga xos xususiyatlari, gimnastika bo‘yicha talab etiladigan qobiliyati borasida murabbiyi Irina Karimjonovadan so‘radik:
– Bilasizmi, tayanib sakrash bo‘yicha yuqori natijalarga erishish uchun atletning tug‘ma jismoniy qobiliyati bo‘lishi zarur. Bunday iste’dodi bo‘lmaganlar xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erisha olmaydilar. 10 sm qalinlikdagi g‘o‘la(brevno) anjomida yaxshi chiqish qilish uchun esa avvalambor sportchi mehnatkash bo‘lishi kerak. Aynan shunday xususiyati bo‘lgani uchun Turdixon bu anjomda yuqori ko‘rsatkichlarga erishmoqda. Mashg‘ulotlarda barcha ko‘rsatmalarimni bajaradi. Maromiga yetkazib ijro qilmagunicha mashq qilishni tugatmaydi.
Shogirdim bolaligidan tartib intizomli, irodasi kuchli bo‘lgan. Mana bir necha yildirki, u bilan birgamiz. Turdixon xuddi o‘z qizimdek bo‘lib qolgan.
Sportchi yuqori natijalarga erishishi uchun murabbiyini tushunadigan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan oilasining bo‘lishi ham nihoyatda muhim. Bu borada Turdixonning ota-onasi hammaga o‘rnak bo‘la oladi. Bunday ahil, farzandiga mehr-muhabbatli oilani barchaga o‘rnak qilsa arziydi.
Bugungi kunda Turdixonning natijalariga havas qilib, uning ukasi Xumoyun ham sport gimnastikasi bilan shug‘ullanmoqda. Gavhar opa avvaliga qizini, keyinchalik o‘g‘lini ham sport zaliga yetaklab bordi. Hozirda ona ikkala farzandining ham yutuqlaridan xursand.
– Turdixonning xalqaro musobaqalardan doim medallar bilan kelishiga o‘rganib qolganmiz, – deydi Gavhar opa. – Qizimning har bir g‘alabasi meni baxtiyor qiladi. Turdixon sport bilan shug‘ullanib, salomatligini tiklash barobarida, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham shakllandi.
Qizlar – bo‘lajak onalar. Shuning uchun ularning salomatligini bolaligidan asrab-avaylash lozim. Bugungi kunda kasallikni davolagandan ko‘ra uni oldini olish afzalligini shifokorlar ta’kidlashadi. Kasalliklarning oldini olishda esa sportga yetadigani bo‘lmasa kerak.
Gavhar opa bilan suhbatimiz chog‘ida qizining har bir medalini qo‘lga olganida ko‘zlarida faxr-iftixor tuyg‘usi aks etganini ko‘rdik. Samimiy, kamtar bu onaning mehru muhabbati qizini shohsupa sari yo‘lning qiyinchiliklariga bardoshli bo‘lishida yordam bergan bo‘lsa, ajab emas. Turdixonning o‘zini ham suhbatga tortib, uning eng katta orzusi haqida so‘radik.
– Kelajakda Olimpiada chempioni bo‘lishni orzu qilaman. Afsonaviy sportchi Oksana Chusovitinaga havasim keladi. Kelajakda xuddi unga o‘xshab dunyo sporti tarixida munosib iz qoldirmoqchiman.
Samimiy, sodda, kamtar va kamgap Turdixonni kelajakda yanada katta zafarlarga erishishiga ishonamiz… Shunday qizni tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan onasiga havasimiz keladi. Qobiliyatli shogirdiga saboq berayotgan murabbiyiga kuch-quvvat, sabr-toqat tilab qolamiz. Yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, jumladan, xotin-qizlarni sportga jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar natijasini ko‘rib, shukr qilamiz. Shu yurtda, tinch-osuda hayot kechirib, farzandalarimiz kamolini ko‘rayotganimizdan nihoyatda baxtiyor bo‘lamiz…
Yulduz ORTIQOVA